Ifloslangan havo, befarq mas’ullar, kutilayotgan ayanchli oqibatlar – mutaxassislar bilan suhbat
Havo ifloslanishi kutilgan holat edi, ammo tashqi texnogen omillar bu jarayonni yanayam tezlashtirib yubordi. Ekologiyaning bu tarzda yomonlashib ketishi onkologik kasalliklarni qo‘zg‘ab yuborishi haqida bong urilmoqda. Tabiatni falajlashga qaratilgan har qanday ekologik jinoyatlarga barham berish kerak. Ekologiya vazirligi yoki boshqa tegishli tashkilotlar uyg‘onishi, vaziyatni o‘nglashga qaratilgan kechiktirib bo‘lmas choralar ko‘rilishi kerak. Ammo hozircha bunday tashabbuslar ko‘zga tashlanayotgani yo‘q. Soha mutaxassislari bilan navbatdagi suhbatida shular haqida gaplashildi.
Atmosfera havosi, uning ifloslanishi anchadan beri dolzarb bo‘layotgan mavzu. Ammo oxirgi vaqtlarda uning tanalarda kuchliroq his qilinayotgani va changlarning ko‘zga yaqqol tashlanayotgani mavzuning aktualligini yanayam oshirdi.
Sezganingizdek bugun juda ko‘p muhokama qilingan va hanuz qilinayotgan masala – havo ifloslanishi haqida gaplashamiz. Kun.uz uning yuzaga kelishi, sabablar va oqibatlarini tahlil qilish uchun iqlimshunos Erkin Abdulahatov, Ekologiya qo‘mitasi sobiq xodimi, ekofaol Bunyodbek Abdullayev hamda onkolog Olim Imomov bilan suhbatlashdi.
— O‘zi ekologiya ifloslanishida mas’ul kim? Chora ko‘radigan tashkilot qaysi?
Bunyodbek Abdullayev: Ekologiya masalalari uchun bevosita mas’ul tashkilot Ekologiya vazirligi hisoblanadi, havo tarkibini, holatni aniqlovchi tashkilot esa O‘zGidromet, chora ko‘rish borasida esa hokimiyat va mahalliy idoralar mas’ul hisoblanadi.
2020-2022 yillarda Ekologiya qo‘mitasida ishlagan paytimda yaxshi mutaxassislar bor edi, atmosfera havosini himoya qilish borasida tadqiqotlar, doimiy monitoring ishlari olib borilar edi. 3 ta yo‘nalishda atmosfera havosi o‘rganiladi: fizik, kimyoviy va biologik yo‘nalishlar bo‘yicha.
Fizik yo‘nalishda havoga ta’sir etuvchi tebranishlar, tovushlar o‘rganiladi. Biologik yo‘nalishda havo tarkibida inson sog‘lig‘iga ta’sir qiluvchi mayda tirik organizmlar o‘rganiladi. Kimyoviy yo‘nalishda esa zavod-fabrikalar, mashinalar havoga chiqarayotgan chiqindilar, gazlar o‘rganiladi. Shu yo‘nalishlarda o‘rganilib, kerakli tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Masalan, Toshkent shahrida yoz oylarida havoning quruqlik darajasi oshib boradi va chang ko‘tariladi. Shuning uchun hokimiyatga ko‘chalarni purkab sug‘orish va changning ta’sir kuchini pasaytirish bo‘yicha tavsiya beriladi. Bundan tashqari, xonadonlarda, kasalxona va boshqa joylarda havo namlantiruvchilaridan foydalanish ham tavsiya qilinadi, chunki namlangan havoda mayda zarralarning zarari kamayadi. Bundan tashqari, havoni ifloslantirayotgan korxonalar ham bor (ularning manbalari 90 foizi aniq), o‘shalarga jarima solinardi, vaqtincha yopilardi. Va o‘sha korxonalarning atrofini yashillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berilardi. Umuman, atmosfera havosi ifloslanishi sanoat va qurilishning o‘sishi bilan proporsional o‘sadi.
Toshkent yer sathida botiq hududda joylashgani uchun doim ham shamol bo‘lavermaydi. Asosan Aqtosh shamoli, ya’ni Bo‘zsuv kanali oqimi bo‘ylab esuvchi va Chirchiq daryosi bo‘ylab esuvchi shamollar bor, ular zaharli havoni o‘zi bilan olib ketadi. Ammo qo‘shimcha to‘g‘onlar qurilishi natijasida shamol yo‘qolyapti, shamol paydo bo‘lishi uchun ham sharoit yo‘qolyapti. Bundan tashqari, Toshkent shahriga kirgan shamol o‘z tabiiy yo‘nalishida harakatlana olmayapti, baland binolar qurilgan, suv yo‘lining ikki yoni ham berk. 2 yil oldin Bo‘zsuv kanalining ikki yonini ochishga harakat bo‘ldi, ammo oxiriga yetmadi. Shahardagi zaharli havoni olib chiqib ketuvchi eng muhim omil bu o‘sha shamollar.
Eng ko‘p daraxtlar kesilishi va mashinalardan chiqayotgan gazlar zarari haqida gapirilyapti. Mashinadan chiqayotgan gazlardan ko‘ra o‘sha mashinalar harakatlanayotganda qo‘zg‘aladigan chang zararliroq bo‘lyapti. Mayda zarralar havoga ko‘tarilishiga texnikalar harakati sharoit yaratyapti. PM 2,5 dan past mayda zarralar har doim ham to‘liq zararli hisoblanmaydi kimyoviy va biologik tarkibiga ko‘ra. Ammo aholini ayblashdan ham yiroqman, ular shu yerda yashayotgani uchun aybdor emas.
– Erkin aka, muammo borasidagi pozitsiyangiz va havo ifloslanishi manbalari haqida gapirib bersangiz.
Erkin Abdulahadov: Yuqorida Bunyod aka to‘g‘ri tushuntirdilar. Shamol kam esadigan hududda zaharli havo bir joyda muallaq qolib ketadi, chiqib ketmaydi, bu esa ekologik muammolarni keltirib chiqaradi.
O‘zGidromet tashkiloti havo ifloslanishi, tarkibi bo‘yicha doimiy monitoring qilib boradi. Har 5 daqiqada o‘lchab boradi asboblar, PM 2,5 zarralar va 21 turdagi zararli ingrediyentlarni o‘lchaydi. Agar havo darajasi me’yordagidan ifloslangan bo‘lsa, avtomatik tarzda ogohlantirish beriladi. Agar vaziyat qizil darajaga chiqsa, bu xizmat o‘zi Ekologiya vazirligi, FVVga ma’lumotlarni yetkazadi. Demoqchimanki, O‘zGidromet vazifasi shular. Undan keyingi jarayonlar Ekologiya vazirligi zimmasida bo‘ladi. Laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilib, manba aniqlanadi. Hukumat qarorlariga ko‘ra, endi zavod-fabrikalarning o‘ziga ham datchik o‘rnatilyapti, alohida monitoring qilib borilyapti. Agar me’yordan ko‘p zararli moddalar chiqarayotgan bo‘lsa, qat’iy huquqiy choralar ko‘riladi.
Turli mavsumlarda Toshkent shahri havosi ifloslanishini keltirib chiqarayotgan manbalar har xil. Masalan, hozir qish mavsumida ko‘mir va mazut yoqilg‘ilari ko‘p yoqilyapti. O‘zi Parij bitimiga ko‘ra, ko‘mir va mazut yoqish mumkin emas. O‘zi ko‘mir va mazut yoqish, avtomobillardan chiqayotgan gazlar, issiqlik iqlim isishiga sabab bo‘lyapti. Havo quruqlashishi Yaqin Sharqdan Markaziy Osiyogacha va Xitoy hududlarida kuzatiladi. Bizda bu jarayon ham antropogen, ham tabiiy omillar evaziga bo‘lib, og‘irroq bo‘lmoqda.
Daraxtlar kesilishi, qurilish ishlari bosh rejasiz bo‘layotgani katta omillardan biri bo‘lmoqda. Agar bosh reja bo‘lganda, ekologik holat inobatga olingan bo‘lardi. Palapartish qurilish ortidan shamollar yo‘nalishi yo‘qolyapti, zaharli havo muallaq turib qolyapti. Shamol yo‘li to‘silib qurilgan kompleks obektlarda o‘z-o‘zidan dimiqish yuzaga keladi, muallaq havo turib qoladi.
Yuqorida aytilgandek, avtotransportlar ham chang effektini ko‘paytirmoqda. O‘zGidrometning datchiklari ham ayni mashinalar ko‘p harakatlanadigan pik vaqtlarda yuqori darajani ko‘rsatadi. Mashinalar tormozlangan paytda ham ishqalanish evaziga havoga zararli zarrachalar ko‘tariladi. Havo sirkulyatsiyasi davomida bizdagi mashinalar harakati ko‘pligi aynan shamol yo‘q vaqtga to‘g‘ri kelar ekan, ya’ni ayni havoga chang ko‘tarilganda shamol ham bo‘lmaydi, bu omil ham ifloslanishni oshiradi. Antropogen va tabiiy omillar sabab bo‘lmoqda.
Shu yili biz jahon standartlari bo‘yicha yuqori darajaga chiqdik, ya’ni niqob va gazdan himoyalovchi niqob taqadigan darajaga. Nega niqob taqish bo‘yicha keng ko‘lamda ogohlantirish bo‘lmayapti, degan savol ham bo‘ladi ko‘pchilikda. Bunga sabab shuki, bizda PM 2,5 bo‘yicha standartlar ishlab chiqilmagan.
— Olim aka, onkolog shifokor sifatida va fuqaro sifatida siz qanday munosabatdasiz? Havo ifloslanishi inson salomatligiga qanday ta’sir qiladi o‘zi?
Olim Imomov: Havo ifloslanishi butun dunyo bo‘ylab katta muammoga aylangan, 19-asrdan beri bu muammo bor. Atmosfera ifloslanishi 3 ta asosiy kasalliklarga turtki bo‘ladi, bular: yuqori nafas yo‘llari kasalliklari, yurak-qon tomir kasalliklari va onkologik kasalliklar. Atmosfera havosi ifloslanishi natijasida bu kasalliklar ortishi isbotlangan. PM 2,5 zarralari odam o‘pkasining eng chuqurigacha, qon tomirlargacha kirib boradi va yurak-qon tomir kasalliklari, surunkali o‘pka kasallanishiga olib keladi. Bu narsa butun dunyoda dolzarb.
Toshkent havosi ifloslanishi ham inson salomatligiga zararli. Ayniqsa, bronxial astma, allergiya, yurak-qon tomir kasalliklari, insult va boshqa kasalliklarni ko‘paytirishi mumkin.
Toshkent bronxial astma va onkologik kasalliklar o‘chog‘iga aylanyapti, degan bir ma’lumot o‘qib qoldim. Albatta, havo ifloslanishining ta’siri bor, ammo onkologik kasalliklar o‘chog‘iga aylanyapti, deyish biroz oshirib yuborish bo‘lgan. Ya’nikim, onkologik kasalliklar bir yilda bo‘lib qolmaydi, buning shakllanishi uchun yillar kerak. Shuning oldini olish uchun ham shu gaplar gapirilyapti hozir. Agar atmosfera ifloslanishiga qarshi choralar bo‘lmasa, rostdan ham onkologik kasalliklar ko‘payish xavfi bor. Ifloslangan havodan nafas olish tamaki chekish bilan barobar hisoblanadi. Agar surunkali iflos havodan nafas olinsa, bu bronxial astmani ko‘paytiradi, o‘pka yallig‘lanishi bilan bog‘liq kasalliklar, yurak-qon tomir kasalliklari ko‘payadi. Aytganimdek, agar oldi olinmasa, onkologik kasalliklar ham ko‘payishi mumkin.
Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Nuriddin Nursaidov.
Mavzuga oid
17:58 / 30.06.2024
Jizzaxdagi bog‘da qo‘yib yuborilishi rejalashtirilgan 5 mingta shar yo‘q qilindi
11:05 / 30.06.2024
Havosi buzilgan poytaxtga “sovg‘a” – Toshkentga yaqin joyda 22 gektar yerdagi somon qoldiqlari yoqib yuborildi
11:59 / 29.06.2024
Toshkent havosi iflosligi bo‘yicha dunyoda 4-o‘ringa chiqdi
21:20 / 27.06.2024