Sport | 14:57 / 13.01.2024
7194
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyani tark etgan qilichbozlar AQSh sharafini himoya qilmoqchi

Sergey va Violetta Bida, shuningdek, Rossiya olimpiya qo‘mitasi rahbarining sobiq kuyovi Konstantin Loxanov Amerika fuqaroligini olmoqchi.

Foto: istockphoto/gorodenkoff

Ukrainaga hujum munosabati bilan Rossiyadan chiqib ketgan uch nafar qilichboz – Konstantin Loxanov hamda Sergey Bida va Violetta Bida Amerika fuqaroligini olish uchun ariza topshirdi. Sergey Bida va Konstantin Loxanov 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlarida AQSh nomidan qatnashmoqchi. Bu haqda 12 yanvar, juma kuni USA Today Spors onlayn-nashri xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, sportchilar Qo‘shma Shtatlar Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitasi (United States Olympic & Paralympic Committee, USOPC), shuningdek, AQSh qilichbozlik assotsiatsiyasi (USA Fencing) tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. USA Today ruslar uchun ikkala tashkilot tomonidan berilgan kafolat xatlarining nusxalariga ega. 

Nashr USA Fencing bosh direktori Fil Endryusning AQSh Kongressiga murojaatidan iqtibos keltiradi: «Uchalasi ham katta shaxsiy xarajat evaziga qurbonlik qildi va o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, mamlakatimiz vakili bo‘lmoqchi. Ularni bu favqulodda holatda qo‘llab-quvvatlash uchun barcha sa’y-harakatlarni ko‘rishga chaqiraman».

Bidalarga qarshi jinoiy ish 

Ayni paytda, The Insider onlayn-nashri eslatishicha, Rossiyada Sergey va Violetta Bidaga nisbatan jinoiy ish ochilgan va ular qidiruvga berilgan. Bunga Sergey Bidaning rasmiy ravishda Rossiya gvardiyasi ofitseri va «Dinamo» jamiyati a’zosi, Violetta esa Rossiya Mudofaa vazirligi xodimi va TsSKA armiya sport klubi a’zosi ekanligi sabab bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi jurnalistlar. «Meduza» internet nashrining xabar berishicha, Bidalarga nisbatan harbiy qismni ruxsatsiz tashlab ketish moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. 

2023 yilning yozida qilichbozlar AQShga ko‘chib o‘tdi va mahalliy sport ustalari akademiyasi tomonidan qabul qilindi. Birinchi musobaqadayoq Sergey Bida jamoaviy turnirda oltin medalni qo‘lga kiritdi, deb xabar beradi The Insider. 

USA Today nashriga bergan intervyusida Sergey va Violetta Bida Rossiyaning Ukrainaga hujumi yoki Rossiya hukumati harakatlarini muhokama qilishdan bosh tortdi. Shu bilan birga, Violetta Bida homiladorligini va shuning uchun Parijdagi Olimpiadada qatnasha olmasligini ma’lum qildi. 

Konstantin Loxanov Ukrainaga hujum boshlanishidan bir kun oldin Rossiyani tark etdi. Amerikalik jurnalistlar bilan suhbatda u bu urushni qoraladi: «Ular (Rossiya rasmiylari) urushni odamlarni o‘ldirish bilan boshladi va buni normal holat deb qabul qildi». 

Loxanov - Rossiya olimpiya qo‘mitasi rahbari Stanislav Pozdnyakovning sobiq kuyovi hisoblanadi. Sportchi uning qizi, rossiyalik qilichboz Sofiya Pozdnyakova bilan Rossiyani tark etgach ajrashdi.

Mavzuga oid