O‘zbekiston | 18:37 / 11.01.2024
9092
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2023 yilda ham 2 mingdan ortiq kishi YTHlarda halok bo‘ldi

2023 yilning 11 oyida 2080 kishi yo‘l-transport hodisalari qurboni bo‘ldi, 8055 kishi jarohatlandi. Jarohat olganlardan qanchasi nogiron bo‘lib qolgani ma’lum emas.

Foto: YHXX axborot xizmati

2023 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonda 8693 ta yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Ularda 2080 nafar inson halok bo‘lgan, yana 8055 kishi jarohatlangan.

Bu haqda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

“Ushbu yo‘l-transport hodisalarining yuz berishiga asosan fuqarolar tomonidan qonunchilikda belgilangan javobgarlikni mensimasligi va amaldagi yo‘l harakati qoidalarini bilmasligi sabab bo‘lmoqda”, – deyiladi Senat axborotida.

So‘nggi vaqtlarda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati YTHlar statistikasini kamdan kam ochiqlaydigan bo‘lgan. Bu boradagi ma’lumotlar vaqti-vaqti bilan Senatning ushbu qo‘mitasi tomonidan e’lon qilib borilmoqda.

Qo‘mita avvalroq 2023 yilning yanvar–avgust oylari bo‘yicha raqamlarni keltirib o‘tgan edi. Shundan kelib chiqib hisoblaganda, kuz oylarida (sentabr, oktyabr, noyabr) 2 921 ta YTHda ro‘yxatgan olingan bo‘lib, ularda 665 kishi halok bo‘lgan, 2 607 kishi turli darajalarda jarohatlangan.

Jarohatlanganlar orasida 1- va 2-guruh nogironi bo‘lib qolganlar qancha ekani borasida alohida statistika yuritilmaydi.

YHXX ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilda 10 001 ta, 2022 yilda esa bundan 1 foizga kam – 9902 ta YTH qayd etilgan.

Qurbonlar soni 2021 yilda 2426 nafar, 2022 yilda esa 2356 nafar (–2,9 foiz) bo‘lgan.

Mavzuga oid