Jahon | 15:49 / 20.01.2024
28865
16 daqiqa o‘qiladi

Sovetlardan qolgan texnika – Mi-8 vertolyotlari nega ko‘p qulab tushmoqda?

Bundan bir necha kun oldin Bishkek shahri yaqinida Mi-8 vertolyoti qulab tushdi. Avvalroq Kattaqo‘rg‘onda, Rossiyaning Oltoy o‘lkasida ham Mi-8 lar qulab tushgandi. Xo‘sh, nega so‘nggi paytlarda bunday vertolyotlar tez-tez qulab tushmoqda?

Foto: digitalcombatsimulator.com

20-asrda SSSR ikkita narsasi bilan maqtana olardi. Biri kosmosni o‘zlashtirish, ikkinchisi qurol-yarog‘ va turli harbiy texnikalar ishlab chiqarish.

Sovetlar har ikki soha uchun juda katta mablag‘larni ayamasdan ishlatishar va dunyoning eng ilg‘or davlati bo‘lgan AQSh bilan tengma-teng raqobat olib borishardi.

Oxir-oqibat xalq farovonligidan ko‘ra harbiy sohada va kosmosni o‘zlashtirishda dunyoda yetakchi bo‘lishga intilgan davlat parchalanib ketdi. Biroq o‘sha davrlarda ishlab chiqarilgan turli harbiy texnikalarni ko‘plab mamlakatlar bugun ham ishlatmoqda.

Ulardan biri afsonaviy Mi-8 vertolyotlari hisoblanadi. Vertolyotning afsonaviyligi uning mukammalligi yoki boshqa afzalliklarida emas. Shunchaki bu vertolyotdan juda ko‘p – qariyb 20 ming dona (!) ishlab chiqarilgan.

Ilk sinov nusxasi 1960-yillar boshida, qolganlari SSSR parchalanib ketguncha ishlab chiqarilgan bu vertolyotlar allaqachon muddatini o‘tab bo‘lgan.

Buni so‘nggi yillarda bu turdagi vertolyotlarning tez-tez qulab tushayotgani ham isbotlab turibdi. Biroq hanuzgacha undan dunyoning ko‘plab davlatlari, shu jumladan O‘zbekiston ham foydalanib kelmoqda.

Mi-8 vertolyotlari tarixi

Mi-8 vertolyotlarining tarixi o‘tgan asrning 60-yillari boshiga borib taqaladi. Mi-8 gacha 1950-yillar birinchi yarmida Mi-1 va Mi-4, 1957 yilda Mi-6 vertolyotlari ishlab chiqarilgandi.

Bu vertolyotlarni taniqli sovet aviakonstruktori Mixail Mil loyihalashtirgan. Shu uchun ular Mi deb nom olgan. 1960-yildan boshlab Mixail Mil yangi vertolyot loyihasi ustida ishlay boshlaydi. Bu samolyot Mi-8 deb nom oladi.

Mi-8 vertolyotining dastlabkisi 1961 yilda sinovdan o‘tkaziladi. Oradan bir oy o‘tgach uni Moskvaning Tushinsk aerodromida o‘tkazilgan aviatsiya paradida davlat rahbari Nikita Xrushchyovga ham ko‘rsatishadi.

1964 yilda Mi-8 hukumat komissiyasi tasdig‘idan o‘tadi va uni seriyali ishlab chiqarishga ruxsat berishadi. Vertolyotlar asosan Qozondagi aviatsiya birlashmasida tayyorlangan.

Keyinchalik Mi-8 ning boshqa ko‘plab variantlari ham ishlab chiqariladi. Jumladan, uning fuqaro aviatsiyasi uchun, harbiy jangovar va harbiy transport turlari tayyorlanadi. Ular orasida hatto sanitar vertolyotlari ham bor edi.

Yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallangan Mi-8 larda 28 ta o‘rindiq bo‘lib, ular 500 km masofagacha uchib bora olardi. Harbiy transport vertolyotida 24 ta o‘rindiq joylashtirilgan, qolgan qismi yuk ortishga mo‘ljallangan edi. Jangovar Mi-8 lar esa turli qurollar bilan jihozlanadi.

Mi-8 ning yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan modifikatsiyasi

Mi-8 vertolyotining texnik tavsiflari

  • Og‘irligi (yuksiz) – 6 835-7 370 kg (modifikatsiyasiga qarab);
  • Parvoz paytidagi og‘irligi – o‘rtacha 11 tonna (maksimal 12 tonna;
  • Maksimal tezligi – soatiga 250 km;
  • O‘rtacha og‘irlik bilan parvoz balandligi – 4 500 metr;
  • Vertolyotdagi bitta yoqilg‘i sig‘imi to‘ldirilganda (1 450kg) parvoz uzoqligi – 365 km;
  • Ikkita yoqilg‘i sig‘imi ham to‘ldirilganda (3 445 kg) parvoz uzoqligi – 1 305 km;
  • Ekipaj soni – 3 kishi;
  • O‘rindiqlar soni – turli modifikatsiyalariga qarab 18 tadan 28 tagacha;

Mi-8 vertolyotlariga 1 500 ot kuchiga ega bo‘lgan dvigatellar o‘rnatilgan va ular o‘rtacha soatiga 720 litr yoqilg‘i sarflagan.

Keyinchalik, vertolyotning yangi modifikatsiyalari tayyorlanganda ularga takomillashtirilgan dvigatellar o‘rnatiladi.

Mi-8 larga turli radiolokatsion va navigatsiya moslamalari, avtopilot hamda boshqa ko‘plab uskunalar o‘rnatiladi. Bundan tashqari, ular turli qurol-yarog‘lar, jumladan, yirik kalibrli pulemyot va aviabombalar hamda kichik raketalar bilan jihozlanadi.

Umumiy hisobda Mi-8 vertolyotlari 100 dan oshiq modifikatsiyada ishlab chiqarilgan. Ular orasida transport, harbiy-transport, jangovar, tibbiy, harbiy-tibbiy, yo‘lovchi tashuvchi, harbiylarni tashuvchi vertolyotlar bor edi.

Yo‘lovchi tashuvchi vertolyotlar orasida yuqori martabali amaldorlarni olib yuradigan komfort salonli modifikatsiya ham bo‘lgan. Bu vertolyotda ikkita teri qoplamali divan, stol-stullar, hojatxona, telefon apparati va boshqa qulayliklar qilingandi.

Bundan tashqari, xorijlik mehmonlarni olib yurish uchun mo‘ljallangan Mi-8 vertolyotlari ham bo‘lib, ular ham yaxshiroq jihozlangandi. SSSR parchalanib ketgandan so‘ng tijoriy parvozlarga mo‘ljallangan Mi-8 vertolyotlari ham tayyorlangan.

Rossiya foydalanayotgan "sanitar" Mi-8

Mi-8 vertolyotlari qatnashgan harbiy harakatlar va urushlar

Mi-8 vertolyotlari ishlab chiqarila boshlangandan buyon harbiy harakatlarda qatnashib keladi.

Jumladan:

  • 1967 yilda bo‘lib o‘tgan “Olti kunlik urush”da Misr foydalangan;
  • 1965-1975 yillarda bo‘lib o‘tgan Vetnam urushida Shimoliy Vetnam foydalangan;
  • 1977-1978 yillarda bo‘lib o‘tgan Efiopiya-Somali urushida foydalanishgan;
  • 1979-1989 yillarda bo‘lib o‘tgan Afg‘on urushida SSSR va Afg‘oniston armiyalari hamkorlikda foydalangan;

 

Afg‘on urushida qatnashayotgan Mi-8
  • 1980-1988 yillarda bo‘lib o‘tgan Eron-Iroq urushida Iroq foydalangan;
  • 1981 yilda bo‘lib o‘tgan Peru-Ekvador urushida Mi-8 vertolyotlaridan ikkala tomon ham foydalangan;
  • 1990-1991 yilda bo‘lib o‘tgan Fors ko‘rfazidagi urushlarda (Iroq-Kuvayt urushi va xalqaro kaolitsiyaning Iroqqa qarshi urushi) Iroq foydalangan;
  • 1994-1996 yillarda bo‘lib o‘tgan Birinchi Chechen urushi va 1999 yilda bo‘lib o‘tgan Ikkinchi Chechen urushida chechenlar va Rossiya armiyasi foydalangan;
  • 1998-2000 yillarda bo‘lib o‘tgan Efiopiya-Eritreya urushida foydalanishgan;
  • 1999 yilda NATOning Yugoslaviyadagi harbiy operatsiyasida serblar foydalangan;
  • 2001-2021 yillarda AQSh Afg‘onistonga bostirib kirganda afg‘onlar foydalangan;
  • 2004 yil AQSh Iroqqa bostirib kirganda iroqliklar foydalangan;
  • 2008 yilda bo‘lib o‘tgan Gruziya-Rossiya urushida har ikki tomon foydalangan;
Result image vietbao.vn

