Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Har doim hokimiyatga yaqin bo‘lgan»: Nadejdinning siyosiy karerasi
Rossiya muxolifati prezidentlikka Boris Nadejdin nomzodini qo‘llab-quvvatladi. Ilgari u prezident ma’muriyati rahbariyati bilan muloqot qilgan va «Yedinaya Rossiya» praymerizlarida qatnashgan.
Boris Nadejdinning Rossiya prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodini qo‘llab-quvvatlash uchun 150 mingdan ortiq imzo to‘plandi, deyiladi siyosatchining saytida 25 yanvar, payshanba kuni. Bir necha hafta oldin, hatto prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun zarur bo‘lgan 100 ming imzoni to‘plash ham qiyin ishdek tuyulgandi - o‘shanda saytdagi hisoblagich atigi 12 mingtani ko‘rsatgan. Tahlilchilar fikricha, mamlakat ichida va tashqarisida tizimli bo‘lmagan Rossiya muxolifati vakillarining chaqiriqlari hal qiluvchi rol o‘ynadi. Xususan, FBK direktori Ivan Jdanov va yurist Lyubov Sobol, Mixail Xodorkovskiy, Maksim Kats hamda bir-biri bilan chiqisha olmaydigan boshqa muxolifatchilar Nadejdinni qo‘llab-quvvatladi.
«Grajdanskaya initsiativa» partiyasidan prezidentlikka nomzodi ko‘rsatilgan Boris Nadejdin hozircha barcha to‘plangan imzolarni Markaziy saylov komissiyasiga topshirgani yo‘q, biroq kuzatuvchilar uning Rossiya muxolifati uchun kim ekani haqida bahslashishni boshlab yuborgan. Quyida Nadejdinning siyosiy tarjimayi holi asosiy bosqichlari keltiriladi - davlat dumasi sobiq deputati, televideniyedagi tok-shoularning doimiy mehmoni va «Yedinaya Rossiya» praymerizlari ishtirokchisi.
Siyosiy karera boshlanishi - Potanin, Nemsov, Kiriyenkoning yonida
Boris Nadejdin 1990 yilda siyosatga kirib, Moskva yaqinidagi Dolgoprudniyda deputat, so‘ngra mahalliy kengash raisining o‘rinbosari bo‘ldi. Davlat dumasiga kirishga birinchi urinish - 1995 yilda Nadejdin Moskva viloyatidagi Mitishchidan bir mandatli saylov okrugida nomzodini qo‘ygan - muvaffaqiyatli bo‘lmadi. Kampaniyadan so‘ng katta miqdorda qarzga botgan Nadejdin Moskva viloyatidagi kimyo zavodiga egalik qiluvchi «Protsessor» holdingida yuridik bo‘lim boshlig‘i lavozimiga ishga kiradi. «Rossiyada hamma narsani tanishlar va tavsiyalar hal qiladi», - deb yozadi Nadejdin ijtimoiy tarmoqlardagi «xotira yozuvlarida».
Foto: Kremlin/Russian Look/picture alliance
«Protsessor»da ishlayotganida u «Interros» holdingi egalaridan biri Vladimir Potanin bilan tanishadi. Potanin Rossiya hukumati bosh vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lganida esa, Nadejdin norasmiy ravishda uning rahbarligi ostida normativ hujjatlarni ishlab chiqishda qatnashadi hamda hukumat apparatida ishlashga o‘tishni rejalashtiradi. U haqiqatan ham tez orada o‘sha yerga o‘tadi, lekin bu bosh vazir birinchi o‘rinbosari lavozimini egallagan Boris Nemsovning yordamchisi sifatida sodir bo‘ladi. Ko‘p o‘tmay Nadejdin bosh vazir Sergey Kiriyenkoning yordamchisiga aylanadi, u bilan keyinchalik «Soyuz pravyx sil»da birga ishlaydi.
Nadejdin 2016 yilda Vladimir Putin ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Kiriyenko bilan 2020 yilgacha muloqotni davom ettirgan. «Men uni oxirgi marta Boris Nemsovning dafn marosimida ko‘rganman, so‘nggi marotaba 2020 yilda, konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilganda yozishganmiz», — degandi Nadejdin jurnalist Dmitriy Kolezevga bergan intervyusida. U bu uning Rossiya prezidenti ma’muriyatidagilar bilan so‘nggi aloqasi bo‘lganini ta’kidladi.
Putin jamoasidan kuzatuvchi va «trolling» uchun «Yedinaya Rossiya» praymerizlari
1999 yilda Boris Nadejdin «Soyuz pravyx sil» partiyasining siyosiy kengashiga qo‘shildi va bobosining orzusini amalga oshirib, uchinchi chaqiriqdagi davlat dumasiga deputat sifatida saylandi. Siyosatchi bobosining otasi Nikolay II davrida davlat dumasiga saylanish uchun muvaffaqiyatsiz uringanini ko‘p eslaydi.
2000-yillarda Nadejdin fuqarolik kodeksi va ko‘plab qonun loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etgan. Ulardan biri, masalan, gubernatorlarning vakolat muddatlari sonini cheklagan. 2003 yilda siyosatchi davlat dumasiga qayta saylanmadi, uning siyosiy faoliyatida pauza yuzaga keldi. Nadejdin vaqtincha Moskva fizika-texnika instituti (MFTI)da o‘qituvchilikka qaytdi, 2011 yilda esa qisqa vaqt ichida milliarder Mixail Proxorovning «Pravoye delo» partiyasiga qo‘shildi. O‘sha yili partiyaning o‘zi tarqalib ketdi: Proxorov uni tark etdi, uning ortidan asosiy a’zolar, jumladan Boris Nadejdin ham yo‘l oldi.

Ishtirokchilari Rossiya davlat dumasiga saylovlardagi soxtalashtirishlarga qarshi chiqqan ommaviy norozilik namoyishlari paytida Nadejdin Bolotnayadagi birinchi mitingda qatnashgan. «Aqllilar YedRoga ovoz bermaydi», degandi u 2011 yil dekabr oyida sahnadan turib. Ammo 2012 yilda Nadejdin Rossiya prezidentligiga barcha nomzodlarning, shu jumladan Vladimir Putinning saylovoldi shtabiga uning ishonchli vakili bo‘lish taklifini yuborgan. Yakunda u «Spravedlivaya Rossiya» yetakchisi Sergey Mironovning ishonchli odamiga aylandi, Putinning shtabi esa Nadejdinni o‘z kuzatuvchisiga aylantirdi.
2015 yilda Boris Nadejdin yanada faollashib, «Yedinaya Rossiya» praymerizlariga kiradi. Keyinchalik u «Fontanka» nashriga bergan intervyusida tushuntirishicha, «trolling» va hukmron partiyadagi debatlarda qatnashish uchun shunday qadam tashlagan. Nadejdin, o‘zining ta’kidlashicha, dastlabki kelishuvga ko‘ra, praymerizda mag‘lub bo‘ldi, ammo o‘z hisobiga ko‘ra, u debatlarda «hammani tor-mor qildi»: «Men nomzod bo‘lmoqchi bo‘lmaganim uchun, ular menga ikkinchi o‘rinni berishiga kelishib oldik». Ammo 2016 yilda «Kommersant»ga intervyusida u o‘z qarorini boshqacha tushuntirib, «partiya ro‘yxatlari orqali davlat dumasiga kirishning boshqa yo‘li yo‘qligini» ta’kidladi.
Boris Nadejdinga yaqin DW manbasining ta’kidlashicha, u davlat dumasiga «Kiriyenkoning odami» sifatida kirgan holda har doim «hokimiyatga yaqin bo‘lib kelgan». Suhbatdosh Nadejdinning liberal partiyalar va Kreml nazoratidagi loyihalar o‘rtasida kelib-ketib yurishini «siyosiy jihatdan o‘zini saqlab qolish»ga urinish sifatida tushuntirdi. U Nadejdin tashabbus guruhining Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinishi Kreml nazoratida bo‘lganiga shubha qilmadi, lekin o‘ziga bo‘lgan e’tibor kuchayganidan so‘ng, siyosatchida jasorat ortib ketishi va ruxsat berilganidan ko‘proq narsani xohlab qolishi mumkin: «Ba’zan bo‘lib turadi, odamlar o‘ziga e’tibordan kuch ola boshlaydi».
2016 yilda Boris Nadejdin Moskva viloyatining Dmitrov okrugida «Partiya rosta»dan nomzodini qo‘yib, davlat dumasiga qaytishga urindi, biroq «Yedinaya Rossiya» vakili bo‘lgan figurali uchish bo‘yicha uch karra olimpiya chempioni Irina Rodninaga yutqazdi. 2018 yilda Moskva viloyati gubernatorligiga saylovda Nadejdin 4,36 foiz ovoz oldi. Va nihoyat, 2019 yilda 2003 yildan beri birinchi marta u qonun chiqaruvchi organga, ya’ni 1990 yilda siyosiy faoliyatini boshlagan Dolgoprudniy shahar kengashiga saylanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bunga «Spravedlivaya Rossiya - Za pravdu» partiyasi ro‘yxatida bo‘lish yordam berdi.
Nadejdin Qrim va Ukraina haqida nimalar degan?
2000-yillarning boshidan beri Boris Nadejdin federal telekanallardagi tok-shoularning doimiy mehmoni bo‘lib, u yerda liberal qarashlarni himoya qilgan: ayrim qonunlarni tanqid ostiga olgan, konstitutsiyaga rioya qilishga chaqirgan. «Yevropa davlatlari bilan normal munosabatlar o‘rnatishimiz kerak. Putinni emas, boshqasini tanlash... shunda hammasi normal bo‘ladi», - deya ma’lum qildi u 2023 yil may oyida NTV efirida. Bu dasturdan so‘ng, siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, uni kremlparast shoularga taklif etish to‘xtatilgan.
Nadejdinning o‘zi bir necha bor ta’kidlaganidek, uning prezidentlik kampaniyasi asosiy g‘oyasi - «qiyin va uzoq muzokaralar» orqali maxsus harbiy operatsiya (Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi)ni yakunlash. Uning fikricha, Ukrainaga hududlarini qaytarish mumkin, lekin hammasini ham emas. «Hozir Elzas va Lotaringiya kimniki ekani umuman ahamiyatsiz, men «Qrim kimniki?» degan savol yo‘q bo‘lib ketishini ko‘rishni orzu qilaman», - dedi siyosatchi Dmitriy Kolezevga bergan intervyusida. Uning qo‘shimcha qilishicha, «qrimliklarning ko‘pchiligi Rossiyada yashashni xohlaydi».
«Hozir Rossiyaniki», - Nadejdin 2018 yilda Sevastopolning ForPost nashri tomonidan «Qrim kimniki?» deya yo‘llangan savolga shunday javob bergandi. U Qrimning bir necha avlodlar davomida ixtiyoriy ravishda Ukrainaga qaytishi dargumon ekanini ta’kidladi. O‘shanda u Ukraina sharqidagi harbiy harakatlarni eng katta muammo deb atadi: «U yerda har ikki tomondan qon to‘kilmoqda. Lekin bu butun mojaro Ukrainada ham, Rossiyada ham hokimiyatni saqlab qolish uchun o‘zaro manfaatli». Biroq, u, agar «tinchlik narxi chegaralarga bog‘liq» bo‘lsa, «egallab olingan hududlar» Rossiya konstitutsiyasidan olib tashlanishi mumkinligini tan oldi. «Ukraina konstitutsiyasi ham xuddi shu masalani hal qilishi kerak», - deydi siyosatchi.
Avvalroq Boris Nadejdin «Rossiya masalasi» bilan bog‘liq mojaroga aralashib qolgan. 2011 yilda «Pravoye delo» partiyasining a’zosi sifatida u «Izvestiya»ga shunday degan: «Moskva viloyati bo‘linmasida biz «rus masalasi» bilan aniq shug‘ullanishni xohlaymiz». O‘shanda Nadejdinning aniqlik kiritishicha, mintaqaviy partiya tashkiloti «ofitserlar va yosh taqirboshlar» ishtirokida bir nechta davra suhbatlari o‘tkazgan. Shu tariqa, nashrga ko‘ra, partiya Vladimir Jirinovskiyning LDPR partiyasidan «rus mavzusi»ni olib qo‘ymoqchi bo‘lgan. Keyinchalik Nadejdin uning so‘zlari kontekstdan yulib olingani, «taqirboshlar» esa «fanatlar harakatidan bo‘lgan baquvvat bolalar» ekanini iddao qilgan.
Rossiya muxolifati uchun Nadejdin kim?
Boris Nadejdin nomzodini birinchi bo‘lib Tver viloyatidan jurnalist Yekaterina Dunsova qo‘llab-quvvatladi, uning o‘ziga Markaziy saylov komissiyasi tashabbus guruhini shakllantirishda «ko‘plab xatolar» tufayli prezidentlik saylovlarida ishtirok etishga ruxsat bermadi. Dunsova u - urushga qarshi yagona nomzod ekanini ta’kidladi. Hatto an’anaviy ravishda o‘zaro kelisha olmaydigan muxolif siyosatchilar ham Nadejdinni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir to‘xtamga keldi: Maksim Kats, FBK jamoasi va Mixail Xodorkovskiy. «YuKOS» neft kompaniyasi asoschisi bu borada 2013 yilda Moskva meri uchun saylovlarda Aleksey Navalniyga ovoz berishga chaqirganini, ammo natija qanday bo‘lishini avvaldan hamma bilganini ta’kidladi.
Boris Nadejdin - kerakli vaqtda va kerakli joyda paydo bo‘lgan zaif siyosatchi, deb hisoblaydi «Fan i siyosat» Berlin jamg‘armasining taklif etilgan tadqiqotchisi Nikolay Petrov. Petrov bu holatda bir qator masalalarda umuman kelisha olmaydigan muxolifat kuchlarining birlashishini muqobil nomzodlar yo‘qligi bilan izohladi: «Albatta, Nadejdinni muxolifatni jamlovchi figura deb atash mumkin emas. U shunchaki urushga qarshi chiqayotgan yagona nomzod».
Siyosatshunosga ko‘ra, umuman olganda, hozirgi vaziyat - Kremlning so‘nggi 15 yildagi strategiyasi mantiqiy ifodasi bo‘lib, bunda siyosiy maydon raqobatchilardan tozalangan, sparring-hamkorlar esa puxta tanlanyapti. Rossiyadagi hozirgi siyosiy rejim aholining ko‘pchiligida saylovlarga passiv munosabatda bo‘lishni rag‘batlantirib keldi, deb ta’kidlaydi Petrov: «Ushbu passiv ko‘pchilikning bir qismi o‘z vaqtini navbatda o‘tkazishga tayyor (prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatish uchun imzo qo‘yishga), lekin faol qarama-qarshilikka tayyor emas».
Petrovga ko‘ra, Nadejdin shtabidagi uzun navbatlar Rossiya jamiyatidagi jiddiy norozilik kayfiyatining zaif dalili hisoblanadi - ular yetarli darajada taklif yo‘qligini ko‘rsatishi mumkin (Nadejdin jamoasi o‘tgan yil oxirida o‘z shtablarini butun mamlakat bo‘ylab joylashtirishni boshladi).
Nadejdin - hokimiyat uchun xavfsiz raqobatchimi?
Shu bilan birga, agar Kreml jamoatchilik fikrida jiddiy tebranishlarni sezsa, o‘z pozitsiyasini to‘g‘rilaydi, deydi siyosatshunos: «Bu 2011 yilgi davlat dumasiga bo‘lib o‘tgan shov-shuvli saylovlardan keyin sodir bo‘ldi - o‘shanda ular siyosiy partiyalarni ro‘yxatga olishni soddalashtirdi, Navalniyga Moskva meri uchun saylovda ishtirok etishga ruxsat berdi. Ammo - keyin hamma narsani orqaga surib, bosimni keskin oshirdi».
Boris Nadejdin xavfli raqobatchi salohiyatiga ega emas - bu uning hozirgi vaziyatdagi ustunligi, deydi siyosatshunos Dmitriy Oreshkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Nadejdin - hozirgi kampaniyada boshqalar kabi hokimiyat tomonidan nazorat qilinadigan nomzod bo‘lib, rasmiylar o‘z arsenalida Nadejdinga saylov jarayonida ishtirok etishiga, ma’muriy resurslardan foydalanishiga to‘sqinlik qilish va ovoz berish natijalarini soxtalashtirish imkoniyatini saqlab qolmoqda.
Oreshkin ishonch bildirishicha, Yevgeniy Prigojinning isyoni rasmiylar uchun haqiqatan ham xavfli bo‘lgan, Nadejdin tarafdorlarida esa Navalniy shtablaridagi kabi kuch resurslari yoki jiddiy infratuzilma yo‘q. Ammo kelajakda Rossiya rahbariyatidan hafsalasi pir bo‘lgan rossiyaliklar soni sezilarli darajada oshishi mumkin - urushdagi vaziyat bunga eng katta ta’sir ko‘rsatadi, deb prognoz qildi Oreshkin. U shunday xulosaga kelgan: «Hozircha kelgusi oylar dinamikasi, maksimum bir yil Kreml uchun salbiy bo‘lib turibdi».
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
10:23 / 28.05.2025
Davlat departamenti spikeri: Rossiya Trampning so‘zlarini jiddiy qabul qilishi kerak
09:03 / 28.05.2025
WSJ: Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish haqida o‘ylayapti
21:34 / 27.05.2025