O‘zbekiston | 12:33 / 23.01.2024
17902
3 daqiqa o‘qiladi

Maishiy texnika importiga oid cheklov SSP va Prezident huzuridagi kengash bilan ham kelishilmagani ma’lum bo‘ldi

1 fevraldan boshlab O‘zbekistonda rasmiy dileri va servis markazi bo‘lmagan xorijiy brendlarning maishiy texnikalarini olib kirib bo‘lmaydi. Ma’lum bo‘lishicha, tegishli hujjatning nafaqat Adliya vazirligiga, balki Savdo-sanoat palatasiga kiritilgan loyihasida ham bu cheklov haqidagi band bo‘lmagan. Loyiha Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi muhokamasiga ham kiritilmagan.

Foto: Severnyy polyus

Elektrotexnika sanoatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi choralar haqidagi prezident qarorining Savdo-sanoat palatasiga kiritilgan loyihasida maishiy texnika importiga oid band mavjud bo‘lmagan.

Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, 18 turdagi maishiy texnika tovarlarini import qilishda ishlab chiqaruvchining O‘zbekistonda rasmiy dileri va servis xizmati mavjud bo‘lishi haqidagi talab qarorga keyinroq qo‘shib yuborilgan.

  • “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi qonunning 22-moddasiga binoan, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga bevosita yoki bilvosita ta’sir qiladigan masalalarga doir normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari majburiy tartibda SSP bilan kelishilishi lozim.

Bundan tashqari, yuqoridagi qaror loyihasi O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashiga kiritilmagan.

  • Prezidentning 2023 yildagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar ijrosiga doir qaroriga asosan, tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazishdan oldin Jamoatchilik kengashi muhokamasidan o‘tkazish belgilangan edi.

Kun.uz avvalroq maishiy texnika importiga doir yangi norma qarorning Adliya vazirligiga huquqiy ekspertiza uchun kiritilgan loyihasida ham mavjud bo‘lmagani haqida xabar bergandi.

Adliya vazirligi, shunga ko‘ra, tashabbuskor (Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi) tomonidan bu norma tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkazilganmi-yo‘qmi, bundan bexabar ekanini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda dilerlik va servis markazlarini ochmagan xorijiy ishlab chiqaruvchilarning tovarlarini import qilish cheklovi televizor, kir yuvish mashinasi, konditsioner, dazmol kabi jami 18 turdagi maishiy texnikalarga taalluqli.

Bu mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi mahalliy kompaniyalarga esa navbatdagi imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etildi.

Kecha, 22 yanvar kuni Kun.uz studiyasida bu qaror yuzasidan iqtisodchi Otabek Bakirov hamda Artel kompaniyasi rahbari Shohrux Ro‘ziqulov va boshqalar ishtirokida jonli efirdagi ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Mavzuga oid