Jahon | 16:49 / 22.01.2024
18249
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston TIV Yekaterinburgdagi qurilish maydonidagi holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazishni talab qildi

17 yanvar kuni prokuratura, FXX, IIV va Rosgvardiya xodimlari Rossiyaning Yekaterinburg shahridagi qurilish maydonlaridan birida reyd o‘tkazib, ishchilarni o‘rdaksimon usulda yurishga majburlagandi.

Foto: Videodan kadr

Reyd vaqtida ishchilar o‘tirgan holatda bir safga tizilib yurishga majbur qilingani aks etgan kadrlar avvaliga «Russkaya obshchina Yekaterinburga» telegram-kanalida, keyin esa Itʼs My City nashrida e’lon qilindi.

Itʼs My City nashri yozishicha, Azina ko‘chasidagi qurilish maydonida o‘tkazilgan reyd davomida shu yerda ishlovchi jami 150 kishining hujjatlari tekshirilgan. Shundan sakkiz kishini deportatsiya qilishga qaror qilishgan, yana to‘rt kishiga harbiy komissariatga chaqiruv qog‘ozi berilgan - ular Rossiya pasportini olganiga qaramay, hali hisobga turmagani ma’lum bo‘lgan. 

Qurilish maydoni ishchilaridan 40 nafarga yaqini Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lgan, shundan uch nafari ishchilar o‘rdaksimon yurishga majburlangani aks etgan tasvirlarda ko‘rinish bergan. Respublika TIV alohida «axborot xabari» e’lon qilib, unda Bosh konsullik Rossiyaning nazorat organlari «huquq-tartibot organlari mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning qadr-qimmatini kamsituvchi usullardan foydalanishining qonuniyligini tekshirishi» uchun tegishli choralarni ko‘rayotgani bildirilgan.

TIV xabarida qayd etilishicha, videoda aks etgan qirg‘izistonliklarning o‘zi huquq-tartibot organlarining harakatlari ustidan shikoyat yozishni istamagan.

Ichki ishlar vazirligining Sverdlovsk oblasti bo‘yicha boshqarmasi matbuot xizmati Valeriy Gorelix qurilish maydonlarida reyd o‘tkazilganini tasdiqlab, «joriy yilda bunday ishlar regionning barcha munitsipalitetlarida davom ettirilishi»ni ta’kidlagan.

  • Rossiyada ishlovchi mehnat migrantlari orasida Qirg‘iziston fuqarolari ko‘pchilikni tashkil etadi. 2023 yil sentabrida «Rossiyskaya gazeta» mamlakatda Qirg‘izistondan kelgan 1 milliondan ortiq mehnat migrantlari borligi haqida yozgandi.

Mavzuga oid