Jahon | 10:50 / 25.01.2024
2236
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat dumasi «feyklar» uchun mulkni musodara etish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi

Birinchi o‘qishda dumaning 395 nafar deputati «feyklar» uchun sudlanganlarning mulkini musodara qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini yoqlab ovoz berdi, 3 nafari qarshi chiqdi. Hujjat keyingi hafta ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqiladi.

Foto: Sergei Fadeichev/dpa/TASS/picture alliance

Rossiya Federatsiyasi davlat dumasi Rossiya qurolli kuchlari haqidagi «feyklar» moddasi bo‘yicha sudlanganlarning mulkini musodara etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. 24 yanvar, chorshanba kuni hujjatni 395 deputat qo‘llab-quvvatladi, 3 nafar deputat qarshi ovoz berdi. Qonun loyihasi keyingi haftada ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilishi mumkin, dedi duma spikeri Vyacheslav Volodin.

U, shuningdek, qonunchilikni qat’iylashtirish zarurligini ta’kidladi, chunki «yovuzlarga qarshi kurash» uchun mavjud choralar yetarli emas. O‘z navbatida, LDPR deputati Andrey Lugovoy «vatanga zarar yetkazishga harakat qilgan» har qanday odam «hamma narsani yo‘qotishi» mumkinligini ta’kidladi. «Novyye lyudi» partiyasi rahbari Aleksey Nechayev avvalroq bu qonun loyihasiga qarshi chiqqan edi. 

Hujjat davlat dumasiga 22 yanvar kuni taqdim etildi

22 yanvar kuni davlat dumasiga Rossiya armiyasi haqidagi «feyklar» va dezertirlikka ommaviy chaqiriqlar ayblovi bilan sudlanganlarning mulkini musodara qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritildi. Ushbu tuzatishlarni qabul qilish tashabbusi bilan davlat dumasi vitse-spikeri Irina Yarovaya hamda dumaning xavfsizlik va madaniyat qo‘mitalari rahbarlari Vasiliy Piskarev va Yelena Yampolskaya chiqdi. Hukumat bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. 

Hujjat Rossiya Federatsiyasi jinoyat kodeksining ikkita moddasini mulkni musodara qilish nazarda tutilgan jinoyatlar ro‘yxatiga kiritishni nazarda tutadi - 207.3-modda, qurolli kuchlardan foydalanish to‘g‘risida «qasddan yolg‘on ma’lumotni ommaviy ravishda tarqatish» va 280.4-modda, «davlat xavfsizligiga qarshi qaratilgan faoliyatni amalga oshirishga ommaviy chaqiriqlar». Mulkni musodara qilish tarzidagi jazo, agar fuqarolar ushbu jinoyatlarda aybdor deb topilsa va bu atayin sodir etilgan bo‘lsa, qo‘llanishi ko‘zda tutilgan. 

Urush boshidan beri Rossiya sudlari Kremlning rasmiy pozitsiyasiga zid bo‘lgan Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi urushi haqidagi ma’lumot uchun «feyklar» va «armiyani obro‘sizlantirish» moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atmoqda. RF Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin yanvar oyi o‘rtalarida Rossiyada 2022 yilda armiya haqida «feyk» ma’lumotlarni tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilganidan beri uning idorasi 273 ta jinoiy ish ochganini aytdi. Ularning 90 tasi 2023 yilda qo‘zg‘atilgan. 

Mavzuga oid