Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bolalarga mo‘ljallangan nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari va energetiklar reklamasiga cheklovlar kuchaytiriladi
Maktab va bog‘chalarda bolalar va yoshlar uchun tavsiya etilmaydigan mahsulotlar, jumladan tarkibida shakar, tuz, transyog‘lar miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, ta’m va rang beruvchi qo‘shimchalar ro‘yxatini tasdiqlash va ularning iste’molini kamaytirish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekistonda maktabacha va maktab ta’lim tizimida sog‘lom ovqatlanishni ta’minlash, bunda bolalar va yoshlar o‘rtasida semizlikni 30 foizga qisqartirish rejalashtirilmoqda. Xususan, “Aholi salomatligi - 2030” milliy strategiyasi loyihasining 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasiga ko‘ra, bolalarga mo‘ljallangan nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari hamda energetiklar, dori vositalari, biologik faol moddalar reklamasiga talab va cheklovlar kuchaytiriladi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, ta’lim muassasalarida bolalar va yoshlar uchun tavsiya etilmaydigan mahsulotlar, shu jumladan tarkibida shakar, tuz, transyog‘lar miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, ta’m va rang beruvchi qo‘shimchalar ro‘yxatini tasdiqlash va ularning iste’molini kamaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, yoshi, tana tuzilishi, turmush tarzi va kasalliklarga moyilligidan kelib chiqib, bolalar uchun to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy mashqlar va gigiyena qoidalari bo‘yicha tavsiyalar to‘plamini yaratish mo‘ljallangan.
Avvalroq, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasida 2022 yil 1 sentabrdan maktablarga 500 metrga yaqin hududlarda shakarli, gazlangan va energetik ichimliklar hamda tez tayyorlanadigan taomlar savdosini taqiqlash ko‘zda tutilgandi. Ammo bu noma’lum sabablarga ko‘ra qabul qilinmadi.
Mavzuga oid
16:22 / 24.05.2025
Bola ko‘ziga telefon zararini kamaytirish uchun nima qilish kerak? – oftalmolog javob berdi
16:58 / 25.12.2024
Eronda WhatsApp va Google Play blokdan chiqariladi
16:51 / 25.11.2024
Bolalarda ham qo‘llash mumkin bo‘lgan maymun chechak vaksinasi tasdiqlandi
22:51 / 16.08.2024