Jahon | 20:28 / 26.01.2024
15865
7 daqiqa o‘qiladi

BMT sudi Isroilga G‘azoda genotsidning oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rishni buyurdi

Haagadagi Xalqaro sud Janubiy Afrikaning Isroilga qarshi da’vosi bo‘yicha birinchi qarorini chiqardi.

26 yanvar kuni Xalqaro sud Janubiy Afrikaning Isroilga qarshi da’vosi bo‘yicha dastlabki qarorni qabul qilib, Isroilga G‘azo sektoridagi genotsid harakatlarining oldini olish, unda ishtirok etganlarni jazolash va gumanitar vaziyatni yaxshilash uchun barcha choralarni ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Sud hay’ati a’zolari Janubiy Afrika tomonidan so‘ralgan deyarli barcha choralarni yoqlab ovoz berishdi, lekin Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotini zudlik bilan to‘xtatish chorasi uchun emas.

Dekabr oyida Janubiy Afrika Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy harakatlari falastinliklarga qarshi genotsid ekanini da’vo qilib, Xalqaro sudga murojaat etgan va urushni to‘xtatish uchun shoshilinch xalqaro aralashuvni talab qilgan edi.

26 yanvar kuni Janubiy Afrikaning faqat Falastin tinch aholisini himoya qilish uchun Isroilga zudlik bilan bosim o‘tkazish talabi ko‘rib chiqildi, genotsid bo‘yicha yakuniy hukmni chiqarish uchun esa yillar talab qilinishi mumkin.

Xalqaro sudning ushbu bosqichda Janubiy Afrikani qo‘llab-quvvatlashi Isroilga qarshi xalqaro sanksiyalarga olib kelishi mumkin.

Isroil barcha ayblovlarni rad etmoqda va suddan ishni butunlay rad etishni so‘radi.

Haagada joylashgan Xalqaro sud BMT oliy sud instansiyasi hisoblanadi. U Isroilga G‘azodagi harbiy amaliyotni to‘xtatishni buyurishi mumkin. Biroq, bu Isroil sudning talablarini albatta bajaradi, degani emas.

7 oktyabr kuni HAMAS va boshqa kichik guruhlar a’zolari Isroil janubiga bostirib kirib, 1300 kishini, asosan tinch aholi vakillarini o‘ldirgan va 240 ga yaqin kishini garovga olgandi.

Shundan so‘ng, G‘azodagi sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning javob zarbalari oqibatida 25 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Tahlil: Isroilga urushga munosabatini o‘zgartirish buyurildi

Sudya Isroilga urushga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishni buyurdi. Bu esa janubiy afrikalik advokatlar g‘alaba qozongani, isroilliklar esa mag‘lub bo‘lganini anglatadi, deb hisoblamoqda BBC.

Sudya «O‘t ochishni to‘xtatishingiz kerak» demadi, chunki xalqaro gumanitar huquqqa ko‘ra, mavjud sharoitda urush qonuniydir va Isroil hujumga uchragan.

Ammo sudya Isroilning urush olib borish usulini tubdan o‘zgartirishi kerakligini aytdi.

Isroil doimiy ravishda urush qonunlariga rioya qilishini ta’kidlab kelmoqda. Ammo sudyaning so‘zlari sudning bu da’volarga rozi emasligini ko‘rsatadi.

BBC nashri ta’kidlashicha, isroilliklar bu qarordan g‘azablanadi, janubiy afrikaliklar esa xursand bo‘ladi, chunki ularning da’vosi rad etilmadi va endi ish yanada oldinga siljishi mumkin.

Tomonlarning sud qaroriga munosabati

Isroilni sudga bergan Janubiy Afrika tomoni fikriga ko‘ra, Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlari Xolokost takrorlanmasligi uchun 1948 yilda imzolangan BMT genotsid konvensiyasiga ziddir.

Janubiy Afrika advokatlarining aytishicha, Isroil tomonidan uyushtirilgan bombardimonlar o‘zining ulkan gumanitar ta’siri bilan «falastinliklar hayotini yo‘q qilish»ga tengdir.

Isroil rasmiylari bu ayblovlarni rad qilib, ularni qo‘pol tarzda bo‘rttirilganini va 7 oktyabrdagi hujumdan keyin davlat o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekanini ta’kidlamoqda.

Sudda Isroilni himoya qilayotgan advokat Tal Bekker sud majlisida HAMAS jangarilari «bolalarni ota-onasi ko‘z o‘ngida qiynoqqa solgani, odamlarni yoqib yuborgani, muntazam ravishda zo‘rlagan va jarohatlagani»ni aytdi va o‘z da’volarini fotosuratlar bilan tasdiqladi.

Isroilning harbiy harakatlari butun Falastin xalqiga qarshi emas, balki HAMASga qarshi qaratilgan, dedi u.

Janubiy Afrika qanday favqulodda choralarni talab qildi?

BMT genotsid haqidagi konvensiyasini buzganlikda ayblangan Isroilga shoshilinch ko‘rsatma berish haqidagi qaror 17 nafar sudya tomonidan qabul qilindi.

Foto: Reuters

U Janubiy Afrika tomonidan taklif qilingan to‘qqizta favqulodda choralarni ko‘rib chiqdi, ularga o‘t ochishni to‘xtatish, gumanitar yordam, ko‘chirilgan odamlarning uylariga qaytishi, G‘azoda xalqaro tekshiruvlarga to‘sqinlik qilmaslik va belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi bo‘yicha muntazam hisobotlarni taqdim etish kiradi.

Shu bilan birga, sud Janubiy Afrika tomonidan talab etilganidan farqlanadigan o‘z choralarini taklif qilishi ham mumkin edi.

Vaqtinchalik choralar zo‘ravonlikka barham berish uchun birinchi qadam bo‘lishi kerak, dedi inson huquqlari bo‘yicha advokat va Vashingtonda joylashgan Yaqin Sharq siyosati instituti ijrochi direktori May El-Sadani.

Ammo Janubiy Afrika tomonidan taklif qilingan choralarga rozi bo‘lish orqali sud Isroilni harbiy amaliyotini to‘xtatishga majbur qila olmaydi, dedi BBC xalqaro masalalar bo‘yicha muharriri Jyeremi Bouen.

«Ammo siyosiy jihatdan urushni davom ettirish qiyinlashadi. Amerikaliklar va inglizlar uchun uni qo‘llab-quvvatlash qiyinroq bo‘ladi», dedi Bouen.

Ko‘pchilik ekspertlar fikricha, genotsid ishini to‘liq ko‘rib chiqish uzoq yillarga cho‘zilishi mumkin.

«Bu uzoq davom etadigan huquqiy kurash bo‘lishini kuting va boshqa davlatlar ham, Janubiy Afrika yoki Isroil tomonida qatnashishga harakat qilishadi», dedi advokat May El-Sadani.

Ammo bugungi qaror sud Isroilga qarshi genotsid ayblovlarini asosli deb hisoblaydimi yoki yo‘qmi, agar asosli bo‘lsa, vaqtinchalik choralar ko‘rish maqsadga muvofiqmi yoki yo‘qligini ko‘rsatishi kerak, deb yozdi BBC diplomatiya bo‘yicha muxbiri Pol Adams.

Mavzuga oid