O‘zbekiston | 11:16 / 24.01.2024
17420
7 daqiqa o‘qiladi

Turk tili sertifikati uchun imtihon natijalaridan ba’zilar norozi – BMBA izoh berdi

Dekabr oyida 4,5 ming talabgor turk tilidan sertifikat olish uchun hujjat topshirgan. Agentlikka ko‘ra, natijalar hisoblab bo‘lingach, ularni mygov.uz saytiga joylash jarayonida texnik xatoliklar o‘tgani ayrim talabgorlarda norozilik paydo qilgan. Shuningdek, agentlik chet tilini bilish darajasini baholash mezonlarini yaqinda e’lon qildi.

Foto: Shutterstock

2023 yilning 16-17 dekabr kunlari chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha turk tilidan test sinovlari o‘tkazilgan. Imtihon topshirganlarning ba’zilari og‘zaki va yozma imtihondan o‘zlariga qo‘yilgan ballar adolatsiz ekanini aytib, Kun.uz’ga murojaat qildi.

Noroziliklar ko‘paygach, tahririyat holatga aniqlik kiritish uchun Bilim va malakalarni baholash agentligi vakili bilan bog‘landi. Agentlik adolatsizlik bo‘lganini aytayotgan ishtirokchilarning ishlarini tahririyat xodimlari va xolislik bo‘lishi uchun tashqi ekspert yordamida qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.

19 yanvar kuni Kun.uz muxbirlari va tashqi ekspert Hilol Edu o‘quv markazi asoschisi, turk tili o‘qituvchisi G‘ulomjon Sobirov bilan Bilim va malakalarni baholash agentligi binosiga tashrif buyurdi. Agentlik vakillari Kun.uzʼga murojaat qilgan 2 ishtirokchining og‘zaki va yozma imtihon ishini taqdim qildi.

Buxoro viloyatidagi maktab o‘qituvchisi 16 dekabr kuni turk tilidan B2 daraja sertifikatini olish uchun imtihon topshirgan. Uning murojaatida aytilishicha, sinovning gapirib berish qismida unga 30 balldan 9 ball qo‘yilgan.

Men o‘zim ham o‘qituvchiman, shuning uchun qanday imtihon topshirib, gapirib berganimni o‘zim bilaman. Men bilan imtihon topshirgan boshqa bir ishtirokchiga gapirib berish qismidan 15 ball qo‘yilgan. Vaholanki, u faqat savollarning o‘zini o‘qib, javob bermay chiqib ketganini aytdi. Men o‘zimga qo‘yilgan ball qayta ko‘rib chiqilishini xohlayman”, – deyilgan murojaatda.

Unga qo‘shimcha qilib, imtihonning gapirish qismidan 15 ball olgan va o‘zini bu balldan kamrog‘iga loyiq deb o‘ylayotgan ishtirokchi ham videomurojaat yo‘llagan.

16 dekabr kuni turk tili imtihonining gapirish qismida qatnashgandim. Imtihonda menga berilgan savollarni o‘qib chiqib ketgan edim, ya’ni javob bermagandim. Nega menga 15 ball qo‘yishganiga hayronman”, – degan u.

Agentlik vakillari birinchi murojaatchining imtihon topshirish jarayonida yozib olingan audiolarini taqdim qildi. Audioni tashqi ekspert G‘ulomjon Sobirov baholab, shunday dedi:

Bu audioda gap qurilishi, talaffuzi o‘zbekcha bilan aralashib ketgan. So‘zlar talaffuzida, A1, A2 darajadagi grammatik qoidalar buzib yuborilgan. Ishtirokchi o‘ziga yaxshi gapirgan kabi bo‘lib ko‘ringan bo‘lishi mumkin, lekin hattoki turk tilidagi unlilarni bir-biriga moslashishi qoidasini unutgan. Men bu javobga B2 daraja uchun 10 balldan yuqori bera olmayman”, – dedi u.

Keyin ikkinchi murojaatchining og‘zaki javoblari eshitildi. Unda haqiqatdan ham murojaatchi o‘zi aytganidek, biror savolga javob berolmagan.

Men bunga qanday ball qo‘yishni ham bilmayman. Lekin bu aniq 15 ballga loyiq emas”, – dedi tashqi ekspert Sobirov.

Ikkinchi murojaat bo‘yicha xato ball qo‘yilganini agentlik vakillari ham tan olishdi.

Bizda 2 nafar ekspert bo‘ladi. Ikkisi ham kimning gapirish imtihonini tekshirayotganini bilmaydi. Ya’ni anonim tarzda shtrix kod bilan beriladi. Shu ekspertlardan biri yuqoriroq ball qo‘ygan bo‘lsa kerak”, – dedi agentlik mutaxassisi Zohidbek Shakarov.

Shuni qo‘shimcha qilish kerakki, yuqoridagi 2 talabgorning yozma ishi ham birgalikda tekshirildi. Ularni baholagan tashqi ekspert G‘ulomjon Sobirov yozma ishlarga agentlik mutaxassislari qo‘yganidan yuqori ball berolmasligini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, javoblar e’lon qilingach, ayrimlarning ballarida 4 xonali raqamlar paydo bo‘lgan. Biroq imtihonda beriladigan maksimal ball ham 3 xonalidan oshmaydi.

Masalan, ayrimlarda 1844 raqami paydo bo‘lgani haqida rasmlar tarqaldi. Aslida bu yerda 18.44 bo‘lishi kerak edi, ya’ni bitta nuqta tushib qolgan. Bunga sabab biz ma’lumotlarni mygov.uz’ga to‘liq yuklab bo‘lmasimizdan ishtirokchilar o‘z ballini ko‘rishga shoshilgan. Ya’ni saytda hali texnik ishlar yakunlanmagan va biz javoblar e’lon qilindi deb xabar bermagandik. Xatolar tuzatilishi uchun vaqt kerak. Biz hamma jarayonni, kamchiliklarni bartaraf etib, keyin e’lon beramiz. Hozir kirsangiz, bu xato tuzatilgan”, – dedi agentlikning chet tillarni bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi boshlig‘i Javlonbek Nurmatov.

Ma’lum qilinishicha, dekabrdagi turk tili imtihonlarida 4.5 ming talabgor hujjat topshirib, imtihonda qatnashgan. Bu raqam agentlik kutganidan ancha ko‘p.

Shuning uchun hamma natijalarni joylashimiz vaqt oladi. Talabgorlar juda ko‘p. Hammasiga ulgurishimiz qiyin bo‘ladi. Qolaversa javoblarni 1 hafta ichida e’lon qilyapmiz. Testlarni tekshirish uchun bu vaqt kam. Chunki biz boshqa chet tillardan imtihonlarni o‘tkazamiz”, – dedi mas’ullar.

Shuni ta’kidlash joizki, imtihonlar o‘tkazilganda turk tilidan baholash mezonlari e’lon qilinmagandi. Ya’ni imtihon topshirishni reja qilgan talabgor qaysi mezonlar asosida tayyorlanishni bilmaydi. Aynan shu sababdan ham yuqoridagi kabi muammolar va tushunmovchiliklar kuzatilgan. Agar talabgorlar o‘zlarini qanday mezonlar asosida baholanishlarini bilsalar, shunga qarab tayyorlanib, o‘zlarining bilimlariga yetarli bahoni bera olishlari mumkin.

Bizda baholash mezonlari bor, ishlab chiqilgan. Ekspertlarimiz ham shu asosida talabgorga ball qo‘yyapti. Shu paytgacha nega mezonlar e’lon qilinmadi degan savolingiz o‘rinli. Baholash mezonlari murakkab bo‘lgani uchun bu bo‘yicha tushunmovchiliklar bo‘lishi mumkin deb hisoblagandik. Lekin yaqin orada baholash mezonlari Telegram-kanalimiz va saytimizda e’lon qilinadi”, – dedi agentlikning chet tillarni bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi boshlig‘i Javlonbek Nurmatov.

Ma’lumot uchun, agentlik chet tillarini baholash bo‘yicha mezonlarni yaqinda e’lon qildi. Buni ushbu havola orqali ko‘rish mumkin.

Mavzuga oid