Jahon | 18:52 / 25.01.2024
18878
2 daqiqa o‘qiladi

«Salimboy»dan yordam so‘ragan qirg‘izistonlik deputat Emil Jamg‘irchiyev hibsga olindi 

U qirg‘iz-o‘zbek chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlikda ayblanmoqda va 26 fevralga qadar hibsda qoladi. 

Foto: AKIpress

Qirg‘izistonlik deputat Emil Jamg‘irchiyev Bishkekda hibsga olindi. Unga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov izolyatorida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan. 

Deputat qirg‘iz-o‘zbek chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlikda ayblanmoqda. U 26 fevralga qadar hibsda qoladi. Jamg‘irchiyev o‘zining hibsga olinishi haqidagi qarordan norozi ekanini va shikoyat berishini bildirgan. Shuningdek, u o‘ziga qo‘yilgan ayblovni rad qilmoqda. 

2023 yil 27 dekabr kuni Qirg‘iziston bosh prokurori Jogorku Keneshga (parlament) taqdimnoma yuborib, Emil Jamg‘irchiyevni Qirg‘iziston Respublikasi davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlikda gumon qilinayotgani haqida xabar berdi. 9 yanvar kuni Jogorku Kenesh uni jinoiy javobgarlikka tortishga rozi bo‘ldi. 

Jamg‘irchiyev matbuot anjumani o‘tkazishni rejalashtirgan edi, ammo parlament binosidan qochib ketdi. 

10 yanvar kuni Qirg‘iziston maxsus xizmatlari rahbari Qamchibek Tashiyev deputat Emil Jamg‘irchiyev O‘zbekistonga o‘tib, «Salimboy» nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyevdan Qirg‘iziston rasmiylari orasidagi nizolarni bartaraf qilib, o‘rtada tartib o‘rnatishda yordam so‘ragani, Abduvaliyev esa Qirg‘istondagi ishlarga aralashmasligini aytgani haqida xabar berdi. 

15 yanvar kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov deputat Jamg‘irchiyev o‘zbekistonlik Salim Abduvaliyev bilan uchrashgani va undan «ikki do‘st»ni yo‘q qilishda yordam so‘raganini aytdi. Prezident «ikki do‘st» kim ekaniga aniqlik kiritmadi. Ammo Qirg‘izistonda prezident Japarov hamda milliy xavfsizlik xizmati rahbari Qamchibek Tashiyevni «ikki do‘st» deb atashadi.

Mavzuga oid