Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Ayovada respublikachilar o‘rtasidagi ichki saylovlarda g‘alaba qozondi
AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Ayova shtatidagi kokuslar - respublikachilar o‘rtasida partiya ichidagi saylovlarning birinchi bosqichida g‘alaba qozondi. U Florida gubernatori Ron DeSantis va AQShning BMTdagi sobiq elchisi Nikki Xeylini ishonch bilan ortda qoldirdi.
AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Markaziy Yevropa vaqti bilan 16 yanvar, seshanbaga o‘tar kechasi Ayova shtatidagi kokuslar - Respublikachilar partiyasidan mamlakat prezidentligiga nomzodlar bo‘yicha partiya ichidagi ovoz berishning birinchi bosqichida g‘alaba qozondi. Ovozlarning 95 foizi hisoblab chiqilganidan keyin Tramp 51,1 foiz ovozni qo‘lga kiritgani aniqlandi. Uning raqiblari, Florida gubernatori Ron DeSantis va AQShning BMTdagi sobiq vakili Nikki Xeyli mos ravishda 21,2 va 19,1 foiz ovoz olgan. Ushbu ma’lumotlar The New York Times tomonidan taqdim etilgan.
Reuters agentligining ta’kidlashicha, Tramp shu paytgacha respublikachi nomzodlar o‘rtasidagi debatlarning barcha besh raundini e’tiborsiz qoldirgan, nomzodlar uchun Ayova shtatidagi kokuslar oldidan shtat bo‘ylab siyosiy safar qilish odatidan «voch kechgan».
Keyingi bosqichga 23 yanvar kuni Nyu-Hempshirda bo‘lib o‘tadigan respublikachilarning birinchi praymerizlari aylanadi. Respublikachilar partiyasi bahor oxirigacha AQSh prezidentlik saylovlari bo‘yicha o‘z nomzodini hal qilishi kerak. Rasmiy ravishda u iyul oyidagi partiya qurultoyida nomzod sifatida ko‘rsatiladi. Saylovlarning o‘zi 5 noyabrga belgilangan. Unda Tramp va Oq uyning amaldagi rahbari Jo Bayden yana raqobatlashishi kutilmoqda, u ham allaqachon o‘z nomzodini ilgari surishi to‘g‘risida e’lon qilgan.
Trampga Kolorado va Mendagi praymerizlarda qatnashishiga ruxsat berilmadi
Avvalroq Kolorado va Men shtatlari Donald Trampga o‘z hududida 5 mart kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan birlamchi saylovlarda ishtirok etishga ruxsat bermaslikka qaror qilgan edi. Shunga o‘xshash da’volar unga qarshi yana bir qancha shtatlarda ham ochilgan. Sababi - Tramp o‘z tarafdorlarini 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliyga bostirib kirishga undaganlikda gumon qilinmoqda. Sobiq prezident uni praymerizda ishtirok etishga ruxsat bermaslik to‘g‘risidagi qarorlar ustidan allaqachon apellyatsiya bergan va Oliy sud uni ko‘rib chiqishga rozi bo‘ldi.
Bundan tashqari, Trampni 2024 yilda yana bir qancha sud jarayonlari, jumladan, firibgarlik, jinsiy zo‘ravonlik va mag‘lubiyatga uchragan prezidentlik saylovi natijalariga ta’sir o‘tkazishga urinish ayblari bo‘yicha sudlar kutmoqda. Biroq natija qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, bu sudlar Trampning AQSh prezidentligiga nomzod bo‘lishiga to‘sqinlik qila olmaydi, uning tarafdorlari esa uni qo‘llab-quvvatlashni faqat kuchaytiradi, deydi kuzatuvchilar.
Jo Bayden aytishicha, Trampning Oq uyga qaytishga urinishlari AQSh uchun jiddiy tahdiddir. Amaldagi prezident fikricha, uning raqibi o‘z hokimiyati uchun mamlakatdagi demokratik tuzumni qurbon qilishga tayyor. Faqat demokratlar g‘alabasi Amerikani qutqarishi mumkin, dedi Bayden.
Mavzuga oid
12:35 / 28.05.2025
Tramp: Kanada "Oltin gumbaz" himoyasini 61 mlrd dollarga oladi
10:23 / 28.05.2025
Davlat departamenti spikeri: Rossiya Trampning so‘zlarini jiddiy qabul qilishi kerak
09:03 / 28.05.2025
WSJ: Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish haqida o‘ylayapti
22:46 / 27.05.2025