Jahon | 15:28 / 24.01.2024
6804
4 daqiqa o‘qiladi

OAV: Isroil va HAMAS bir oylik otashkesim haqida kelishib oldi

Reuters xabariga ko‘ra, Isroil va HAMAS G‘azo sektorida vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish, garovga olingan isroilliklar va falastinlik asirlarni ozod qilish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishgan.

Foto: Reuters

Reuters xabariga ko‘ra, Isroil hukumati va HAMAS guruhi G‘azo sektorida 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish, falastinlik asirlar va isroillik garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishgan. Bunga Qatar, AQSh va Misr vositachiligida so‘nggi haftalarda olib borilgan intensiv muzokaralar natijasida erishildi, biroq Isroilning harbiy amaliyotini yakuniy to‘xtatish shartlari bo‘yicha kelishmovchiliklar saqlanib qolgani sababli yangi sulhning amalga oshirilishi kechiktirildi. Bu haqda agentlik 24 yanvar, chorshanba kuni bir nechta manbalarga tayanib xabar berdi

HAMAS doimiy otashkesim shartlarini muvofiqlashtirish zarurligini bildiryapti
 
Reuters ta’kidlaganidek, Isroil va vositachilar tinch aholidan tortib harbiylargacha bo‘lgan turli toifadagi isroillik garovga olinganlarni bosqichma-bosqich ozod qilishga intilmoqda va buning evaziga falastinlik asirlarni ozod etishni hamda G‘azo sektoriga yordamni oshirishni taklif qilmoqda. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, diplomatik sa’y-harakatlarning joriy bosqichi 28 dekabrda boshlangan. Muzokaralar chog‘ida HAMASning vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi talablari bir necha oydan 30 kunga qisqartirildi, dedi muloqot tafsilotlari bilan tanish bo‘lgan ismi oshkor etilmagan rasmiy. 

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil Falastin guruhiga, agar HAMAS yetakchilari G‘azo sektoridan chiqib ketsa, harbiy amaliyotni to‘xtatishni taklif qiladi, biroq HAMAS bu talablarni rad etdi hamda vaqtincha sulh va garovga olinganlarni ozod qilish sharti sifatida yana doimiy o‘t ochishni to‘xtatish uchun kafolatlar berishni talab qildi. Shu bilan birga, Reuters suhbatdoshlari kelishuv istalgan daqiqada tuzilishi mumkinligini ta’kidlamoqda. 

Rasmiy manbalar Reuters axborotini hali tasdiqlanmadi. Axios avvalroq Isroilning ikki oy davomida o‘t ochishni to‘xtatish taklifi haqida xabar bergan edi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 25 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid