Jahon | 15:06 / 09.01.2024
9349
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil: HAMASning raketalar ishlab chiqarish bo‘yicha yerosti zavodi aniqlandi

Yerosti zavodi parvoz masofasi taxminan 100 km bo‘lgan snaryadlarni ishlab chiqargan. Tunnellar 30 metrgacha chuqurlikda joylashgan, deya xabar berdi Isroil mudofaa kuchlari.

Foto: Amir Cohen/REUTERS

Isroil mudofaa kuchlari tashkilotga qarshi urush boshlanganidan beri G‘azo sektorida HAMASning «eng yirik qurol ishlab chiqarish joyi»ni aniqladi. Yerosti zavodida uchish masofasi taxminan 100 km bo‘lgan snaryadlar ishlab chiqarilgan, tunnellar 30 metrgacha chuqurlikda joylashgan, deb xabar berdi TsAHAL matbuot xizmati 8 yanvar, dushanba kuni. 

Avvalroq Isroil armiyasi vakillari jurnalistlarga Falastin hududida HAMAS harbiy maqsadlarda foydalanayotgan qurol-yarog‘ zavodlari va tunnellarini ko‘rsatgan edi. TsAHAL vakillari G‘azo shahri janubidagi Al-Burayj qochqinlar turar joyida o‘tkazgan press-tur chog‘ida sement zavodlari va boshqa sanoat obektlari aslida raketa va granatalar ishlab chiqarish uchun ishlatilgani, qurollar chuqur shaxtalarda saqlanganini iddao etgandi. Bundan tashqari, isroillik harbiylar HAMASning «Al-Burayj» bo‘linmasi qarorgohini o‘z nazoratiga oldi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 23 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid