Jahon | 16:02 / 11.01.2024
5068
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Xarkivdagi mehmonxonaga zarbasi oqibatida turk jurnalistlari jarohat oldi

10 yanvar kuni kechqurun Rossiya qo‘shinlari Xarkivga yana hujum qildi. Raketalardan biri mehmonxonaga kelib tushgan. Bir kishining ahvoli og‘ir, yana 10 nafarining ahvoli o‘rtacha yoki yengil daraja. Yaralanganlar orasida turk nashri jurnalistlari ham bor. 

Foto: Sofiia Gatilova/REUTERS

Rossiya 10 yanvar, chorshanba kuni kechqurun Xarkivga hujum qildi va bitta raketa shaharning Kiyev tumanidagi mehmonxonaga kelib tushdi, deb xabar berdi Telegram’da Xarkiv viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujumda S-300 raketalari ishlatilgan. «Otishma natijasida mehmonxona majmuasi binosi zarar ko‘rdi, u yerda zarba vaqtida 30 dan ortiq tinch aholi vakillari bo‘lgan. Shuningdek, bir nechta avtomobil yonib ketgan», - deya qo‘shimcha qildi u. Sinegubovning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlar 11 nafari ekani ma’lum, ulardan 9 nafari tibbiy muassasalarga yetkazilgan. Ulardan biri, 35 yoshli erkakning ahvoli og‘ir.

Shahar meri Igor Terexovning aytishicha, Xarkiv markaziga ikkita raketa qulagan. «U yerda harbiylar yo‘q edi. Ammo 30 nafar tinch aholi vakillari bo‘lgan», - deya tasdiqladi Xarkiv meri. Mehmonxonadan tashqari turar joy binolari - kommunal va xususiy inshootlar, shuningdek, avtosalon va ishlab chiqarish korxonasi zarar ko‘rgan, deya qo‘shimcha qildi Terexov.

Turkiya OAV jurnalistlari jarohatlandi 

Xarkiv viloyati prokuraturasi rahbari Aleksandr Filchakovning aytishicha, raketalar Rossiya Federatsiyasining Belgorod viloyatidan uchirilgan. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, yaralanganlar orasida - Turkiya va Gurjiston fuqarolari bor, ularning har ikkisi - turk OAV vakillari, ammo aynan qaysi nashr ekani aniqlashtirilmagan. «Tinch aholiga qarshi yana bir terrorchilik harakati», deyiladi xabarda. 

Xarkivda avval ham jurnalistlar otishma ostida qolgan

30 dekabr kuni Germaniyaning ZDF telekanali jurnalistlari Xarkivni rus qo‘shinlari tomonidan o‘qqa tutilishi chog‘ida yaralangan edi. Tasvirga olish guruhi shahar markazidagi Kharkiv Palace mehmonxonasida bo‘lganida, u Rossiya hujumiga uchragan. Barcha jurnalistlar tirik qoldi. Suratga olish guruhi bilan ishlagan ukrainalik tarjimon jiddiy jarohatlar oldi – qovurg‘asi va uchta umurtqa suyagi singan. Bu haqda 31 dekabr kuni ZDF suratga olish guruhi a’zolaridan biri - muxbir Alisa Yung ma’lum qildi.

Mehmonxona ma’muriyatining unga aytishicha, mehmonxonada ijaraga berilgan 15 ta xonadan 10 tasida jurnalistlar bo‘lgan. 

Germaniya jurnalistlari uyushmasi va ZDF telekanali rahbariyati Xarkiv mehmonxonasiga uyushtirilgan hujum hamda jurnalistlar jarohatlanganini keskin qoraladi. «Bu Rossiyaning erkin matbuotga navbatdagi hujumi», dedi telekanal bosh muharriri Bettina Shausten va ZDF Ukraina tinch aholisiga qarshi urushni yoritishda davom etishini bildirdi. 

Mavzuga oid