O‘zbekiston | 14:30 / 17.01.2024
8057
4 daqiqa o‘qiladi

Milliy gvardiyaga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi e’lon qilindi

O‘zbekiston Milliy gvardiyasi organlariga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz / Nuriddin Nursaidov

Nizom Milliy gvardiya organlariga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibini belgilaydi

Nomzodlarni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish uchun saralash tadbirlari va tibbiy ko‘rik tashkil qilinadi.

Saralash tadbirlari quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:

a) dastlabki o‘rganish (hujjatlarni yig‘ish va o‘rganish, jismoniy tayyorgarlik sinovi, diktant, suhbat);
b) jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;
v) psixologik o‘rganish (nomzodning intellektual rivojlanganlik darajasi va psixoemotsional barqarorligini baholash);
g) maxsus tekshiruv.

Milliy gvardiya uchun zarur hollarda quyidagi nomzodlar istisno tariqasida faqatgina tibbiy ko‘rik va saralashning maxsus tekshiruv bosqichidan o‘tkaziladi:

yuksak kasbiy tayyorgarlik va faoliyatida katta tajribaga ega bo‘lgan, harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetmagan fuqarolar, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati bilan kelishilgan holda Milliy gvardiya qo‘mondoni buyrug‘i asosida;
so‘nggi besh yil davomida respublika miqyosidagi sport musobaqasining g‘olibi bo‘lgan yoki xalqaro miqyosdagi sport musobaqasining 1-3-o‘rinlaridan birini egallagan sportchilar;
tor ixtisoslikdagi yuqori malakali mutaxassislar;
oliy harbiy ta’lim muassasalarining boshqaruv, ilmiy va professor-o‘qituvchilar tarkibidagi lavozimlarni malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish uchun ilmiy darajaga (ilmiy unvonga) hamda kamida besh yillik ilmiy va pedagogik ish tajribasiga ega bo‘lgan fuqarolar.

Nomzodlar “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunda hamda prezident qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan talablarga javob berishi lozim.

Bunda, nomzod sifatida umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus (boshlang‘ich, o‘rta, o‘rta maxsus professional) yoxud oliy ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolar ko‘rib chiqiladi.

Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilishda nomzod bo‘yi quyidagi maxsus antropometrik parametrlarga javob berishi talab etiladi:

erkak jinsidagi nomzodning bo‘yi – 178 santimetrdan past bo‘lmasligi kerak;
ayol jinsidagi nomzodning bo‘yi – 170 santimetrdan past bo‘lmasligi kerak.

Nomzodning vazni O‘zbekiston qurolli kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan talablarga javob berishi shart.

O‘zbekiston fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom yoki mazkur nizom bilan belgilangan holatlarda saralashning istalgan bosqichida nomzodni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish rad etilishi mumkin.

Mavzuga oid