Jahon | 21:43 / 10.01.2024
17851
3 daqiqa o‘qiladi

Yahudiylar tunneli mojarosi: Nyu-Yorkdagi ibodatxona ostida maxfiy yo‘l qazilgani aniqlandi

AQShning Nyu-York shahrida yahudiylar sinagoga ostidan maxfiy tunnel qazigani tufayli politsiya zobitlari va ortodoksal yahudiylar o‘rtasida to‘qnashuv ro‘y berdi.

Foto: Bruce Schaff / AP / Scanpix / LETA

Nyu-Yorkning Kraun-Hayts tumanida yahudiylarning Xabad harakati qarorgohi joylashgan. Dekabr oyida bu sinagoga ostida maxfiy va noqonuniy yerosti yo‘li qazilgani aniqlangandi. Seshanba kuni har yili minglab dindor yahudiylar va talabalarni qabul qiladigan sinagoga politsiya tomonidan yopib qo‘yildi. Zobitlar noqonuniy qazilgan tunnel sinagoga va unga yondosh boshqa binolarga zarar yetkazgan yoki yo‘qligini tekshirmoqchi bo‘lganida ichkaridagi yahudiylar qarshiligiga uchradi.

Ma’lum bo‘lishicha, bu yerosti yo‘lidan Nyu-Yorkdagi yahudiylarning kichik qismini tashkil etadigan xasidlar koronavirus cheklovlari vaqtida sinagogaga borish uchun foydalangan. Xabad harakati vakili Motti Seligsonning so‘zlariga ko‘ra, yerosti yo‘lini qazish sinagoga yonidagi ko‘p qavatli uyning bo‘sh yerto‘lasidan boshlangan. Seligson bu ishni qilganlarni vandallar va ekstremistlar deb atadi.

Sinagoga ostidan tunnel qaziganlar esa bu ish orqali harakatning sobiq yetakchisi ravvin Menashem Shnerson tomonidan ancha avval ilgari surilgan «kengaytirish» rejasini amalga oshirganini iddao qilgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, yerto‘ladagi sinagoga allaqachon torlik qilib qolgan va uni kengaytirish kerak. Bu radikallarning aksari 1994 yilda vafot etgan va Rebe nomi bilan tanilgan ravvin Shnerson hamon tirik deb e’tiqod qilib, sinagogani kengaytirish uning xohishi ekanini aytib keladi.

Bruce Schaff / AP / Scanpix / LETA

Dushanba kuni maxsus mashina sinagoganing zarar ko‘rgan devorlarini ta’mirlash, ya’ni tunneldan binoga o‘tadigan yo‘lni yopib tashlash uchun borganida vaziyat murakkablashib, uni qaziganlar norozilik namoyishi o‘tkazadi va sinagoganing taxta devorlarini sindirib tashlashadi.

Politsiya maxfiy yo‘l va sinagoga orasiga tushib olganlardan u yerni tark etishni so‘raydi. Namoyishchilar politsiyaga bepisandlik qilishda davom etgach, politsiya ularni kuch ishlatib qo‘lga ola boshlaydi. Jami 19-22 yoshlardagi 9 kishi ushlanib, olib ketilgan. Yana uch kishiga mayda bezorilik bo‘yicha ish ochilgan.

Xabad-Lubavich ortodaksal yahudiylar harakati bo‘lib, Nyu-Yorkda unga ergashuvchi 200 mingdan ortiq xasidlar istiqomat qiladi. Bu shahardagi yahudiylarning kichik qismi xolos. Butun AQShda esa 7,6 milliondan ortiq yahudiylar istiqomat qiladi. Bu mamlakat aholisining 2,5 foizi degani. Taqqoslash uchun, 2021 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilning o‘zida ham bundan kamroq – 7,2 million yahudiy yashaydi.

Mavzuga oid