Jamiyat | 14:22 / 08.01.2024
20458
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Paynet shoxobchalarida plastik kartasiga pul tushirtirib, qochib ketishni odat qilgan shaxs ushlandi

Ushbu shaxsdan jabr ko‘rganlardan Toshkent shahar IIBBga murojaat qilish so‘raladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Paynet shoxobchasida plastik kartaga pul tushirib, lekin naqd pulni bermasdan qochib ketayotgan shaxsning videolari tarqalib turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida quyidagilar aniqlandi. 

Joriy yilning 3 yanvar kuni 1993 yilda tug‘ilgan Xusanov Kamron Xisrav o‘g‘li Olmazor tumanidagi Paynet shoxobchasiga kirib, plastik kartasiga 682 000 so‘m miqdoridagi pulni o‘tkazishni so‘ragan. Aytilgan pul miqdori plastik kartasiga tushirilgandan so‘ng, K.Xusanov naqd pulni to‘lamasdan shoxobchadan qochib ketgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda u boshqa bir shoxbochada ham shu harakatini sodir etgani yoki shunga uringani aks etgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi («Talonchilik») alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda. 

«Hurmatli fuqarolar, agar siz ushbu shaxsdan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki uning jinoiy xatti-harakatlari bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lsangiz, Toshkent shahar IIBBning 71-206-49-44, 71-206-46-35 yoki 102 raqamlariga murojaat qilishingizni so‘raymiz», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid