Jahon | 22:45 / 26.01.2024
15961
3 daqiqa o‘qiladi

Qizil dengizda Somali qaroqchilari ham faollashdi – OAV

Yamanlik husiylar ortidan Somali qaroqchilari ham Qizil dengizda kemalarga hujum qila boshladi. 

Foto: AFP

Somali qirg‘oqlarida katta va kichik kemalarga hujum qilgan qaroqchilar soni ko‘paygan. Bu husiy jangarilarining savdo kemalariga hujumlari tufayli Qizil dengizda xavfsizlik buzilganidan keyin sodir bo‘ldi, deb xabar berdi Bloomberg. 

Noyabr oyidan beri Somali o‘z qirg‘oqlari yaqinida tijorat kemalariga beshta hujumni qayd etdi. Masalan, dekabr oyida Malta bayrog‘i ostidagi MV Ruen kemasi qaroqchilar tomonidan garovga olindi. Shundan so‘ng Hindiston, Yaponiya va Ispaniya harbiy kemalari ekipajning 18 a’zosini qutqarib olishdi. Xalqaro dengiz byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, bu 2017 yildan beri Somali qirg‘oqlari yaqinida kemaning birinchi o‘g‘irlanishi bo‘ldi. 

5 yanvar kuni Hindiston harbiy-dengiz kuchlari Liberiya bayrog‘i ostidagi MV Lila Norfolk kemasiga yordam berish uchun harbiy kema va vertolyotlar yubordi, biroq qaroqchilar qochishga muvaffaq bo‘lishdi. 

Crisis 24 xalqaro xavfsizlik konsalting kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, yirik kemalarga hujumlardan tashqari, so‘nggi haftalarda Eronning kamida beshta kichik baliq ovlash kemasi hujumga uchragan. 

Qaroqchilikning ortishiga Yevropa harbiy kemalarining Somali qirg‘oqlarini tark etishi va AQSh kuchlarining Yamandagi husiylar tahdidiga e’tibor qaratishi sabab bo‘lmoqda. 

Sharqiy Afrika yuk jo‘natuvchilar kengashi qaroqchilikning tiklanishi yuk jo‘natuvchilar uchun xarajatlarni oshishi va ta’minot zanjirlarini buzishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. 

Husiylarlarning «Ansorulloh» guruhi 2015 yildan beri amalda Yamanni boshqarib kelmoqda, BMT esa ularning boshqaruvi qonuniyligini tan olmaydi. Husiy rejimini Eron va «Hizbulloh» qo‘llab-quvvatlayapti, deb ishoniladi. 

Isroil va HAMAS o‘rtasida urush boshlanganidan so‘ng, husiylar Isroil shirkatlariga tegishli bo‘lgan yoki Qizil dengizda Isroil bayrog‘i ostida suzadigan har qanday kemaga hujum qilishini e’lon etdi. 

AQSh va Buyuk Britaniya harbiylari Yamandagi husiylar qarorgohlariga zarba berish orqali kemalarga hujumlarning oldini olishga harakat qilmoqda.

Mavzuga oid