O‘zbekiston | 11:28 / 26.01.2024
18578
12 daqiqa o‘qiladi

«Turon hududida davlatchilik yuzaga kelganda rus millatining o‘zi yo‘q edi» – o‘zbek tarixchilari bilan suhbat

Davlatni atashda hududiy nom ustunlik qiladi, xuddi Qo‘qon, Xorazm xonliklari yoki Buxoro amirligi kabi. Bu o‘zbeklar yo‘q edi deganini anglatmaydi, balki davlat asosan sulolaviy, hududiy jihatdan nomlangan. Turon zaminida mavjud bo‘lgan jamiki davlatlar asosida o‘zbeklar yashagan.

O‘zbek tarixchilari Mixail Smolinning o‘zbeklar haqidagi fikrlarini rus millatchisi sifatida imperiyachilik siyosatini targ‘ib qilish, hozirgi Rossiya qilayotgan ishlarni oqlashdan iborat ekanini ochib berishdi.

Rossiyaning propaganda kanallari orqali Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekistonga imperializmni qo‘llovchi u yoki bu shakldagi axboriy hujumlar takrorlanib turibdi.

Avvalroq rossiyalik siyosatchi Zaxar Prilepin "O‘zbekiston va boshqa qo‘shni davlatlarni Rossiya tarkibiga qo‘shib olish"ni taklif qilgan bo‘lsa, endi rus tarixchisi Mixail Smolin “1917 yildagi Inqilobgacha o‘zbeklar umuman bo‘lmagan", degan fikrni aytdi.

Xo‘sh, o‘zbeklar millat sifatida qachon shakllangan? Mamlakatning o‘tmishi va kelajagiga ochiqdan ochiq tahdidni ifodalovchi bu kabi axborot xurujlari ortida qanday maqsadlar yotibdi? Kun.uz shu kabi savollar atrofida Tarix instituti olimlari bilan suhbatlashdi.

Suhbatdoshlarimiz tarixchilar To‘lqin Ahmedov, Odil Zaripov, Dilnoza Jamolova va Vohid Xolovlar bo‘lishdi.

Vohid Xolov: — Rossiya so‘nggi yillarda, ya’ni 2008, 2014, 2022 yilgi voqealarni oladigan bo‘lsak, unda haligacha imperiyachilik qarashlari borligini ko‘rish mumkin. Bu narsani rossiyaning turli doira vakillari baralla aytyapti. Yuqori doirada ham yangrayapti, xususan, Medvedev Qozog‘iston yerlarini Rossiya tortiq qilgan, degan mazmundagi gaplarni aytgandi, telegram kanaliga ham joylagan edi. Bu biz boshqa davlat hududiga ham da’vo qila olamiz, degani. Bu narsa siyosiy nizo qo‘zg‘ash uchun dastak bo‘ladi. Birinchi Ukraina haqida shunday deyishdi, keyin Qozog‘iston va endi bu hududni yana kengaytirib gapirishyapti. Maqsad — o‘zlarining imperiyachilik g‘oyalarini boshqalarga uqtirish, xalqlarda beqarorlikni keltirib chiqarish.

To‘lqin Ahmedov: — Bu chiqishdan maqsad imperiyachilik g‘oyalarni targ‘ib qilish. Putin hokimiyatga kelgach, Rossiyada imperiyachilik g‘oyalari yana xuruj qila boshladi, oqibatda Ukrainaga qarshi shunday keng ko‘lamli urushga olib keldi.

Mixail Smolin o‘zi konservator tarixchi, ya’ni rus konservativ fikrini ifoda etadi, rus konservativ fikri esa imperiya va cherkovga asoslangan. 1917 yilgacha Rossiya imperiyasi bo‘lgan va rus pravoslav cherkovi asosiy tayanchlaridan biri bo‘lgan. Smolin shu narsaning asosiy targ‘ibotchilaridan. Uning ilmiy ishlari ham rus imperiyasi, cherkov haqida. Smolinning ishi konservativ rus millatchisi sifatida imperiyachilik siyosatini targ‘ib qilish, hozirgi Rossiya qilayotgan ishlarni oqlashdan iborat.

Odil Zaripov: — Hozirgi dunyoda bo‘layotgan geosiyosiy jarayonlarda kurash faqat jang maydonida emas, axborot maydonlarida ham bo‘lyapti. Katta urushlarning boshlanishi sifatida ham axborot urushlarini, provokatsiyalarni keltirish mumkin, bu narsa davlatlar o‘rtasida nizolar kelib chiqishiga sabab bo‘lyapti.

Smolin masalasiga kelsak. Provokatsiya niyatida bo‘lgan, bu gaplar ortida qandaydir g‘oyalarni ilgari surayotgan, tushuntirsa ham tushunmaydigan odamga javob berishga, tushuntirishga ehtiyoj yo‘q ilmiy jamoatchiligimizda.

Dilnoza Jamolova: — So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda bunday xabarlar ko‘p tarqayapti. O‘zidan zo‘r tarixchi yasab olgan rus tarixchilari chiqishlar qilyapti. 1924 yilda Lenin bizning Turonni millatiga qarab bo‘lib tashladi, xuddi Britaniya Hindistonni diniga qarab bo‘lib tashlagandek. Shu paytgacha o‘zbek yoki qozoq, qirg‘iz degan nomlar bo‘lmagan, degan gaplarning aytilishi xato fikr. Turon hududida davlatchilik yuzaga kelganda rus millatining o‘zi yo‘q edi. Buni ularning o‘zi ham yaxshi biladi, Pyotr I davridayoq bizning tarixni o‘rganishgan ular. Sovet davrida ham bizning tarixni soxtalashtirishdi. 20 asrning 20-30 yillarida fashizm g‘oyalari faqat Germaniyada emas, Rossiyada ham vujudga keldi. Buyuk rus og‘amiz, deya bir millatni yuqoriga ko‘tarish fashizmdan boshqa narsa emas. Mana shunday g‘oyalar bilan sug‘orilgan tarixchilardan nimani ham kutish mumkin?

O‘zbeklar inqilobdan keyin SSSR bilan birga paydo bo‘lgan, degan fikrni aytdi Smolin, bu qanchalik asosli, qanday faktlar bilan javob qaytarasiz?

Vohid Xolov: — Bu o‘rinda juda katta xato fikr aytgan. Bilamizki davlatlar qurilishi 2 ta asosga ega bo‘ladi. Birinchisi, hududda ustun bo‘lgan millat asosida yuzaga kelish (Fransiya, Germaniya kabi) — bu yevropacha usul. SSSR tuzilganda ham shu usulni asos qilib olishdi. Ikkinchi usul esa davlatni atashda hududiy nom ustunlik qiladi, xuddi Qo‘qon, Buxoro, Xorazm kabilar. Bu degani o‘zbeklar yo‘q degani emas, balki davlat nomlanishida boshqacha usul qo‘llangan, asosan sulolaviy, hududiy jihatdan nomlaganmiz. Bu davlatlar asosida ham o‘zbeklar yashagan.

To‘lqin Ahmedov: — Juda ko‘p hujjatli misollar keltirishimiz mumkin. Bizning manbalardan tashqari Yevropa manbalarida ham Markaziy Osiyo markazida istiqomat qiluvchi xalq o‘zbeklar deb atalgan. Smolin ko‘proq 1924-1925 yillardagi milliy hududiy chegaralanishni nazarda tutib gapirgan bo‘lishi mumkin.

Odil Zaripov: — Bir narsa esimga tushyapti bu vaziyatda. Turkistonga yurish qilish oldidan rus gazetalarida chiqishlar bo‘lgan. Unda Turkistondagi holatni yomon qilib ko‘rsatish, xalqaro hamjamiyatda bosqinchilikni oqlash uchun materiallar chiqqan. Tarix takrorlanaveradi, ulardagi bosqinchilik ruhi doimiy takrorlanib turadi.

Dilnoza Jamolova: — O‘zbek degan atama uzoq yillardan beri mavjud. Birinchi navbatda turkiy millat sifatida e’tirof etilamiz. 15 asrdayoq o‘zbek tushunchasi shakllanib bo‘lgan, 20 asrda paydo bo‘lmagan bu. Bizning 3 ming yildan ortiq tariximiz bor, o‘zbeklar o‘z madaniyatimizga, e’tiqodimizga, tariximizga egamiz. Jadidlarimiz ham Turon hududi ozodligi uchun g‘oyaviy kurashgan edi. Parokanda vaziyat tufayli rus bosqinini o‘zlari istagan degan fikr beriladi, unday bo‘lsa, nega milliy ozodlik harakatlari bo‘ldi? Turkistonning barcha hududlarida ruslarga qarshi harakatlar bo‘lgan.

Aytib o‘tish kerakki, 100 yil oldin ham ukrain xalqi rus imperiyachilariga qarshi kurashgan edi, ularni qonga botirgan esa Rossiya imperiyasi bo‘ldi. Ozarboyjonda, Boshqirdistonda, Turkiston muxtoriyatida ham shu ishlarini qilishdi. Ukraina ham, O‘zbekiston va Qozog‘iston ham yuz yil oldingi emas, biz davlat bo‘lib shakllanganmiz. Suverenitetga daxl qilishga Rossiyaning haqqi yo‘q. Bir vaqtlar Britaniya, Germaniya, Fransiyaning ham mustamlakalari bo‘lgan, lekin ular da’vo qilayotgani yo‘q, Rossiyaning bu harakatlari esa cho‘kayotgan odamning tirik qolishga urinishiga o‘xshaydi.

