O‘zbekiston | 17:59 / 18.01.2024
15347
7 daqiqa o‘qiladi

“Dok-1 Maks” ishi: jabrlanuvchi ota 3 mlrd so‘mlik kompensatsiya talabini 8 mlrd so‘mga oshirdi

Navbatdagi sud majlisida farzandi nogiron bo‘lib qolgan yana ikki jabrlanuvchi bolasini davolatish uchun 5 mlrd so‘mdan kompensatsiya talab qildi.

Foto: Kun.uz

“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha 17 yanvar kuni davom etgan sud majlisida “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siropi iste’moli ortidan nogiron bo‘lib qolgan va bolasi vafot etgan jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari tinglandi. Bu haqda sudda ishtirok etayotgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

4 yoshli Sulton Saidmurodovning otasi, jabrlanuvchining qonuniy vakili Dilshod Tursunboyevning ma’lum qilishicha, o‘g‘li 2023 yilning 1 yanvar kunidan 12 fevral kuniga qadar salkam bir yarim oy koma holatida yotgan.

“O‘g‘lim 2021 yilda tug‘ilgan. Oldin ham yo‘talganda “Ambronol” dorisini berardik, yaxshi bo‘lardi, nojo‘ya ta’siri bo‘lmagan. 2022 yil boshlarida berganimizda esa bir yaxshi bo‘lib, keyin isitmalab og‘riy boshladi. Ayolim bir-ikki kundan beri peshob chiqarmayotganini aytdi. Shundan keyin 28 dekabr kuni tez tibbiy yordamga olib bordik, UZI qilishib, buyragi ishlamayapti, deyishdi. U yerdagi bolalar shifokori bizda davolash uchun sharoit yo‘q deb Jizzax viloyati kasalxonasiga yo‘llanma yozib berdi. U yerda ham tekshirishib, birdan reanimatsiyaga olishdi. 29 dekabr kuni dializ qilishdi. Ahvoli ancha og‘irlashdi. 2 yanvar kuni Toshkentga olib ketamiz dedik, ammo bosh shifokor og‘ir ahvolda, olib ketib bo‘lmaydi, dedi. Toshkentdagi tanishlar bilan gaplashib, sharoit qildik, Bolalar milliy markazidagi bosh shifokor o‘zi borib Toshkentga olib keldi 3 yanvar kuni.

Jizzaxda 4-5 ta dializ olindi. Toshkentda ham fevral oyi o‘rtalarigacha dializ olishdi. Palataga olamiz deb turgan paytda boshi shishib ketdi, keyin operatsiya qilishdi, «shunt» qo‘yishdi, nevrojarroh operatsiya qildi. Ovqatlanishlari faqat shlang orqali bo‘lardi. Harakat qilmasdi, bir oylar vaqt o‘tgach, faqat bir tarafi ozroq harakatlana boshladi. Nevrologiyaga olib borib tekshirtirdik, bitta shaxsiy klinikaga tavsiya berishdi. U yerda ham 3 kun yotgach, Bolalar milliy markaziga olib bordik. Shu orada qornining pastki qismidan grija ham bo‘lgan ekan. Hozir uyda qarayapmiz, doimiy bir odam qarab, nazorat qilib turadi, avvalgidan yaxshi bo‘lib qolgan. Lekin hali ham bir tarafida harakat kam, tana rivojlanishi yo‘q, o‘sha tarafdan yuzlari tortilib qolgan. Agar sudlanuvchilarning aybi bo‘ladigan bo‘lsa, shunga yarasha jazo olsin”, deya ko‘rsatma berdi Dilshod Tursunboyev.

Dilshod Tursunboyev, jabrlanuvchi Foto: Kun.uz

Jabrlanuvchiga ko‘ra, u bugungacha bolasini davolatish uchun yaqinlaridan 150 mln so‘mdan ortiq qarz olgan. U sudda farzandini to‘liq davolatish uchun 5 mlrd so‘m kompensatsiya so‘radi.

“2019 yil tug‘ilgan bolamning tomog‘i og‘rigani sabab dorixona xodimi tavsiyasi bilan shu dorini olib ichirgandik. O‘g‘lim bu siropni avval ham ichgandi. Dori to‘rt kun ichilgan. Beshinchi kuni bolam qayt qilib, tobi qochdi. Oilaviy poliklinikaga chiqdik. Shifokorlar dori yozib berishdi, uyga qaytdik. Beshinchi kuni ishdan kelsam, bolamning issig‘i chiqayotgan ekan. Dori berib, issig‘ini tushirdik. Ertasi kuni ishda bo‘lganim sabab, dadam yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib boribdi. U yerda o‘g‘limni ko‘richak deyishibdi. Quvasoy shahar shifoxonasining shifokorlari esa tekshirib ko‘rib, ko‘richak emas deyishgan. O‘sha kuni ukol olib uyga qaytishgan. Ertasi kuni o‘zim yana ukol olsa yaxshi bo‘lar degan umidda shifoxonaga olib bordim. U yerdagilar “bizning kasallik emas, u yoqqa olib bor, bu yoqqa olib bor”, deyishdi. So‘ngra yaxshi bolalar shifokorini aytishib, ko‘rsating deyishdi. Xullas, shu tarzda o‘g‘limni viloyatdagi shifoxonaga olib bordik. Buyrak yetishmovchiligi deyishdi”, — deydi 5 yoshli Nodirbek Alijonov otasi, jabrlanuvchining qonuniy vakili Anvar Abdullayev. 

Anvar Abdullayev, jabrlanuvchi Foto: Kun.uz

Ayni kunda besh yoshga to‘lgan Nodirbek Alijonov doridan zaharlanish sabab ko‘rmaydigan, eshitmaydigan va gapira olmaydigan bo‘lib qolgan. 

“Shifoxonaga borgan kunimizdan ikki kun o‘tgach, bolam komaga tushib qoldi. Kam-kam peshob qila boshladi. Sal o‘ziga kela boshlagach, “dada, uyga olib keting”, derdi. Ko‘p o‘tmay, bolamni Toshkentga olib keldik. Farzandim bu yerda ikki oy komada bo‘ldi. 40 martadan ortiq dializ qilindi. To‘qqiz oy Toshkentda sarson bo‘lib yurdik”, — deydi bolaning otasi.

Jabrlanuvchining qo‘shimcha qilishicha, u ayni kunga qadar farzandini davolatish uchun 300 mln so‘m miqdorida xarajat qilgan. U sudyaning savoliga javoban 5 mlrd so‘m kompensatsiya talab qilishini bildirdi.

Oldingi sud majlisida “Dok-1 Maks” siropi iste’molidan so‘ng gapirishdan va harakatdan qolgan hamda birinchi guruh nogironiga aylangan 5 yoshli bolaning otasi Feruz Nuritdinov sudda farzandini to‘liq davolatish uchun 3 mlrd so‘m kompensatsiya so‘ragani xabar qilingandi. E’tiborlisi, 17 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisda jabrlanuvchi 3 mlrd so‘mlik da’vosini 8 mlrd so‘mga o‘zgartirdi. Bu ayni kunga qadar sudda so‘ralgan tovon pullarining eng ko‘p miqdori hisoblanadi.

“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi 19 yanvar kuni o‘tkaziladi.

Mavzuga oid