O‘zbekiston | 16:22
4002
7 daqiqa o‘qiladi

Bola ko‘ziga telefon zararini kamaytirish uchun nima qilish kerak? – oftalmolog javob berdi

Odamning ko‘zi tug‘ilganidan boshlab taxminan 20 yoshigacha rivojlanadi. Mazkur jarayon davomida ko‘z asta-sekin kattalashib, shakllanadi. Bolalikdan telefon va planshet kabi qurilmalar bilan haddan tashqari ko‘p vaqt o‘tkazish ko‘zga ortiqcha yuklama tushiradi. Bu esa vizual signallarni tanaga yetkazuvchi ushbu a’zoning o‘z o‘qi bo‘ylab cho‘zilishiga olib keladi. Oftalmolog Jamshiddin Sagdiyevning Kun.uz muxbiriga aytishicha, bunday o‘zgarishlar jarrohlik amaliyoti bilan davolanadigan murakkab muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Telefon o‘zidan ko‘k nur (blue light) deb ataluvchi to‘lqinlarni chiqaradi. Ushbu nur quyosh nurlari tarkibida mavjud bo‘lsa-da, sun’iy manbalar, xususan, LED ekranlardan tarqalganda organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Smartfonga uzoq vaqt davomida tikilish ko‘z to‘qimalari, ayniqsa to‘r parda (retina)ga bosimni oshiradi, bu esa makula degeneratsiyasi (ko‘rish markazining yemirilishi) xavfini oshiradi. Bola ko‘zi hali to‘liq shakllanmagan va filtrlovchi xususiyati zaifroq bo‘lishi tufayli kattalarnikiga nisbatan ko‘k nurga ta’sirchanroq hisoblanadi. U ekranga uzoq tikilganda ko‘zning tabiiy himoya mexanizmlari, ya’ni har 4-5 soniyada avtomatik pirpirash, ko‘z suyuqligi ajralishi izdan chiqadi”, – deydi oftalmolog.

Ekranga tikilib ishlayotgan odamda ko‘zning pirpirash chastotasi odatdagidan 60 foizgacha kamroq bo‘ladi. Bu esa ko‘zning qurishi, qotib qolishi, toliqishi va muskullarning spazm holatiga tushishiga olib keladi. 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarda ushbu holat funksional buzilishlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Inson organizmi atrof-muhitdan oladigan axborotlarning 70 foizini aynan ko‘z orqali qabul qiladi. Qolgan 30 foizi eshitish, hid va ta’m bilish, sezish hissiyotlariga to‘g‘ri keladi. Ko‘z to‘g‘ridan to‘g‘ri miya bilan bog‘langan nerv tolalari orqali ma’lumotlarni qayta ishlovchi murakkab tuzilma. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, ko‘z salomatligi faqat jismoniy emas, aqliy va ruhiy salomatlik uchun ham muhim. Ko‘rish qobiliyatining pasayishi tafakkur, eslab qolish, konsentratsiya va reaksiya tezligi kabi ko‘nikmalarga salbiy ta’sir qiladi. Elektron qurilmalardan haddan tashqari ko‘p foydalanish oqibatida ko‘z olmasi zo‘riqib, fokus qilish qobiliyati susayadi, miyaga ortiqcha yuk tushadi. Natijada bolalar tez charchaydi, o‘qishga qiziqish kamayadi va fikrlash jarayoni sekinlashadi”, – deydi Jamshiddin Sagdiyev.

Shifokorning aytishicha, telefonlardan tarqaladigan nurning eng xavfli ta’sirlaridan biri miyaning melatonin ishlab chiqarishiga to‘sqinlik qilishi hisoblanadi. Melatonin “uyqu gormoni” bo‘lib, organizmga kechasi dam olish kerakligi haqidagi signallarni uzatadi.

Ekranga kechqurun, ayniqsa, soat 20:00 dan keyin qarash melatonin ishlab chiqarish darajasini 22 foizgacha kamaytirishi mumkin. Bu esa bolaning uyqu sifati pasayishi, diqqati susayishi, hissiy barqarorligi buzilishi va unda kun davomida charchoq hissining ortishiga sabab bo‘ladi. Muntazam ravishda yetarlicha uxlolmaslik esa bolalarda stress gormoni hisoblanmish kortizol miqdorining oshishiga turtki bo‘ladi, ushbu holat o‘z navbatida, kognitiv (idrok, xotira, e’tibor) jarayonlarni sekinlashtirib, o‘quv faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, – deydi oftalmolog.

Bolalar ko‘pincha telefon va planshetdagi kichik yozuv yoki tasvirlarni ko‘rish uchun qurilmaga juda yaqinlashib qaraydi. Bu esa ko‘z mushaklarining haddan tashqari zo‘riqishiga olib keladi. Yotgan holatda yoki boshni yon tomonga egib, uzoq vaqt davomida ekranga tikilish nafaqat ko‘z, balki butun gavdaga ta’sir qiladi, umurtqa pog‘onasining tabiiy shaklini buzadi. Vaqt o‘tishi bilan tanada qiyshayish, bo‘yin yoki bel sohasida egrilik, kifoz, lordoz va skolioz kabi muammolar paydo bo‘lishi mumkin.

Qorong‘i sharoitda ekranga qarash ko‘zning shikastlanish xavfni ikki karra oshiradi. Chunki tungi paytda ko‘z qorachig‘i kengayadi va ekran nuri ko‘zga odatdagidan ko‘ra ko‘proq tushadi. Yorug‘likning haddan tashqari ko‘p kirishi ko‘z retseptorlarini zo‘riqtiradi, quritadi, xiralashtiradi, natijada miopiya (ya’ni uzoqni yaxshi ko‘rmaslik) rivojlanadi.

Sog‘lom ko‘zda tasvir to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘rpardaga tushadi. Miopiyada esa ko‘z olmasi cho‘zilib ketgan bo‘ladi. Oqibatda tasvir to‘rpardadan oldin hosil bo‘ladi va odam uzoqdagi narsalarni xiralashgan holda ko‘radi. Tadqiqotlar 2050 yilga borib dunyo aholisining yarmi miopiyaga chalinishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Buning asosiy sababi esa gadjetlardan noto‘g‘ri va uzoq vaqt davomida foydalanishdir. Miopiya kuchayib ketsa, uni jarrohlik usuli bilan davolash talab etiladi”, – deydi Jamshiddin Sagdiyev.

Shifokotning tavsiya qilishicha, 2 yoshgacha bolaga telefon berish mutlaq mumkin emas. Chunki bu davrda bola miyasining rivojlanishi eng faollashgan bosqichda bo‘ladi. Ekran bu rivojlanishni sekinlashtiradi. 2–5 yoshli bolalarga kuniga 1 soatgacha ta’limiy kontentlarni tomosha qilishi uchun nazorat ostida berish mumkin. 6–12 yoshdagi bolalarning telefondan foydalanish vaqti kuniga 2 soatdan ortiq bo‘lmasligi zarur.

Ekranli qurilmalarning ko‘zga zararini kamaytirish uchun quyidagi ko‘rsatmalarga amal qilish lozim:

  • Qurilmani ko‘zdan 35-40 sm uzoqlikda saqlash;
  • Tik holatda, belni to‘g‘ri tutgan holda foydalanish;
  • Har 20-30 daqiqada ko‘zga dam berish, uzoqqa qarash va ko‘z massajini qilish;
  • Gadjetni harakatsiz holatda tomosha qilish.

Agar bola ko‘zini tez-tez pirpiratsa, siqib qarasa, ishqalasa va ko‘zi yoshlansa, uni oftalmologga ko‘rsatish lozim. Bu belgilar ko‘zda muammo borligi haqida signal beradi.

Diyoraxon Nabijonova tayyorladi.

Mavzuga oid