Jahon | 18:42 / 16.01.2024
16945
9 daqiqa o‘qiladi

Isroil ustidan xalqaro sud boshlandi: kutilmalar qanday?

BMTning Haagada joylashgan Xalqaro sudi Isroil G‘azoda genotsid sodir etgani haqidagi ayblovlarni ko‘rib chiqa boshladi. Xo‘sh, Isroilni nega musulmon davlatlari emas, Janubiy Afrika Respublikasi sudga berdi? Bu qanday natija beradi? Netanyahu sud jarayonlariga jalb etilishi mumkinmi? Kun.uz muxbiri shu kabi savollar bilan Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Farhod Karimovga yuzlandi.

Xalqaro sudga nega bunday da’vo bilan birorta qudratli musulmon davlati emas, Janubiy Afrika Respublikasi arz qildi?

— Rostdan ham, bunday da’volar musulmon davlatlaridan kutilgan edi. 11 yanvarda sudda birinchi eshitishlar boshlandi. Nega aynan JAR? Bu davlat bundan ancha ilgari – 30-40 yillar oldin Falastin bilan birga ekanini bildirgan va shundan beri shu pozitsiyada turibdi. JARda xuddi shunday muammolar bo‘lgan: Yevropadan ko‘chib kelganlar mahalliy aholini siqib chiqarishga uringan, irqiy kamsitgan, shu ma’noda bu dard ularga begona emas.

Bundan tashqari, geosiyosiy sabablar ham bor. Bugun xalqaro munosabatlarda global janub va kollektiv g‘arb kabi tushunchalar shakllanmoqda. JAR esa global janub vakili, shuning uchun ham BRIKSga a’zo, AQSh va G‘arb davlatlariga balans bo‘loladigan tashkilotlar a’zosi. Shu nuqtayi nazardan Isroilni qo‘llovchi davlatlarga e’tiroz sifatida ham bu ishni qildi. Yana bir narsa. Bu ish bilan JARning hamkorlari bo‘lmish Rossiya, Xitoy kabi davlatlarga yaqinlashishni bildiradi. Uchta sababni keltirdik, lekin baribir eng asosiysi – birinchi sabab.

Sud jarayoniga Isroil bosh vaziri Netanyahu ham jalb etilishi ehtimoli bormi?

— Oldin sud masalasiga oydinlik kiritsak. Haagada 2 ta sud bor: Xalqaro jinoyat sudi (asosi – Rim statuti) va BMTning Xalqaro sudi. Hozirgi bo‘layotgan sud jinoyat sudida emas, BMTning xalqaro sudida ko‘rilyapti. Bu sudning qarorlari ko‘proq deklarativ xususiyatga ega, chora ko‘rish, amal qilish mexanizmlari to‘liq ishlamaydi. Qaysidir jarayonga ta’sir qilish, sanksiyalar joriy etish kabilarda xizmat qilishi mumkin, lekin ijro masalasida ancha muammolar bor.

Birinchidan, hali Netanyahuga nisbatan qaror chiqqani yo‘q. Ikkinchidan, agar shaxsan unga nisbatan Xalqaro jinoyat sudiga da’vo kiritilgan taqdirda ham, Rim paktini ratifikatsiya qilgan va qilmagan davlatlar bor. Qabul qilmagan davlatlar uchun bu sud hukmlari majburiy emas.

O‘ylaymanki, Netanyahuning majburan olib kelib sud qilinishi ehtimoli juda past. Chunki bugungi kunda xalqaro huquq ko‘proq kuch omiliga tayanyapti. Kimning qo‘lida iqtisodiy, harbiy kuch bo‘lsa, o‘shaning gapi o‘tyapti. Shuning uchun kuchli bo‘lmagan davlatlarga qiyin, huquqini talab qilishi mumkin, lekin amalga oshirish mexanizmlari ishlamaydi. Shu nuqtayi nazardan ham bu sud real holatda javobgarlikka tortadi deb o‘ylamayman.

Lekin sud hukmi bilan Isroilga ta’sir qilib, hech bo‘lmaganda harbiy harakatlar to‘xtaydi, deb umid qilish mumkin. Hali sudning tugashi ham noma’lum. Ba’zi genotsid masalalari hali ham ko‘rilyapti yoki ijrosi amalda bo‘lgani yo‘q.

Genotsid o‘zi nima? Genotsid – biror bir siyosiy, etnik, diniy omillar asosida biror bir xalqni qirib tashlash, hududdan chiqarib yuborish yoki etnik demografiyasiga, xususan ko‘payishiga to‘sqinlik qilish. 1948 yildagi genotsid bo‘yicha konvensiya qabul qilingan, unga Isroil ham a’zo. Bugungi G‘azoda bo‘layotgan ishlar shu konvensiyaga to‘g‘ri kelyapti, ya’ni tinch aholi o‘ldirilyapti. Lekin isbotlash masalasi ancha vaqt talab qiladi. Turli hujjatlar, videotasvirlar, faktlar, guvohlar kerak bo‘ladi, shuning uchun ish ko‘rilishi bir necha yillarga ham cho‘zilishi mumkin

Shu bilan birga, isbotlar shundoq ham ko‘rinib turibdi. 30 mingdan oshdi qurbonlar, shundan bo‘lsa mingtasi, yoki 2-3 mingtasi HAMAS a’zolari bo‘lishi mumkin, qolgani – tinch aholi, bolalar, ayollar... Genotsid uchun yaxshigina isbot. Ammo huquqiy tomondan isbotlash masalasi bor. Huquq kimning qo‘lida, degan savol ham bor-da. Yuqorida aytganimdek, xalqaro munosabatlarga tayanyapti. Hali isbotlanish qiyin bir masala bo‘lsa, hukm ijrosini ta’minlash bir og‘ir masala.

Xalqaro hujjatlar tavsiyaviy ahamiyatga ega. Ehtimoliy Haaga sudi qarori Isroil bosqinini to‘xtata oladimi?

— Sud xolis qaror chiqarishiga ishonish mumkin. Sudyalar tarkibida betaraf davlatlar vakillari bor. Ularning qarorlari obektiv bo‘lishi ehtimoli katta. Ammo baribir ijro masalasi qiyin.

Xalqaro munosabatlarda tiyib turish mexanizmi ishlashi kerak. Bugungi xalqaro tizimda esa tiyib turish mexanizmi yo‘q, kim kuchli bo‘lsa, o‘shaning xohishi bo‘lyapti. Shunday bir holatda real qarasak, bu sud qarorlari ijrosi imkonsiz.

Sud eshituvlari boshlanishi, xalqaro bosim oshishi Netanyahu hukumatiga, urushning borishiga ta’sir o‘tkazadimi?

— Ta’siri bo‘ladi, albatta. Mintaqa davlatlarining bu borada bir qarorga kelishi, pozitsiyaviy tomondan, ikkinchi tomondan urush harakatlari qimmatga tushishi, xalqaro bosimlar ham ta’sir qiladi. Ammo bu ta’sir bir kunda bo‘lmaydi. Qarorlar ijro etilib, sanksion ro‘yxatlar tuzilib, me’yorlar ishlab chiqilgandan keyin ham shu me’yorlarga amal qiladigan ikkinchi qutbda Xitoy, ko‘rfaz arab davlatlari kabi kuchli davlatlar bo‘lishi va talab qilib turishi kerak. Kerak bo‘lsa, amal qilinmagan holatlarda jazo choralari ko‘rilishi lozim. Masalani faqat Haaga sudiga qo‘yib qo‘yish bo‘lmaydi, hukmga amal qiluvchi kuchli davlatlar kerak.

Nega Turkiya, Saudiya kabi aholisining aksar qismini musulmonlar tashkil etuvchi davlatlar sudga murojaat qilishmadi?

— Baribir bu davlatlarning asosiy iqtisodiy hamkorlari AQSh va G‘arb davlatlari. Ularning shunday darajaga yetishida, iqtisodiy o‘sishida g‘arbdan foydalanilgan. Taroziga solinganda iqtisodiy manfaatlar ustun keldi.

Ikkinchidan, Turkiya – NATOning eng asosiy a’zolaridan biri. Uning xavfsizligi NATO orqali ham ta’minlanadi, NATOda esa Isroilni qo‘llovchi AQSh va G‘arb davlatlari bor. Shunday bir holatda, Turkiya kabi davlatlar xavfsizlik va milliy manfaatlar yuzasidan bunday qarorlarga kelmayapti. Agar real qadamlar tashlasa, o‘ziga og‘ir oqibatlarni olib kelishi, bundan tashqari iqtisodiy blokadaga tushib qolishi mumkin, Turkiya ham, Saudiya ham Eronning holiga tushib qolishni istamaydi.

Vaziyatga umumiy qaraydigan bo‘lsak, ehtimoliy kutilmalar nimalar?

— AQShda bo‘ladigan saylovlar, boshqa qudratli davlatlardagi siyosiy jarayonlar fonida urushdagi intensivlik pasayishi kerak. Isroil ham yordamlarsiz urush olib borolmaydi. Unga ittifoqchi bo‘lgan davlatlarning ichki va tashqi dunyoda obro‘si tushib ketayotgani uchun ham Isroilga ta’sir qilinadi. Shu ma’noda intensivlik to‘xtaydi, deb umid qilamiz.

Isroil oxirigacha bormoqchi bo‘lyapti, bu taktik jihatdan g‘alaba olib kelishi mumkin, lekin strategik jihatdan mag‘lub bo‘ladi. Buni AQSh ham, G‘arb ham biladi. Isroilning e’lon qilib qo‘ygan strategik rejalari bor, shuning uchun u birdan to‘xtamaydi. Ammo Isroilga yordam cheklanadi va intensivlik to‘xtaydi. Genotsid sifatida tarixda qolsa, bir necha o‘n yildan keyin og‘ir oqibatlar bilan Isroilning boshiga tushadi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid