Jahon | 21:02 / 23.01.2024
6185
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya sudi Alisher Usmonovni «Putinning odami» degan Forbes nashrini nohaq deb topdi 

Sud bunday bayonotlarni tarqatishni taqiqlab qo‘ydi. 

Foto: TASS

Germaniyaning Hamburg hududiy sudi Amerikaning Forbes jurnaliga biznesmen, USM holdingi asoschisi Alisher Usmonovni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning «odami» ekani va uning «biznes muammolarini hal qilishi» haqidagi bayonotlarni tarqatishni taqiqladi. Bu haqda RBK xabar berdi. 

Oligarx vakillarining 2023 yil fevral oyida sudga yuborgan da’vosiga sabab Forbes jurnalining 2022 yil 2 fevraldagi maqolasi edi. «Ukraina tufayli Bayden sanksiyalariga tushishi mumkin bo‘lgan Putinning oligarxlari bilan tanishing» sarlavhali maqolada rossiyalik milliarderlar haqida bayon qilinadi. Usmonovning advokatlari materialda asossiz ayblovlar, ya’ni anonim ekspertning «Usmonov bir necha bor Putinning odami bo‘lgan va uning biznesidagi muammolarini hal qilgan» degan iqtibos borligini aytishdi. 

2022 yil fevral oyida bu ibora Yevropa Ittifoqi Kengashi tomonidan tadbirkorga qarshi kiritilgan sanksiyalarni oqlashda keltirildi. Usmonovning advokatlari Forbes maqolasidagi bayonotlarni yolg‘on va tuhmat deb atadi. 

Forbes bu bayonotni asoslab bergan anonim manbani oshkor qilishdan bosh tortdi. Nashr Usmonov qachon va qanday qilib «Putinning biznes muammolarini hal qilgani» haqida misol keltira olmadi, deyiladi sud hujjatlarida. 

Germaniya sudi, shuningdek, Forbes nashriga boshqa bayonotlarni tarqatishni ham taqiqladi. Ular orasida Usmonov Rossiyaning sobiq aloqa vaziri Leonid Reymandan Putinning «biznes muammosini hal qilish» uchun «Megafon» uyali aloqa operatori ulushini sotib olgani haqidagi jumlalar bor. Reymanning o‘zi «Megafon»ga egalik qilganini muntazam rad qilib kelmoqda. 

Ommaviy axborot vositalarining qayd etishicha, sud qarori Ukrainadagi harbiy amaliyot bilan bog‘liq holda ayrim rossiyaliklarga joriy qilingan sanksiyalarni oqlash uchun Yevropa Ittifoqi tayangan manbalarni shubha ostiga olishga qonuniy pretsedent yaratishi mumkin. 

2023 yil avgustida Avstriyaning Kurier gazetasi Usmonovga sudda yutqazib qo‘ydi, uning maqolasida Usmonov Putinning «sevimli oligarxlaridan biri» deb atalgan edi. Hamburg sudi nizoda tadbirkor tomonida bo‘ldi va bu bayonot tuhmat, degan xulosaga keldi. 2023 yil sentabrida YeI Kengashi Usmonovga nisbatan «oligarx» ta’rifidan voz kechdi. 

Alisher Usmonov Rossiyaning eng boy biznesmenlari reytingida 8-o‘rinda. Tadbirkor USM holdingining asoschisi va asosiy aksiyadori (49%) bo‘lib, o‘z navbatida «Metalloinvest» va «Megafon» kompaniyalariga egalik qiladi. Rossiyaning Forbes nashri ma’lumotlariga ko‘ra, uning boyligi 2023 yilda 14,4 milliard dollarni tashkil qilgan.

Mavzuga oid