Sport | 16:03 / 26.01.2024
11910
2 daqiqa o‘qiladi

Klopp mavsum yakunida «Liverpul»ni tark etishini ma’lum qildi

U mersisaydliklar jamoasini 2015 yildan buyon boshqarib kelayotgandi.

Foto: Getty Images

Germaniyalik mutaxassis Yurgen Norbert Klopp joriy mavsum yakunida «Liverpul» bosh murabbiyligini tark etadi. Bu haqda uning o‘zi klub muxlislari uchun yo‘llangan maxsus murojaatida ma’lum qildi.

«Buni birinchi marta eshitish ko‘pchilikni karaxt holatga tushirishi mumkinligini bilaman, ammo men buni tushuntira olaman yoki kamida tushuntirishga harakat qilaman.

Men bu klubdagi mutlaqo barcha narsani sevaman, shahardagi barcha narsani sevaman, men muxlislarimizni, jamoamizni, xodimlarimizni sevaman. Barchasini. Ammo men baribir bu qarorni qabul qilganim, shunday qaror qabul qilishim kerakligiga ishonchim komil bo‘lganini bildiradi.

Gap shundaki, buni qanday aytsam ekan, mening energiyam tugamoqda. Menda hozir hech qanday muammo yo‘q, ammo shunisi aniqki, ertami kechmi bu haqda e’lon qilishim kerakligini bilardim. Bilamanki, bu ishni yana va yana, qayta va qayta bajara olmayman.

Birga o‘tkazgan, birgalikda boshdan kechirgan shuncha yillarimizdan keyin men sizga to‘g‘risini aytishim kerak. Va bu haqiqat», deya uning so‘zlarini keltirgan «Liverpul» rasmiy sayti.

Klubni uning shtabi murabbiylari ham tark etadi. Kloppning yordamchisi Pep Leynders mustaqil murabbiylik faoliyatini boshlamoqchi.

Ma’lumot uchun, Yurgen Klopp «Liverpul» boshqaruviga 2015 yil 8 oktyabrida kelgandi. 56 yoshli mutaxassis o‘tgan vaqt mobaynida «qizillar» bilan o‘nta sovrin yutgandi. «Liverpul» Yurgen davrida Chempionlar ligasida, Angliya chempionatida, Angliya Ligasi kubogida, Angliya Kubogida, UYeFA Superkubogida va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan.

Mavzuga oid