Toshkentda aholi murojaatini o‘rganishga borgan jurnalist chekkani uchun ushlanib, jarimaga tortildi
Uchtepa tumanidagi mahallalardan biriga aholi bilan uchrashishga borgan Nuz.uz jurnalisti Mixail Dovlatov huquq idoralari xodimlari tomonidan ushlanib, 5 soat mobaynida qo‘yib yuborilmagan. AOKA holatni aniq o‘rganish hamda tegishli xulosa va choralar ko‘rilishi bo‘yicha Bosh prokuraturaga so‘rov xati yuborgan.
14 yanvar kuni Nuz.uz nashri muxbiri Mixail Dovlatov jurnalistik surishtiruv olib bormoqchi bo‘lganida Toshkent shahri Uchtepa tumani huquq-tartibot idoralari tomonidan ushlangan. Bu haqda nashrning o‘zi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, jurnalist Uchtepa tumani 11-dahada yashovchi fuqarolardan kelib tushgan so‘rov bo‘yicha vaziyatni yoritishga borgan. Odamlar taxminan 150 ta “garaj”i va avtoturargoh hududidagi 98 tup daraxt o‘rnida bolalar bog‘chasi qurmoqchi ekanliklaridan shikoyat qilgan. Vaziyatni joyida o‘rganish uchun 14 yanvar kuni soat 13:00 da uchrashishga kelishilgan. Unga Uchtepa tumani hokimligi vakillari, ekologlar va boshqa mutaxassislar ham taklif etilgan.
«Avtoturargohga kiraverishdan 50 metr narida bir guruh erkaklarga ko‘zim tushdi, ularning ba’zilari huquq-tartibot idoralari kiyimida edi, kiraverishda Isuzu ham to‘xtab turgandi. Ularning yonidan o‘tgach, menga gapirishayotganini eshitdim. Orqaga o‘girildim va fuqarolik kiyimidagi bir kishi yana meni chaqirdi. Gap nimada ekanini bilish uchun unga yaqinlashdim. U menga bu yerda chekish taqiqlanganini aytdi. Men unga bu yerda chekishni taqiqlovchi belgilar bormi, deya savol berdim. U esa bu yerda hamma narsa jamoat hududi va umuman chekish mumkin emasligini ta’kidladi», — deydi u.
Muxbirning so‘zlariga ko‘ra, shundan so‘ng u bilan gaplashib olishlari kerakligi aytilgan va tumandagi 2-sonli ichki ishlar idorasiga olib borilgan. Bu jarayonda uning telefoni va jihozlari olib qo‘yilgan. Suhbat davomida unga qonunning jamoat joylarida chekish taqiqlangan bandini ko‘rsatishgani, bundan tashqari, ruxsat etilmagan miting uyushtirishga uringani aytilmoqda.
Mixail Dovlatov mazkur jarayonda 5 soat davomida ushlab turilganini ta’kidlagan. «Kun oxirida meni fuqarolik kiyimidagi boshqa shaxsning oldiga olib kelishdi, u yerda taqdim etilgan 194-moddani (Ichki ishlar xodimining qonuniy talablariga rioya qilmaslik) eshitdim va uni o‘qib chiqqanim haqida imzo chekdim. Telefonimga jarima haqida SMS kelganini ham payqadim, u qanday asosda berilgani aniq emas», — deydi muxbir.
Tahririyatning qayd etishicha, jarayonda qamoqqa olish tartibi va qoidalari ham buzilgan. Hibsga olingan xodimlar o‘zlarini tanishtirmagan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatmagan.
Holat yuzasidan AOKA o‘z munosabatini bildirdi hamda mamlakat qonunchiligida jurnalistlar huquqlari, axborot olish erkinligiga oid masalalar qator normalar bilan mustahkamlab qo‘yilganini eslatib o‘tdi.
“Mamlakatimiz qonunchiligida jurnalistlar huquqlari, axborot olish erkinligiga oid masalalar qator normalar bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 81- va 82-moddalarida davlat OAV faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlashi, shuningdek, senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilangan.
Shuningdek, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi hamda “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston qonunlarida ham jurnalistning daxlsizligi, uning axborot to‘plash va tekshiruv o‘tkazish huquqlari va kafolatlari, jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik batafsil tavsiflangan.
Ta’kidlash joizki, OAV vakillarining kasbiy faoliyati davomida tazyiq ko‘rsatish, to‘sqinlik qilish kabi holatlar so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash borasidagi davlat siyosatiga zid bo‘lib, agentlik, o‘z navbatida, barcha darajadagi davlat idoralari xodimlarini axborot qonunchiligi hamda jurnalistlar vakolatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqiradi”, deyiladi agentlik munosabatida.
Qo‘shimcha qilinishicha, agentlik mazkur holatga huquqiy baho berish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlardan munosabat bildirishlari, shuningdek, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi maqsadida aniq o‘rganish hamda tegishli xulosa va choralar ko‘rilishi bo‘yicha Bosh prokuraturaga so‘rov xati yuborgan.
Mavzuga oid
18:52 / 23.11.2024
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37 / 23.11.2024
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51 / 23.11.2024
Toshkent aeroportida eshitish qobiliyati cheklangan shaxslar ish boshladi
17:02 / 22.11.2024