Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya muxolifati Nadejdin uchun imzo qo‘yishga chaqirdi
Rossiyaning ayrim muxolifat yetakchilari o‘z tarafdorlarini urushga qarshi nomzod sifatida Rossiya Federatsiyasi prezidentligiga Boris Nadejdinni ilgari surish uchun imzo qo‘yishga chaqirdi.
Ukrainadagi urushga qarshi chiqqan rossiyaliklar Boris Nadejdinni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatish uchun imzo qo‘yishi mumkin, hatto uni o‘z nomzodi deb hisoblamasa ham, deya ma’lum qildi siyosatchi Mixail Xodorkovskiy 21 yanvar, yakshanba kuni. Ilgari Aleksey Navalniyning tarafdorlari va Rossiya muxolifati boshqa vakillari ham shunday chaqiriqlar bilan chiqqan.
«Nadejdin uchun imzo - hokimiyatdagilarga qarshi, o‘zgarish uchun bayonotdir», deb yozgan Xodorkovskiy. U imzo qo‘yish orqali urushga qarshi pozitsiyasini ifodalash mumkinligini ta’kidladi.
Avvalroq Nadejdin nomzodi uchun imzo qo‘yish taklifini Aleksey Navalniyning tarafdorlari Georgiy Alburov, Ruslan Shaveddinov va Lyubov Sobol qo‘llab-quvvatlagan edi. «Nomzodlar qancha ko‘p bo‘lsa, amaldagi rahbariyat shunchalik kam to‘playdi. Agar shahringizda imzo to‘plash punkti bo‘lsa, dam olish kunlari u yerga borib keling», deb yozgan Alburov.
Navalniy tarafdorlarining saylovoldi kampaniyasi to‘g‘ridan to‘g‘ri Nadejdin uchun imzo qo‘yishga chaqirmaydi, balki amaldagi rahbariyatdan boshqa har qanday nomzodga ovoz berishni qo‘llab-quvvatlaydi. «Amaldagi hokimiyat uchun 2024 yilgi saylovlar - harakatlarni ma’qullash, urushni ma’qullash bo‘yicha referendum. 17 mart kuni Rossiya ko‘pchilik ularni mamlakat boshida ko‘rishni istamasligini tushunishi kerak. Ovoz berish natijalari soxtalashtirilishi mumkin, ammo bizning vazifamiz endi amaldagi hokimiyat kerak emasligi bo‘yicha aniq signal berishdir», deyiladi FBK targ‘ibot kampaniyasi saytida. Siyosatchi Maksim Kats ham Nadejdin uchun imzo chekishga chaqirdi.
Boris Nadejdinning ilgari surilishi
Nadejdin 23 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan «Grajdanskaya initsiativa» partiyasining qurultoyida Rossiya Federatsiyasi prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan edi. Saylovda nomzodi ro‘yxatga olinishi uchun u 100 ming saylovchi imzosini to‘plashi kerak.
Boris Nadejdin 60 yoshda. Fizika-matematika fanlari nomzodi. U Moskva fizika-texnika institutida (MFTI) huquq fakultetiga asos solgan va 2016 yilgacha unga rahbarlik qilgan. 1999-2003 yillarda Nadejdin SPSdan davlat dumasi deputati, 2008-2011 yillarda milliarder Mixail Proxorovning «Pravoye delo» partiyasi a’zosi, 2012 yilda esa «Spravedlivaya Rossiya» partiyasidan Sergey Mironovning ishonchli vakili, shuningdek, Vladimir Putin jamoasidan kuzatuvchi bo‘lgan. 2016 yilgi davlat dumasiga saylovlar oldidan Nadejdin «Yedinaya Rossiya»ning praymerizlarida muvaffaqiyatsiz ishtirok etdi. Nadejdinning saytida bo‘lajak prezidentlik saylovlari manifestida «tinchlik», «so‘z erkinligi», «hamkorlik», «fuqarolik jamiyati» va «adolatli saylovlar» shiorlari mavjud.
21 yanvar holatiga ko‘ra, Nadejdin shtabi 54 740 ta imzo to‘plaganini ma’lum qildi - bu talab qilinganining yarmi. Shu bilan birga, shtab Moskvada yetarli miqdordagi imzo to‘planganini ta’kidladi, ammo «hozir mintaqaviy ro‘yxatga olingan fuqarolardan imzolar kutilmoqda».
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
10:23 / 28.05.2025
Davlat departamenti spikeri: Rossiya Trampning so‘zlarini jiddiy qabul qilishi kerak
09:03 / 28.05.2025
WSJ: Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish haqida o‘ylayapti
21:34 / 27.05.2025