Tahlilchilar: Il-76 Ukraina chegarasi tomon parvoz qilmagan
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Belgorod viloyatida halokatga uchragan Il-76 samolyotida qurol bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, jurnalistlar Margarita Simonyan e’lon qilgan hamda samolyotda bo‘lgani aytilayotgan ukrainalik asirlar ro‘yxatida nomuvofiqliklarni aniqladi.
Belgorod viloyatida halokatga uchragan Rossiyaning Il-76 harbiy-transport samolyoti Ukraina chegarasi tomon emas, balki u tomondan uchayotgan bo‘lgan. Bu haqda 24 yanvar, chorshanba kuni «Mediazona» va «Vajnyye istorii» nashrlari, shuningdek, Ukrainaning «Skrinka Pandori» («Pandora qutisi») OSINT-tahlilchisi xabar berdi. Jurnalistlar samolyot halokati aks etgan kadrlarni tahlil qilib, video Yablonovo qishlog‘i markazidan shimolga qarab olingan, degan xulosaga keldi.
«Skrinka Pandori»ga ko‘ra, Il-76 bort raqami RA-78830 bo‘lgan hamda halokatdan oldin Misr, Saudiya Arabistoni, Qizil dengiz va Eron orqali parvoz qilgan. Suriya yaqinida u radarlardan g‘oyib bo‘ldi, shundan so‘ng Belgorodda yana paydo bo‘ldi, deb yozadi Telegram-kanal. «Hammasi uning sharqdan qurol olib kelganidan dalolat beradi. Hozircha unda asirlar bo‘lgan bo‘lishi mumkinligidan darak yo‘q», - deydi ukrainalik tahlilchi.
O‘z navbatida, «Verstka» nashri Flightradar ma’lumotlariga tayanib, RA-78830 raqamli Il-76 oxirgi marta Kipr yaqinida Moskva vaqti bilan soat 10:10 da signal yuborganini, halokat esa Moskva vaqti bilan soat 11:15 da sodir bo‘lganini aniqladi. «Samolyot Kiprdan Belgorod viloyatigacha bo‘lgan masofani bir soatdan ko‘proq vaqt ichida bosib o‘tishga ulgurmagan bo‘lardi. Bundan tashqari, aftidan, RA-78830 Suriyaga qo‘nishga tayyorlanayotgan edi - signal uzatishning so‘nggi 15 daqiqasida u balandligini 32 ming futdan 20,3 minggacha tushirdi», - deydi «Verstka».
Bosh shtab: Ukrainani himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda
Ayni vaqtda, Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Il-76 halokatidan keyingi bayonotni e’lon qildi. «Ukraina armiyasi terror tahdidini, shu jumladan Belgorod-Xarkiv yo‘nalishida havo hududini nazorat qilish uchun yetkazib berilayotgan vositalarni yo‘q qilishni davom ettiradi», deyiladi Ukraina bosh shtabining Facebook sahifasida.
Bayonotda, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari mamlakatni himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rayotgani, RF esa jang maydonida hech qanday natijaga erisha olmagan bir paytda o‘z strategiyasini davom ettirayotgani ta’kidlanadi. So‘nggi bir hafta ichida Rossiya qurolli kuchlari Xarkiv viloyatiga 19 ta raketa hujumini amalga oshirdi, shu bilan birga, «hujumlarning intensivligi yaqinda Belgorod aerodromiga yuborilgan harbiy-transport samolyotlari sonining ko‘payishi bilan bevosita bog‘liq», deb ta’kidlanadi ma’lumotda. Shu bilan birga, Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabining bayonotida Il-76 samolyotining qulashi haqida hech narsa aytilmagan.
Simonyan ro‘yxati va Rossiya muzokaralar guruhi haqidagi ma’lumotlar
Avvalroq Rossiyaning Russia Today resursi bosh muharriri Margarita Simonyan o‘zining Telegram-kanalida halokatga uchragan samolyotda uchgan ukrainalik harbiy asirlar bo‘lgan 65 kishining ismi va tug‘ilgan sanalari ro‘yxatini e’lon qilgan edi. Ushbu axborotdan so‘ng, ukrainalik jurnalistlar Simonyan ro‘yxatidagilarning bir qismi avvalroq almashtirilganini aniqladi. «Ushbu ro‘yxatdagi 17 kishining ismi 3 yanvar kuni almashtirilgan asirlar ro‘yxatidagi ismlarga to‘g‘ri keladi», deb yozadi Ukraina OAV.
«Brifing» Telegram-kanali o‘zining anonim manbasiga tayanib, Rossiya muzokarachilar guruhi Il-76 samolyotida uchganini xabar qildi. «O‘lganlar orasida Abramovichning yordamchisi va Ramzan Qodirovning muzokarachilari, shuningdek, mudofaa vazirligi ofitserlari ham bor edi. Bu falokat. O‘tgan yil davomida harbiy asirlar almashinuvini ta’minlagan odamlar halok bo‘ldi», - deydi nashr suhbatdoshi.
Belgorod viloyatida samolyot halokatga uchrashi
Il-76 harbiy-transport samolyoti 24 yanvar kuni Belgorod viloyatining Korochansk tumanida Yablonovo qishlog‘i yaqinidagi dalaga qulab tushdi. Viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkovning so‘zlariga ko‘ra, bortdagi barcha odamlar halok bo‘lgan. Telegram’dagi «Vajnyye istorii» va «ChTD» kanallari Rossiya mudofaa vazirligiga tayanib, Il-76 bortida almashish uchun olib ketilayotgan 65 nafar ukrainalik asir, shuningdek, 6 nafar ekipaj a’zosi va 3 nafar hamrohlik qiluvchi shaxs bo‘lganini ma’lum qildi.
Keyinroq favqulodda bayonotda Ukraina bosh razvedka boshqarmasi harbiy asirlarni almashish 24 yanvarga rejalashtirilganini tasdiqladi, biroq ukrainalik asirlarning xavfsizligini Rossiya tomoni ta’minlashi kerakligini ta’kidladi. Il-76 halokati haqida izoh berar ekan, bosh razvedka boshqarmasi shunday ta’kidladi: «Hozir Ukrainada samolyot bortida kim bo‘lgani haqida ishonchli va keng qamrovli ma’lumotlar yo‘q. O‘z navbatida, Ukraina almashish jarayonini to‘g‘ri tayyorlash bo‘yicha barcha kelishuvlarni bajardi. Rossiyalik asirga olingan harbiy xizmatchilar o‘z vaqtida almashish uchun kelishilgan joyga yetkazildi, ular xavfsiz edi. Himoyachilarimizning xavfsizligi, kelishuvlarga ko‘ra, Rossiya tomonidan ta’minlanishi kerak edi».
«Transport samolyotining 30 kilometrlik jangovar zonaga qo‘nishi xavfsiz bo‘lishi mumkin emas va har qanday holatda ham har ikki tomon muhokama qilishi kerak. Biz Rossiya Federatsiyasida vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida rejalashtirilgan hamda Ukraina va davlatimizga xalqaro yordamni zaiflashtirish uchun qasddan qilingan harakatlar haqida gapirishimiz mumkin», - deyiladi hujjatda.
Rossiya mudofaa vazirligi Kiyevni «terakt»da aybladi
Rossiya mudofaa vazirligi halokatni «terakt» deb atadi va unda Kiyevni aybladi. Idoraning ta’kidlashicha, samolyot Ukraina qurolli kuchlari tomonidan Xarkiv viloyati Lipsi tumanida zenit-raketa tizimi yordamida urib tushirilgan. Xabarda aytilishicha, Rossiya aerokosmik kuchlarining radiolokatsion uskunalari «ikkita Ukraina raketasi uchirilganini» qayd etgan. Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin Il-76 halokati yuzasidan AQSh kongressi va Germaniya bundestagiga murojaat tayyorlashni topshirdi.
Ukraina Telegram-kanallari dastlab samolyot halokati «Ukraina qurolli kuchlarining ishi» ekanini ma’lum qilgan, biroq tez orada bu ma’lumotni o‘chirib tashladi. «Ukrainskaya pravda» nashri Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabidagi manbalariga tayanib, samolyot S-300 zenit-raketa tizimi uchun raketalarni olib ketayotgan bo‘lganini yozdi. «U Xarkiv viloyati aholisining o‘limiga olib keluvchi narsa - S-300 uchun raketalar olib ketayotgan bo‘lgan», dedi nashr suhbatdoshlaridan biri. Rasmiylar tomonidan bu ma’lumot tasdiqlanmadi.
Mavzuga oid
00:28
AQSh Ukrainani harbiy xizmatga chaqiruv yoshini 18 ga tushirishga chaqirmoqda
21:58 / 27.11.2024
Kipr hukumati rossiyalik va ukrainalik milliarderlarning «oltin» pasportlarini olib qo‘ydi
21:03 / 27.11.2024
Uchinchi jahon urushidan qo‘rqqan podkaster Jo Rogan Zelenskiyni so‘kdi. Unga Klichko va boshqa ukrainlar javob qaytardi
17:32 / 27.11.2024