Kiyevda dafn marosimi va frontda qolayotgan harbiylar. Urush suratlari
Ukrainada urushning 687-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Ukrainada safarbarlik to‘g‘risidagi qonun loyihasi qayta ishlash uchun hukumatga qaytarildi. «Sluga naroda» fraksiyasi yetakchisi David Araxamiyaning so‘zlariga ko‘ra, «undagi ayrim moddalar inson huquqlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri buzilishi, qaysilaridir optimal darajada tuzilmagan».
- AQSh xavfsizlik kengashi Rossiyaning 300 milliard dollar miqdoridagi muzlatilgan aktivlarining bir qismini musodara qilishga imkon beruvchi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi, bu mablag‘lar kelgusida Ukrainani tiklash uchun yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
- Latviya seymi (parlament) Rigadagi «Moskva uyi»ni davlat mulkiga o‘tkazdi. LETA agentligi yozishicha, uning sotuvidan tushadigan mablag‘ Ukrainaga beriladi. Seymdagilarning hisoblashicha, bu yerda madaniy-ma’rifiy tadbirlar niqobi ostida siyosiy faoliyat olib borilgan. Rossiya hukumati hozircha vaziyat yuzasidan munosabat bildirmadi.
- Sankt Peterburg davlat universiteti talabasi Darya Kozireva o‘qishdan haydaldi, unga nisbatan armiyani «obro‘sizlantirish» to‘g‘risida protokol tuzilgandi – o‘qishga kirishidan oldin urushga qarshi yozgan posti uchun.
Frontda halok bo‘lgan shoir Maksim Krivsovning dafn marosimi
Maksim Krivsov — Ukraina qurolli kuchlari safida jang qilgan ukrain shoiri — 7 yanvar kuni halok bo‘lgan (aynan qayerdaligiga oydinlik kiritilmagan; Krivsovning o‘limi qanday ro‘y bergani tafsilotlari ham ma’lum emas). U 33 yoshda edi. Krivsov 2014 yil Mustaqillik maydonidagi (Maydan voqealari) namoyishlarning faol ishtirokchisi bo‘lgan, keyin ko‘ngilli sifatida Donbassdagi urushga yo‘l olgan. 2015 yilga qadar «O‘ng sektor»ning 5-batalyoni safida jang qilgan, keyin yana to‘rt yil davomida Ukraina Milliy gvardiyasi tezkor harakat qilish brigadasida pulemyotchi sifatida xizmat qilgan. Rossiyaning 2022 yil fevralida boshlangan bosqinidan keyin Krivsov frontga qaytgandi.
Krivsov harbiy harakatlar vaqtida ham o‘z she’rlarini muntazam ravishda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilib borgan, shuningdek oldingi chiziqda turib o‘zining va boshqa shoirlarning she’rlarini o‘qigani aks etgan videolar jo‘natgan. 2023 yilda «Qo‘rg‘ondan she’rlar» nomli she’rlar jamlanmasini chop ettirgan, Ukraina so‘z erkinligi va mualliflik himoyasi tashkiloti (PEN) uni yilning eng yaxshi kitoblaridan biri sifatida tan olgan.
Krivsovni 11 yanvar kuni Kiyevda dafn etishdi (uning o‘zi Rivnedan). Vidolashuv marosimi Mixaylov zarrin soborida o‘tkazildi.
Oldingi chiziqdagi ukrain jangchilarining portretlari
Ukraina qurolli kuchlarining Baxmut atrofidagi pozitsiyalari
Vladimir Solovyovga suiqasdda ayblanuvchi ustidan sud
11 yanvar kuni Moskvada Ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi propagandachi Vladimir Solovyovga suiqasd qilishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ishni ko‘rib chiqishni boshladi. Tergov versiyasiga ko‘ra, 2022 yil 25 aprel kuni Andrey Pronskiy, Timofey Mokiy, Vladimir Belyakov, Vladimir Stepanov, Maksim Drujinin, Andrey Volkov va Denis Abrarov ukrain maxsus xizmatlari topshirig‘i bilan teleboshlovchining avtomobilini portlatishni rejalashtirgan.
Ularga 12 ta modda bo‘yicha ayblov qo‘yilgan, ular orasida terrorchilik tashkiloti tashkil etish, nafrat yoki adovat qo‘zg‘atish, qurol-yarog‘ va portlovchi moddalarning noqonuniy savdosi, terakt, qotillikka tayyorgarlik ko‘rish kabi moddalar bor. Yetti nafar sudlanuvchidan faqat uch nafari (Pronskiy, Volkov va Abrarov) aybiga qisman iqror bo‘lgan. Solovyovning o‘zi sud majlisiga kelmagan.
Mavzuga oid
22:59 / 26.11.2024
Ukraina – Janubiy Koreya: kutilmaganda paydo bo‘lgan ittifoq
19:07 / 26.11.2024
Ukraina armiyasiga yollangan britaniyalik Rossiyada asirlikka tushdi
17:41 / 26.11.2024
«Putin doim hujumga tayyor, Tramp – tabiatan developer». Merkelning memuaridan parchalar
13:20 / 26.11.2024