Jahon | 12:25 / 14.01.2024
21292
19 daqiqa o‘qiladi

«Kembrij beshligi» – SSSR tashqi razvedka xizmati uchun ishlagan britaniyalik josuslar kimlar edi?

Sovet tashqi razvedka xizmati 1930 yillardan boshlab bir necha britaniyalikni o‘z tomoniga og‘dirishga muvaffaq bo‘ladi va ular bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qiladi. O‘sha britaniyaliklarning bir guruhi «Kembrij beshligi» yoki «Qoyilmaqom beshlik» deb atalgan. Bu guruh a’zolarining uch nafari fosh bo‘lganidan so‘ng SSSRga ko‘chib kelib yashagan va orden hamda medallar bilan taqdirlangan.

G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari tarixiga nazar tashlansa, KGB hamda sovet tashqi razvedka boshqarmasi xodimlaridan juda ko‘pchiligi G‘arb davlatlariga qochib o‘tganini ko‘rish mumkin.

Ularning aksariyati AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) yoki Britaniyaning MI xavfsizlik xizmati bilan hamkorlik qilgan. Shuningdek, aksincha Britaniya yoki AQSh xavfsizlik xizmati xodimlaridan ayrimlari sovetlar foydasiga ishlagan.

KGB josuslarining G‘arbga qochib o‘tishlariga ayrim hollarda pul, boshqasida SSSRda zo‘ravonlik va ma’muriy buyruqbozlik ustiga qurilgan tuzum sabab bo‘lgan. G‘arbga qochib ketgan juda ko‘p KGB xodimlari sovet ittifoqidagi adolatsiz va zo‘ravon tuzumda yashashni xohlashmaganini aytgan.

Ularning ayrimlari xizmatlari qadrlanmaganini sabab qilib ko‘rsatgan. Yoki nohaq jabr ko‘rgani uchun alamzada bo‘lgan va G‘arbga qochib o‘tgan.

Biroq shunday bo‘lsa-da MRB yoki Britaniyaning MI xavfsizlik xizmati foydasiga ishlagan josuslarga, G‘arbga qochib borib ko‘plab maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilgan KGB xodimlariga juda katta miqdorda mukofot pullari to‘langan.

Britaniyaga qochib ketgan KGB zobiti Oleg Gordiyevskiy
Foto: graphics.wsj.com

Shuningdek, G‘arb davlatlarida erkin jamiyat va yuqori maosh to‘langaniga qaramasdan ayrim hollarda SSSR foydasiga josuslik qilgan shaxslar ham uchrab turgan.

Ularning ayrimlari sovetlarning «butun dunyoni teng qilish» haqidagi puch g‘oyasiga uchgan bo‘lsa, boshqalari o‘z davlatida jabr chekkani uchun alamzada bo‘lgani uchun shu yo‘lni tanlagan.

Sovetlar uchun xizmat qilgan ana shunday josuslardan bir guruhi «Qoyilmaqom beshlik» yoki «Kembrij beshligi» deb ataladi.

Guruh a’zolari Britaniyada yuqori lavozimlarni egallagan va josus sifatida sovet tashqi razvedka xizmati bilan hamkorlik qilgan.

Aslida josuslar hech qachon guruh bo‘lib ishlamaydi va «Kembrij beshligi»ga kirgan shaxslar ham bilan ham shunday bo‘lgan. Ularning barchasi alohida ishlagan. Shunchaki, josuslarning barchasini bir shaxs yollagani uchun tarixda ular «Kembrij beshligi» guruhi deb atalgan.

Foto: fb.ru

«Kembrij beshligi»ning tarixi va uning a’zolari

«Kembrij beshligi» guruhining tarixi 1930-yillarga borib taqaladi. G‘arbda «Otto» laqabi bilan ishlagan sovet josusi Arnold Deych Britaniyada bir necha shaxsni sovetlar foydasiga josuslik qilishga ko‘ndiradi.

Bular:

·       Kim Filbi (1912-1988) – laqabi «Stanley»;

·       Donald Makleyn (1913-1983) – laqabi «Homer»;

·       Entoni Blant (1907-1983) – laqabi «Johnson»;

·       Gay Byorjyess (1911-1963) - laqablari «Hicks», «Medxen», «Paul»;

·       Jon Kernkross (1913—1995) – laqabi «List»

Bu shaxslar Ottaning ta’siriga tushgan paytida 20 yoshdan sal oshgan bo‘lishgan. Yigitlarning beshovi ham Kembrijda tug‘ilgan va shu sababli keyinchalik ularning guruhi «Kembrij beshligi» deb atalgan.

Keyinchalik, yigitlar universitetda kommunistlar ta’siriga tushgan Maykl Dobbs ism-sharifli shaxs ta’lim bergani va o‘sha paytda ularni sovet ittifoqiga xayrixoh qilib qo‘ygani ma’lum bo‘ladi.

O‘shanda Dobbs darsdan so‘ng to‘garak tashkil qilgan va unda sotsializmning afzalliklari haqida ma’ruza o‘qib turgan. Dobbs sovetlarning yolg‘on tashviqotiga uchgan edi va o‘z ma’ruzalarida SSSRni ko‘p maqtardi. Bu yigitlar ongiga ta’sir etmasdan qolmaydi.

«Kembrij beshligi» guruhidagi yigitlar sovet josuslari bilan hamkorlikni biri oldin, boshqasi keyinroq, turli yillarda boshlagan.

Barchasi oliynasab oilalar farzandi bo‘lgan yigitlar yillar o‘tib Britaniyada juda katta amallarga ega bo‘lishadi va bu ularning josus sifatidagi qiymatini oshiradi.

Masalan, Kim Filbi keyinchalik Britaniyaning MI-5 va MI-6 maxsus xizmatlarida, Donald Makleyn va Gay Byorjyess, Jon Kernkross Britaniya tashqi ishlar vazirligida, Entoni Blant esa Britaniya tashqi razvedka xizmatida ishlaydi va qirol Georg VI ga maslahatchi bo‘ladi.

Kim Filbi
www.alamy.com

O‘sha paytlarda sovetlar SSSRda mislsiz qatag‘onlar uyushtirib, millionlab insonlarni qatag‘on qilib turgan bo‘lsa-da, dunyoga «hammani teng qilgan, adolatli va farovon davlat» sifatida targ‘ib qilinardi. Katta ehtimol bilan britaniyaliklar «Otto»ning ta’siriga shu sababli tushib qolgandi.

Britaniyada ancha taniqli bo‘lgan bu beshlik 1950 yillar boshigacha SSSR foydasiga josuslik qilishadi va shu paytdan boshlab shubha ostida qolishadi. Ko‘p o‘tmay ular birin-ketin fosh bo‘la boshlaydi.

Eng avval Donald Makleyn va Gay Byorjyess fosh bo‘ladi va SSSRga qochadi. Ularning orasida ehtiyotkorroq bo‘lgan Kim Filbi 1963 yilda Moskvaga qochib keladi.

Donald Makleyn
www.alamy.com

Jon Kernkross ham shubha ostida qolgach ishdan bo‘shatiladi va u Amerikaga ketadi. U aynan AQShda yurgan paytida MI-5 tomonidan qo‘lga olinadi. Biroq Kernkross o‘zidagi barcha ma’lumotlarni MI-5 xodimlariga bergach, uni qo‘yib yuborishadi.

Entoni Blant esa shubha ostiga qolganda ham SSSRga ketishni xohlamaydi va Britaniyada qoladi. Unga qarshi aniq dalillar topilmaydi, daxlsiz huquqqa ega bo‘lgani uchun Blantni mahkamaga torta olishmaydi.

MRBning sobiq direktori Allen Dalles «Kembrij beshligi»ni «Ikkinchi jahon urushi paytidagi eng kuchli josuslik guruhi» deb atagan.

2015-2016 yillarda Financial Times nashri «Kembrij beshligi» bo‘yicha surishtiruvlar olib boradi sovetlar foydasiga josuslik qilgan yana bir shaxs Sedriy Belfrijni guruhning oltinchi a’zosi ekanini yozib chiqadi. Biroq bu tasdig‘ini topmagan.

«Kembrij beshligi»ning josuslik faoliyati

1941 yil Jon Kernkross Britaniya maxsus xizmatining Bletchli-parkda joylashgan maxfiy razvedka bo‘limiga ishga kiradi. Bu bo‘lim asosan nemis harbiylarining xabarlarini tutish va ularni «o‘qish» bilan shug‘ullanardi.

Jon Kernkross
svr.gov.ru

O‘sha yili sentabrda u Moskvaga muhim ma’lumot – Britaniya bosh vaziri Cherchillning atom bomba yaratish haqidagi maxfiy dokladini yuboradi.

1943 yil fevralda Kernkross nemislardan tutilgan signallarga asoslanib Germaniya armiyasi Kursk atrofida keng ko‘lamli hujumga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar yuboradi.

Moskvadagilar nemislarga munosib qarshilik ko‘rsatish uchun Kurskka qo‘shimcha kuchlarni yuboradi. Natijada bu hujum muvaffaqiyatli qaytariladi.

Urushdan so‘ng, 1947 yilda SSSRning Londondagi elchixonasiga Yuriy Modin ism-sharifli xodim yuboriladi. U shaxs aslida tashqi razvedka boshqarmasi xodimi bo‘lgan.

Modin Londonda Byorjyess, Blant va Kernkross bilan uchrashib, ular bilan hamkorlikni davom ettiradi. Shundan so‘ng Modin «eng zo‘r josus» deb atagan Kernkross Moskvaga g‘arbliklar tomonidan tuzilishi rejalashtirilgan NATO harbiy blogi haqidagi barcha maxfiy ma’lumotlarni beradi.

Entoni Blant
cambridge5.ru

O‘sha ma’lumotlarda Shimoliy Atlantika harbiy blogi tarkibida qaysi davlatlar bo‘lishi, tashkilotni asosan kim moliyalashtirishi, tashkilot strukturasi kabilar bor edi.

Oradan ikki yil o‘tgach NATO tuziladi. Guruh a’zolari fosh qilinguncha sovetlarga yana ko‘plab maxfiy ma’lumotlarni yuboradi. Beshlikning boshqa a’zolari ham turli vazifalarni bajarishadi.

Josuslarning fosh bo‘lishi

1940-yillar oxirida, 1950-yillar boshida Britaniya tashqi razvedka xizmati «Kembrij beshligi»ga kirgan shaxslardan shubhalana boshlaydi va pinhona surishtiruvlar o‘tkazadi.

Ikki yillik surishtiruvlardan so‘ng Britaniya tashqi razvedka xizmati xodimi Dik Uayt Donald Makleynning sovet josusi ekanini fosh qiladi.

1951 yildayoq Kim Filbi Makleynni ogohlantirib, u va Byorjyessni fosh etishgani haqida aytadi. Filbi ularga SSSRga qochishni maslahat beradi.

Gay Byorjyess
www.loftyimages.co.uk

MI-5  Makleyn va Byorjyessni hibsga olish arafasida Modin ularni Britaniyadan qochirib yuborishga muvaffaq bo‘ladi. O‘shanda Byorjyess Makleynni Shveytsariyagacha kuzatib borishi va Londonga qaytib kelishi kerak edi.

Biroq Britaniyaga qaytsa uni hibsga olishlari mumkin edi. Shu uchun Byorjyess ortga qaytmaydi va Makleyn bilan birga SSSRga qochib ketadi. Sovetlarning ikki josusini qo‘ldan chiqargani uchun Dik Uayt ishdan chetlashtiriladi.

1952 yilda Kim Filbining o‘zi ham shubha ostida qoladi va uni MI-5  xodimlari so‘roq qilishadi. Dalillar yetarli bo‘lmagani uchun u qo‘yib yuboriladi.

Shuningdek, shubha ostiga olingan Entoni Blant va Jon Kernkrossga nisbatan ham yetarli dalillar bo‘lmagani uchun ular 1960-yillar boshlarigacha fosh bo‘lmaydi.

Josuslar SSSRda

Makleyn va Byorjyess SSSRga 1952 yilda qochgan bo‘lsa, oradan 11 yil o‘tib Kim Filbi ham Moskvaga qochib keladi.

Kim Filbi Moskvada, 1968 yil
the60sat50.blogspot.ca

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Britaniyada hashamatli hayot kechirgan Makleyn va Byorjyessning SSSRda oddiy va kamtar turmush tarziga ko‘nikishi juda qiyin kechgan.

Byorjyess SSSRda mast qiluvchi ichimliklarga ruju qo‘yadi va sog‘ligidan ayrilib, 1963 yilda Kim Filbi SSSRga qochib borishi arafasida vafot etadi. O‘shanda u bor-yo‘g‘i 52 yoshda bo‘lgan.

Makleyn Moskvadagi institutlardan birida ingliz tilidan dars beradi. 1969 yilda doktorlik dissertatsiyasini yoqlaydi. U 1983 yilda saratondan vafot etadi.

Kim Filbi esa SSSRga kelganidan so‘ng o‘zidan 20 yosh kichik bo‘lgan qizga uylanadi va uzoq yillar davomida tashqi razvedka idorasida maslahatchi bo‘lib ishlaydi.

Kim Filbi sovet ittifoqiga Mixail Gorbachyov rahbarlik qilayotgan kezda, 1988 yilda vafot etadi.

Kim Filbining vafotidan so‘ng SSSRda chiqarilgan pochta markasi
www.shutterstock.com

To‘rtinchi va beshinchi josusning taqdiri

1951 yilda «Kembrij beshligi» fosh bo‘lgach Yuriy Modin Entoni Blantga ham SSSRga qochishni taklif etadi. Biroq u keskin rad etadi.

«Men sovet xalqi qanday og‘ir ahvolda yashayotganini juda yaxshi bilaman. Men unday hayotni o‘zimga ravo ko‘rmayman. Shu sababli men uchun SSSRda yashash ma’nisiz va mantiqsiz bo‘ladi», deb javob beradi.

Shundan so‘ng sovet xavfsizlik idoralari u bilan hamkorlikni to‘xtatadi.

Blant bir necha yil davomida shubha ostida bo‘ladi, uni kuzatishadi. Biroq sovetlar bilan aloqalarni uzib yuborgani uchun uni jinoyat ustida ushlay olishmaydi.

Entoni Blant josuslikni yig‘ishtirgandan so‘ng eski qiziqishi, san’at va arxitektura bilan jiddiy shug‘ullanadi.

1964 yilda Blant MI-5ʼga maktub yo‘llaydi. Maktubda u barcha ayblariga iqror bo‘ladi va 1951 yildan keyin sovetlar bilan hamkorlikni to‘xtatganini ma’lum qiladi.

O‘sha paytda MI-5 bu maktubni va Blantning sovet josusi bo‘lganini oshkor qilmaydi.

Biroq 1979 yilda Britaniya bosh vaziri Margaret Tetcher Jamoat palatasida qilgan chiqishida Blantning bir paytlar sovet josusi bo‘lganini aytadi. Shundan so‘ng Blantga berilgan ritsarlik unvoni bekor qilinadi.

Blant bunga munosabat bildirmaydi va ilm bilan shug‘ullanishda davom etadi. Biroq u ishlayotgan London universiteti assambleyasi jamoatchilik bosimidan qo‘rqib, Blantdan professor unvonini tortib oladi. Entoni Blant 1983 yilda 75 yoshida Londonda vafot etadi.

Entoni Blant keksayib qolgan paytida
www.courtauld.ac.uk

«Kembrij beshligi»ning eng uzoq yashagan a’zosi Jon Kernkross hisoblanadi. U SSSRning parchalanishini ko‘rgach, 1995 yilda vafot etadi.

Kernkrossning taqdiri sheriklarinikidan biroz farq qiladi. Makleyn va Byorjyess SSSRga qochganidan so‘ng xuddi Entoni Blantda bo‘lgani kabi, MI-5  Kernkrossni ham bir muddat kuzatib yuradi.

MI-5 xodimlari Byorjyessning kvartirasida tintuv o‘tkazishganda u yerdan Kernkrossga tegishli narsalar ham topiladi. O‘shanda Kernkross MI-5 xodimlari so‘roq qilganda Byorjyess bilan do‘st bo‘lganini ta’kidlagan bo‘lsa-da, u ham gumondorlar safiga qo‘shiladi.

So‘roqdan so‘ng Kernkrossni qo‘yib yuborishadi va u darhol maslahatlashib olish uchun sovet josusi Yuriy Modinning oldiga jo‘naydi. U belgilangan joyga yetib borib, sovet josusini kuta boshlaydi. O‘shanda Kernkross o‘zini MI-5 xodimi Entoni Simkins kuzatib borganini sezmasdi.

Yuriy Modin juda sinchkov odam edi. U Kernkrossni oldiga yetib bormasdan atrofni jiddiy ko‘zdan kechiradi. U britaniyalik josusni MI-5  xodimi kuzatib turganini ko‘rgach Kernkrossning oldiga bormasdan darhol ketib qoladi.

Jon Kernkross keksayib qolgan paytda
cambridge5.ru

O‘shanda Kernkrossni sigareta fosh qiladi. Entoni Simkins kuzatayotganda u sigaret chekib turgandi. Aslida Kernkross chekmasdi. Shunda MI-5  xodimi Kernkrossning chekib turgani sovet josusi bilan uchrashish paroli ekanini anglaydi.

Biroq Entoni Simkins ehtiyosizligi tufayli «Kembrij beshligi»ni nazorat qilib turgan Yuriy Modinni qo‘ldan chiqaradi.

Ko‘p o‘tmay Kernkross Yuriy Modin bilan uchrashadi. Sovet josusi unga MI-5  xodimlari yana so‘roq qilganda o‘zini qanday tutish haqida ko‘rsatmalar beradi. Shuningdek, Modin Kernkrossga kommunistik partiyaga xayrixohligini yashirmaslikni maslahat beradi.

Kernkrossni ikki marta so‘roq qilishadi. Biroq uni ilintira olishmaydi. Ko‘p o‘tmay Kernkross ishdan bo‘shash haqida ariza yozadi va Amerikaga ketadi.

1963 yilda Kim Filbi ham Moskvaga qochib ketgach, Kernkross yana shubha ostida qoladi.

1964 yilda MI-5  xodimlari Kernkrossni AQShda hibsga oladi. U hammasiga iqror bo‘ladi va o‘zidagi barcha ma’lumotlarni MI-5  xodimlariga beradi. Shundan so‘ng uni tinch qo‘yishadi va Kernkross Italiyaga ketadi.

1979 yilda Kernkrossning oldiga jurnalist Barri Penrouz boradi va bir necha hafta u bilan birga bo‘ladi. Ko‘p o‘tmay Penrouz «Kembrij beshligi» haqida maqola e’lon qiladi, unda aynan Kernkross guruhning beshinchi a’zosi ekani aytilgandi.

Keyinchalik, AQShga qochib ketgan KGB zobiti Oleg Gordiyevskiy ham Kernkross «Kembrij beshligi»ning a’zosi bo‘lganini tasdiqlaydi.

Britaniyaga qochib o‘tgan KGB zobiti Oleg Gordiyevskiy AQSh prezidenti Ronald Reygan bilan
www.alamy.com

Sheriklaridan farqli o‘laroq Kernkross sovetlar bilan hamkorlik qilgani uchun unga nisbatan hech qachon jinoiy ish ochilmagan. Kernkrossni ta’qib qilishmagan. 1979 yilda u Italiyada bir yil qamoqda o‘tiradi, o‘shanda u valuta tufayli qamalgandi.

1995 yilda Kernkross Britaniyaga qaytadi. Ko‘p o‘tmay u insultga uchraydi va vafot etadi. 1997 yilda uning hayoti tasvirlangan kitob chop etiladi.

Intervyu

1988 yilda angliyalik yozuvchi Filip Naytli Moskvaga kelib Kim Filbidan intervyu oladi. O‘shanda u «Kembrij beshligi» haqidagi savollarga ham javob beradi.

Kimning aytishicha, «Kembrij beshligi» hech qachon bo‘lmagan va buni jurnalistlar, josuslik o‘yinlari haqidagi asar mualliflari o‘ylab topishgan.

Jurnalist unga «Siz Byorjyess, Makleyn va Blantni yaxshi tanigansiz. Ular bilan bir joydan bo‘lgansiz. Shu sababli sizlarga «Kembrij beshligi» deb nom berishgan», deydi.

Kim Filbi va uning yosh xotini. SSSR, 1980-yillar
www.15min.lt

Shunda Kim Byorjyess va Blant rus josuslari bilan ancha keyin aloqa o‘rnatganini, ish davomida Makleyn bilan umuman ko‘rishmaganini, «Kembrij beshligi»ga kiritilgan shaxslarning har biri sovetlar bilan alohida ishlaganini ta’kidlagan.

Sovetlar «Kembrij beshligi» a’zolarini ko‘plab orden va medallar bilan taqdirlashgan. SSSRga ko‘chib kelganlari bilan birga xorijda yurganlariga ham salmoqli miqdorda pul to‘lab turilgan.

SSSR oliy soveti prezidiumining maxfiy qarorlari bilan ularga ko‘plab orden va medallar berilgan. Eng ko‘p Kim Filbi taqdirlangan, unga Lenin va Qizil bayroq, 2-darajali vatan urushi, xalqlar do‘stligi ordenlari berilgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid