Xarkivda zarbaga uchragan mehmonxona va Donbass shimolidagi tankchilar. Urush suratlari
Ukrainada urushning 686-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Volodimir Zelenskiy Vilnyusda Litva prezidenti bilan uchrashuvdan keyin chiqish qildi. Ukraina prezidenti o‘z mamlakati havo hujumidan mudofaa tizimlariga katta ehtiyoj sezayotganini aytgan.
- Oq uy vakili Jon Kirbi rossiyalik harbiylar Ukraina bo‘ylab 6 yanvar kuni berilgan zarbalarda KXDRdan olingan raketalarni qo‘llaganini ma’lum qildi.
- Rossiyaning Saratov oblastida havo hujumidan mudofaa kuchlari dronni urib tushirdi. Oblastning Engels rayonida Rossiya strategik bombardimonchilari joylashtirilgan harbiy aerodrom bor.
- Sky News xabariga ko‘ra, Eron Rossiya uchun yangi zarbdor dron ishlab chiqdi.
- Ukraina hukumati Amerikaning Subway restoranlar tarmog‘ini «urush homiylari» ro‘yxatiga kiritdi. Ma’lum qilinishicha, Rossiyada kompaniyaning 500 dan ortiq restoranlari faoliyat ko‘rsatishda davom etmoqda va Rossiya budjeti uchun yuz minglab dollar miqdorida soliqlar to‘lamoqda.
Xarkivdagi mehmonxonaga zarba oqibatlari
Xarkiv bo‘ylab 10 yanvarga o‘tar kechasi amalga oshirilgan raketa hujumi oqibatida 13 kishi jarohatlangan. Xarkiv oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovga ko‘ra, rossiyalik harbiylar S-300 kompleksi raketalari bilan zarbalar yo‘llagan; mehmonxona binosi shikastlangan, u yerda hujum vaqtida tinch aholi vakillari bo‘lgan 30 dan ortiq kishi bor edi. Shahar o‘qqa tutilishi oqibatida yetti ayol va to‘rt kishi jarohat olgan, ulardan biri og‘ir ahvolda. Xarkiv meri Igor Terexovning so‘zlariga ko‘ra, yaralanganlar orasida — turkiyalik jurnalistlar ham bor. Anadolu agentligi zarba vaqtida mehmonxonada ikki xodimi bo‘lgani va ulardan biri jabrlanganini tasdiqlagan.
Shuningdek, Terexov hujum oqibatida turar joylar, avtosalon va ishlab chiqarish korxonalari shikastlanganini ma’lum qilgan. Sinegubovning qo‘shimcha qilishicha, zarba chog‘ida bir necha avtomobil yonib ketgan.
Donbass shimolidagi ukrain tankchilari
Vayron bo‘lgan Terni qishlog‘i
Ukraina qurolli kuchlari Donetsk oblasti Liman rayonidagi Terni qishlog‘ini 2022 yil oktyabrida qarshi hujum natijasida ozod qilgandi. Urushga qadar bu yerda 700 dan ortiq kishi yashagan, hozirda uning aholisi soni qanchaligi ma’lum emas.
2024 yil yanvarida ham Liman yo‘nalishida janglar davom etmoqda. Dekabrda Rossiyaning 25-armiyasi Ukraina QKning Terni atrofi va Kreminna o‘rmonlari shimolidagi pozitsiyalariga hujum uyushtirdi. Rossiya qo‘shini Ukraina QKni o‘rmonni tark etib, Limanga chekinishga majbur qilish uchun Terni va Nevske qishloqlariga yetib kelishga urinmoqda, shundan keyin RF shahar tomon navbatdagi yurishni boshlashi mumkin.
Lvivda 2024 yilning birinchi kunidagi dafn
Ukraina QK jangchisi Orest Ris va Nikolay Aleksik 2023 yil dekabrida frontda halok bo‘lishgan. Yevromaydan ishtirokchisi bo‘lgan Ris 2015 yildan buyon Karpatskaya Sech 49-o‘qchi batalyoni tarkibida bo‘lgan. Nikolay Aleksik Luhansk oblastidagi Serebryansk o‘rmonidagi jangda halok bo‘lgan. 1 yanvar kuni Lvivda halok bo‘lgan harbiylarning dafn marosimi o‘tkazildi.
Mavzuga oid
10:18
Reuters: Bayden Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini tayyorlamoqda
09:31
The Economist Ukrainaning yo‘qotishlarini 60-100 ming kishiga baholadi
09:14
Volin qirg‘ini: Ukraina va Polsha eksgumatsiya haqida kelishib oldi
00:28