Shuningdek, Mi-8 vertolyotlaridan Suriyada va Liviyadagi fuqarolar urushida, 2014 yilda Rossiyaning Donbass va Qrimga, 2022 yilda Ukrainaga bostirib kirishida foydalanilgan.

Mi-8 vertolyotlaridan 17 mingta ishlab chiqarilgan va ularning 12 mingtasi harbiy vertolyotlar bo‘lgan. SSSR paytida va undan keyin Mi-8 vertolyotlari dunyoning ko‘plab davlatlariga sotilgan. Vertolyotning o‘rtacha narxi 15 mln dollarga baholangan.

Bugun Mi-8 vertolyotlaridan dunyoning ko‘plab davlatlari foydalanadi. Ularning eng ko‘pi Rossiya va boshqa sobiq ittifoq respublikalari hissasiga to‘g‘ri keladi. The Military Balance ma’lumotlariga ko‘ra 2023 yilda O‘zbekistonda jami 52 dona Mi-8 vertolyoti bo‘lgan.

Foto: uza.uz

Yo‘qotishlar

So‘nggi yillarda Mi-8 vertolyotlarining qulab tushishi bilan bog‘liq hodisalar ko‘paydi. Masalan, bundan bir necha kun oldin Bryansk viloyatida Rossiyaga tegishli Mi-8 qulab tushishdan zo‘rg‘a qutulib qoldi va majburiy qo‘nishni amalga oshirdi.

Avvalroq, Bishkek shahri yaqinida, Rossiyaning Oltoy o‘lkasida, O‘zbekistonning Kattaqo‘rg‘on shahrida Mi-8 vertolyotlari qulab tushgan edi.

Mi-8 vertolyotlarining halokatlariga asosan ularning eskirib, o‘z muddatini o‘tab bo‘lgani sabab bo‘lyapti deb aytish mumkin. Chunki Mi-8 lar asosan sovet davrida ishlab chiqarilgan va ulardan kamida 30-40 yildan buyon foydalanib kelinmoqda.

Umuman olganda, Mi-8 vertolyotlaridan harbiy maqsadlarda foydalanilgan va ularning asosiy qismi urushlar va boshqa sabablar bilan yo‘q bo‘lib ketgan.

Mi-8 vertolyotlari eng ko‘p Afg‘on urushida yo‘qotilgan. SSSR tomoni qariyb 200 ga yaqin, Afg‘on tomoni ham taxminlarga ko‘ra 100 dan oshiq Mi-8 dan ayrilgan

Biroq sovet rasmiy hisobotlarida ko‘rsatilgan raqamlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, ular Afg‘on urushida ko‘proq samolyot va vertolyotlar yo‘qotgan bo‘lishi ham mumkin.

Afg‘on urushida qulab tushgan Mi-8

Agar Mi turkumiga kiruvchi vertolyotlar tarixiga nazar tashlansa Mi-34 gacha bo‘lgan barcha modifikatsiyalar sovet davrida ishlab chiqarilgan va SSSR parchalanib ketgandan so‘ng ularni tayyorlash to‘xtab qolgan.

Keyingi yillarda Rossiya sovet davrida tayyorlangan modifikatsiyalarni biroz mukammallashtirib, Mi-35M, Mi-38 va Mi-54 vertolyotlarini ishlab chiqargan xolos.

Bular orasida faqat M35-M biroz ommalashgan va bir nechta xorijiy davlatlarga ham sotilgan (bunday vertolyot O‘zbekistonda ham bor).

SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Rossiya Mi-8 vertolyotlarini yetarlicha mukammallashtira olmaganiga bu davlat transport sanoati uchun sifatli dvigatellar yo‘qligi to‘siq bo‘lgan.

Ya’ni Rossiyada aviasanoat uchun sifatli va ishonchli dvigatellar tayyorlanmaydi. Xorij kompaniyalari nafaqat harbiy sanoat, balki fuqaro aviatsiyasida foydalaniladigan samolyotlar uchun ham sifatli dvigatel bermoqchi emas.

Shu sababli 1990-yillar ikkinchi yarmidan boshlab SSSR paytida ishlab chiqarilgan baland ovozli samolyotlari Yevroittifoq osmonida uchishi taqiqlangach, ruslar aynan sifatli dvigatellar yo‘qligi tufayli tuzukroq samolyot ishlab chiqara olmayapti.

Xuddi shu holat harbiy transport sanoatida ham sodir bo‘lyapti. So‘nggi yillarda Rossiya bir necha turdagi yangi harbiy samolyotlarni ishlab chiqardi. Biroq vertolyotlar ishlab chiqarish masalasida maqtana olmaydi.

Rossiya foydalanayotgan Mi-8 vertolyotlarining aksariyati sovet davrida ishlab chiqarilgan \ Foto: deagel.com

Mi-8 bilan bog‘liq yirik halokatlar

Parvoz qila boshlagan yillaridan boshlab hozirgacha har yili ko‘plab Mi-8 vertolyotlari halokatga uchragan yoki qulab tushgan. Oqibatda ko‘plab insonlar halok bo‘lgan.

SSSR paytida sodir bo‘lgan juda ko‘p halokatlar ommadan yashirilgan. Hozir ham ularning aksariyati haqida ma’lumotlar yo‘q, borlari ham to‘liq emas. Shu sababli quyida SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Mi-8 vertolyotlari bilan sodir bo‘lgan yirik halokatlar haqida ma’lumotlarni keltiramiz.

Abxaziya respublikasi, 1992 yil. Gurjiston-Abxaziya urushida gurjilar Tkvarcheli shahrini qamal qilishadi. Shunda Mi-8 vertolyotlaridan biriga uchuvchilar 80 dan oshiq qariyalar, ayollar va bolalarni ortib uchib ketishayotganda gurjilar tomonidan urib tushiriladi.

Vertolyotda bo‘lgan barcha 85 nafar odam halok bo‘ladi. Bu hodisa vertolyotda sodir bo‘lgan eng yirik halokat sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.

Ma’lumot uchun, keyinchalik 2002 yilda Chechenistonda sodir bo‘lgan vertolyot halokati qurbonlari Abxaziyadagi hodisadan ham ko‘p bo‘ladi. Chechen jangarilari tomonidan Mi-26 vertolyoti urib tushiriladi va uning bortida bo‘lgan 142 kishidan 127 nafari halok bo‘ladi.

Ozarboyjon, 1997 yil. Mi-8 Boku shahri yaqinidagi neft platformalaridan biriga qo‘nishda halokatga uchraydi va dengizga qulab tushib, cho‘kib ketadi. Oqibatda, uning bortida bo‘lgan 21 kishidan 20 nafari halok bo‘ladi. Halokat kuchli shamol paytida uchuvchilarning boshqaruvni yo‘qotishi tufayli yuz bergan.

Rossiyada qulab tushgan Mi-8 \ Foto: emigrados.ru

Qirg‘iziston, 1998 yil. Rossiyaga tegishli Mi-8 xususiy krompaniyaga tegishli ishchilarni olib ketayotganida halokatga uchraydi. Oqibatda vertolyot bortida bo‘lgan 20 kishi halok bo‘ladi. Halokatga uchuvchilar boshqaruvni yo‘qotib, elektr tarmoqlariga borib urilgani sabab bo‘lgan.

Tojikiston, 1999 yil. Rossiya harbiylariga tegishli Mi-8 parvozdan 35 daqiqa o‘tib qulab tushadi. Oqibatda uning bortidagi 18 nafar harbiy halok bo‘ladi.

Rossiya, 1999 yil. Yo‘lovchi tashuvchi Mi-8 Kamchatka o‘lkasida halokatga uchraydi. Oqibatda uning bortidagi 26 kishidan 21 nafari halok bo‘ladi. Halokat uchuvchilarning xatosi sababli yuz bergan.

Kamchatka o‘lkasi, 2003 yil. Yo‘lovchi tashuvchi Mi-8 Kamchatka o‘lkasida halokatga uchraydi va uning bortida bo‘lgan 20 kishi halok bo‘ladi. Halokat yomon ob-havo sharoitida uchuvchilarning tajribasizlik qilgani sababli kelib chiqqan.

Serra-Leone, 2004 yil. Rossiyaga tegishli, Afrikadagi Siyerra-Leone davlatida BMT tinchlikparvar kuchlari tarkibida xizmat qilayotgan Mi-8 halokatga uchraydi. Oqibatda, uning bortida bo‘lgan 24 odam halok bo‘ladi. Halokat sababi ochiqlanmagan.

Misrga tegishli Mi-8 \ Foto: digitalcombatsimulator.com

Checheniston, 2007 yil. Harbiylarni olib ketayotgan Mi-8 tog‘li hududga qo‘nish chog‘ida halokatga uchraydi. Oqibatda uning bortida bo‘lgan 18 nafar harbiy halok bo‘ladi. Halokatga noqulay ob-havo sharoitida uchuvchilarning xatosi sabab bo‘lgan.

Siyerra-Leone, 2007 yil. Nigeriyaga tegishli yo‘lovchi tashuvchi Mi-8 Siyerra-Leonening Fritauna shahrida halokatga uchraydi. Oqibatda, uning bortida bo‘lgan 23 kishidan 22 nafari halok bo‘ladi. Halokat uchuvchilarning qo‘nish paytida xatoga yo‘l qo‘ygani tufayli yuz bergan.

Ukraina, 2008 yil. Mi-8 samolyoti kuchli shamol tufayli Qora dengizdagi burg‘ilash uskunasiga borib uriladi va qulab tushadi. Oqibatda uning bortida bo‘lgan 20 kishi halok bo‘ladi.

Suriya, 2012 yil. Suriya harbiylariga tegishli Mi-8 raketa bilan nishonga olinadi. Oqibatda vertolyot qulab tushadi va uning bortida bo‘lgan 19 harbiy vafot etadi.

Yamal-nenets avtonom okrugi, 2016 yil. Krasnoyarsk o‘lkasidan ishchilarni olib ketayotgan Mi-8 qulab tushadi. Oqibatda vertolyot bortidagi 22 kishidan 19 nafari halok bo‘ladi. Halokat vertolyotda yoqilg‘i tugab qolgani ortidan yuz beradi.

Krasnoyarskka qulab tushgan Mi-8

Krasnoyarsk o‘lkasi, 2018 yil. Mi-8 vertolyoti boshqa bir vertolyoti olib ketayotgan yukning trossiga uriladi. So‘ng qulab tushib yonib ketadi. Oqibatda, uning bortida bo‘lgan 18 kishi halok bo‘ladi.

Mi-8 halokati bilan bog‘liq hodisa O‘zbekistonda ham yuz bergan. 2023 yil 17 noyabr kuni Kattaqo‘rg‘on tumanida joylashgan harbiy poligonda Mi-8 vertolyoti qulab tushadi va uning ekipaji halok bo‘ladi.

Ma’lumot uchun 2016 yil 18 oktyabr kuni Farg‘ona viloyatida Mi-171 vertolyoti qulab tushgan va uning bortidagi 9 kishi nobud bo‘lgandi.

Mi-8 vertolyotlari bilan sodir bo‘lgan halokatlarda bir qancha taniqli shaxslar ham vafot etgan. Jumladan, 2002 yilda Krasnoyarsk o‘lkasida sodir bo‘lgan Mi-8 halokatida o‘lka rahbariyati hamda rossiyalik taniqli siyosatchi, general Aleksandr Lebed vafot etadi.

Aleksandr Lebedning o‘limiga sabab bo‘lgan Mi-8 qulagan joy

Bundan tashqari, 2003 yilda Saxalin viloyati gubernatori Igor Farxutdinov, 2007 yilda Togo davlati sport vaziri Rishar Attipoye ham aynan Mi-8 qulab tushishi ortidan halok bo‘lgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid