Jahon | 00:50 / 12.01.2024
18562
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning bir hududida chet el fuqarolarining patent bo‘yicha ishlashi taqiqlandi

Krasnodar o‘lkasi rossiyaliklarni ish bilan ta’minlashni ustuvor vazifa qilib belgiladi.

Foto: RI

Krasnodar o‘lkasida Rossiya fuqarolarining ishga joylashishida mutlaq ustuvorlikni ta’minlash uchun chet elliklarga patent bilan ishlash taqiqlandi. Tegishli hujjatni Krasnodar gubernatori Veniamin Kondratev imzolagan.

«Xorijiy fuqarolarning patent bo‘yicha ishlashini taqiqlash iqtisodiy faoliyatning 85 turiga taalluqlidir», deyiladi hududiy ma’muriyat xabarida.

Ushbu faoliya turlariga qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati, ishlab chiqarish, mashina va uskunalar ishlab chiqarish, daraxt kesish, baliqchilik, savdo va boshqalar kiradi.

Yangilik faqat qurilish sohasiga taalluqli bo‘lmaydi, bunda mehnat migrantlarining patent bo‘yicha ishlashga ruxsat etilgan ulushi 50 foizdan oshmasligi kerak.

«Mehnat migrantlarini jalb etishni taqiqlash iqtisodiy faoliyatning deyarli barcha turlari uchun joriy etilgan», deyiladi xabarda.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar Rossiya fuqarolarini ish bilan ustuvor ta’minlashga, iqtisodiyot tarmoqlarining xorijiy migrantlarga qaramligini kamaytirish orqali milliy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgani ta’kidlanmoqda.

Qaror 21 yanvardan kuchga kiradi. Qonunni buzganlik uchun korxonalar 1 million rublgacha jarimaga tortilishi mumkin.

Mavzuga oid