O‘zbekiston bunday axborot xurujlaridan qanday himoyalanishi kerak?

Vohid Xolov: — Turli yo‘llar bor. Birinchi navbatda hukumat irodasi bo‘lishi kerak. Mana shunday davlat darajasida noroziliklar keltirib chiqaradigan vaziyatlarda TIV, elchixonalar javob qaytarishi kerak. Bunday shaxslarni esa qora ro‘yxatga tushirish kerak. O‘sha davlatning elchisi chaqirilib, norozilik notasi topshirilishi lozim. Bunday gap aytayotgan har bir odam uchun bunday qilinmaydi, lekin butun boshli katta televedeniyeda chiqarilib, taqdim etilayotgan bunday vaziyatda keskin choralar ko‘rilishi kerak. Bunday efirlar takrorlansa, o‘sha televedeniyega cheklov qo‘yish, sanksiyalar kiritish kerak, bundan qo‘rqib o‘tirish, yuzxotir qilish kerak emas.

Ilmiy jamoatchiligimiz, mutaxassislarimiz, diplomatlarimiz OAV bilan hamkorlikda mana shunday vaziyatdagi savollarni tahlil qilishi, kerak bo‘lsa, kelajakda kelib chiqadigan shunga o‘xshash ehtimoliy vaziyatlarga ham javob berib, xalqning tafakkurini, bilimini kuchaytirib borish kerak.

To‘lqin Ahmedov: — Axborot asrida bunday axborot xurujlari bo‘lishi tabiiy. Lekin bunga tayyor bo‘lish, immunitet shakllantirish kerak bo‘ladi. Birinchi navbatda ilmni rivojlantirish va uni keng ommaga, jamiyatga yoyish lozim. O‘zbek tilidagi kontentlarni, olimlarning, soha mutaxassislarining chiqishlarini, tahlillarini ko‘proq yoritish orqali immunitet shakllantirish mumkin bo‘ladi.

Odil Zaripov: — Ukrainaga kirishdan oldin ham deyarli 5 yil davomida axborot kurashi bo‘ldi, OAV orqali odamlarni urushga tayyorlashga harakat qilindi. Bu narsa oldindan o‘ylangan va tajribadan o‘tgan imperiyachi davlatlarning taktikasi. Shuning uchun ham bunday chiqishlar bo‘lganda qo‘rqmasdan, har bir narsaga ilmiy yondashgan holda xulosa qilish kerak. Bunday kuchlar o‘sha hududda nizolar kelib chiqishini, buning ortidan o‘sha yerga kirib borib mustamlakaga aylantirishni istaydi. Xalqimiz shu narsaga e’tiborli bo‘lgan holda hushyor bo‘lishi lozim.

Dilnoza Jamolova: — Prezidentimiz ham OAV, jurnalistlarni bekorga to‘rtinchi hokimiyat deb atamagan. 21 asrda axborot urushi davrida yashayapmiz, shunday bir paytda bizga millatparvar jurnalistlar, blogerlar kerak bo‘ladi. Chetdan bo‘layotgan axborot xurujlariga qarshi turish uchun xalqimiz tarixini yaxshi biladigan jurnalistlarga ehtiyojimiz bor, shu bilan birga tarixchilarga ham. Faqat Rossiya emas, boshqa davlatlar tomonidan shunday xurujlar bo‘lishi mumkin, shunday paytda bizga bilimli yoshlar kerak bo‘ladi.

Rossiyaning mana shunday g‘oyalari bo‘layotgani uchun Qozog‘iston ba’zi rossiyaliklarga taqiq qo‘yyapti, kanallariga senzura qo‘yyapti, bizda ham shunday qilish kerak. Yetishib kelayotgan yoshlar ongiga buyuk rossiyachilik g‘oyasini singdirishga harakat bo‘layotgan paytda nega biz Buyuk Turon g‘oyasini singdirmasligimiz kerak. Shuning uchun ham senzuraga e’tibor berish kerak, televizorga chiqib tarixchiman deganning hammasi ham chin tarixchi emas, ular o‘z obro‘yi, hukumatiga yoqish uchun shu ishni qiladi, soxta ma’lumotlar tarqatadi. Tarixdan ma’lum bu, sovet davrida yozilgan O‘zbekiston tarixini o‘qisangiz, hayron qolasiz, umuman boshqa narsalar. Nega endi shularni boshdan o‘tkazib turib, ko‘rib turib ham, yana ularga yo‘l ochib berishimiz kerak? Shu sababli bunday yolg‘on axborotlar tarqatilganda munosabat bildirish, TIV, mas’ul mutasaddilar o‘z fikrini aytishi kerak. Faqatgina OAV, jamoatchilik faollari, tarixchilarning kuchi yetmaydi, hukumat doirasida ham bo‘lishi kerak.

Sardor Vulqon tayyorladi.

Mavzuga oid