Jamiyat | 14:49 / 29.01.2024
43835
5 daqiqa o‘qiladi

Ziqna senator kursdosh, sochini kalga oldirishga majbur bo‘lgan 10 nafar talaba – «Talaba kundaligi»

Po‘choq niqobi ostida olib ketilgan talabalar rizqi, muzqaymoq olib berishdan qochadigan qurumsoq kursdosh va 10 talaba nega sochini kalga oldirishga mahbur bo‘lgani haqidagi hikoyalarni “Talaba kundaligi”ning bugungi sonida o‘qishingiz mumkin.

Foto: Kun.uz

Siz ham kollej, universitetdagi davringizda turli xil qiziqarli, ibratli, kulgili yoki og‘riqli voqealarni boshdan kechirgan bo‘lsangiz, hikoyalaringizni @talabakundaligi_bot manziliga yuboring. Tahririyat sizning shaxsingiz sir tutilishini ta’minlaydi.

1-hikoya. Yashirincha tashib ketilgan rizq

O‘sha kuni ovqat pulini tezroq to‘lash haqidagi tanbehni eshitib, domlaning xonasidan chiqdim. Nima emish, guruxda fakat Pirmamatov to‘lov qilmagan, shuning uchun majlisda direktor hammaning oldida domlani izza qilgan ekan. O‘zi beradigan ovqatlari perlovka bilan karam salat edi-yu, shu uchun 179 ming so‘m to‘lardik. Termiz olimpiya zaxiralari kollejini 2019 yilda tugatganman va o‘sha paytda bu pulning qiymati hozirgidan baland edi. Yolg‘on bo‘lmasin, rostini ham aytay: kollejga tekshiruv kelgandagina talabalar palov, no‘xat sho‘rva, yoki bifshteks, yana qo‘shimchasiga banan, shokolad bilan e’zozlanishardi. Qolgan vaqt faqat perlovka va karam salat berishardi.

Bir kuni juda qiziq voqea bo‘ldi. Ovqat olish uchun navbatda turgandik, yonimizdan 2 xodim qo‘lida po‘choq solinadigan katta bidonning 2 qulog‘idan ko‘targancha o‘tib ketdi. Idish shunchalar kir ediki, unga po‘choq solib molga berishga ham odam xijolat bo‘lardi. Shu payt boyagi xodimlardan birining oyog‘i sirpanib, bidon qo‘lidan chiqib, ichidagi narsalar sochilib ketdi. Bidon ichida po‘choqlar bor deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz kerak, biz ham shuni kutgandik. Lekin ne ko‘z bilan ko‘raylikki, yerda qaynatilgan tuxum, pomidor bodring va yana bir qancha sara mahsulotlar yerga sochilib yotardi. Talabalar hammamiz nima bo‘lganini tushunmay qoldik, chunki yerdagi narsalarning bari toza, buzilmagan mahsulotlar edi. E, bu qanaqasi bo‘ldi, har kuni po‘choq niqobi ostida talabalar rizqi o‘g‘irlab ketilayotgandi-yu, biz bilmay yurganmidik yoki qo‘y-sigirlar tuxum-u, pomidor, bodring yeb yurganmidi?

2-hikoya. Ziqna senator kursdosh

Guruhimizda bir ziqna va pul desa joni chiqadigan kursdoshimiz bor edi. Hozir Oliy Majlisda senator. Talaba yigitlar stipendiya olgan kuni “erib”, qizlarga muzqaymoq olib berishardi. Lekin o‘sha ziqna kursdoshimizni “eritishning” hech iloji yo‘q edi. Bir kuni 2 qiz kursdoshimiz boyagi ziqnani ikki tomondan sudrashayotgani ustidan chiqib qoldim. Men hayron bo‘lib turibman, kursdosh qizlar bo‘lsa baqir-chaqir qilib, baribir muzqaymoq olib berasan, deb kursdoshimizni zinadan pastga tushirishga, tashqariga olib chiqishga harakat qilishayotgandi. Shunda ziqna kursdoshimiz bir nafas to‘xtadi-da, gapirishga urindi.

“Mayli, olib beraman. Ey Xudo, ilohim do‘konda faqat stakanli muzqaymoq qolgan bo‘lsin-da”, desa bo‘ladimi. Bu holatni kuzatib turgan atrofdagilar baqirib kulib yuborishdi, narigi 2 qiz ham taqdirga tan berib, uni qo‘yib yubordi. Chunki stakanli muzqaymoq eng arzoni bo‘lib, uni deyarli hech kim olmasdi, qizlarga ham olib beriladigan muzqaymoq emas edi-da.

3-hikoya. “Kallar jamoasi”ning g‘alabasi

Talabalik davrlarim juda qiziqarli o‘tgan. 2-kurs edik. Ma’ruza mashg‘ulotlarida ko‘pincha 3 ta guruh birga qatnashar edi. Bir fan o‘qituvchimiz 3 ta guruh o‘rtasida bellashuv o‘tkazamiz deb ogohlantirdi va tayyorgarlik ko‘rishimiz kerakligini aytdi. Ochig‘i, biz bunga jiddiy qaramadik.

Shu orada guruhdagi qizlar va yigitlar o‘rtasida bir masalada tortishuv bo‘ldi va yutqazgan tomonga sochini kalga oldirish sharti qo‘yildi. Xullas, garovda o‘g‘il bolalar yutqazdi. Shartda kelishilganidek, ular sochini kalga oldiradigan bo‘ldi. O‘g‘il bolalarda g‘urur ustunlik qildi va shartni bajarishdi. Ertasi kuni darsga kal bo‘lib birin-ketin yigitlar kela boshladi. Shu voqeadan 3 kun o‘tib, o‘qituvchimiz aytgan bellashuv tadbiri bo‘ldi. Haqiqiy tomosha ana endi boshlandi. O‘qituvchi guruhlarni birma-bir chaqirdi. Shunda zalga bir xil kiyimda 10 nafar kal bola ham kirib keldi. Buni ko‘rgan butun zalni qahqahalar tutdi, kulmagan odam qolmadi. O‘sha tadbirda “kallar jamoasi” 2-o‘rinni egallagandik.

Hikoyalarni Zuhra Abduhalimova nashrga tayyorladi.

Mavzuga oid