O‘zbekiston | 09:14 / 30.01.2024
5991
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi video tarqatgan yigit javobgarlikka tortildi

U yigit bola qizga musht tushirib yiqitgani tasvirlangan video olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan.

Foto: IIB

Ijtimoiy tarmoqlarda yigit bilan tortishayotgan qizni musht urib yiqitgani tasvirlangan video tarqaldi. Farg‘ona viloyati IIB holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, Instagram’da faoliyat olib boruvchi bloger zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi video olib, uni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan. Videoda yigit bola qizga musht tushirib, uni yiqitgani aks etgan.

“Sahifamga video joylagan edim. Bu tarmoq foydalanuvchilari orasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Videomiz javobgarlikka tortilishga asos bo‘lar ekan. Qilgan aybimdan pushaymonman, uzr so‘rayman. Qolganlardan bunday mazmunda video olmasliklarini, ijtimoiy tarmoqqa joylamaslikni so‘rab qolardim”, — deya uzr so‘ragan yigit.

Ayol kishini urish sahnasini uyushtirib, ijtimoiy tarmoqqa tarqatgan shaxs Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1891-moddasiga (tazyiqni, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) asosan javobgarlikka tortilgan. 

Oldinroq oiladagi zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi video olgan vaynerlar 15 sutkaga qamalgandi.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid