Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ketadi yoki ketmaydi? Ukrainada yana Zalujniyning iste’fosi haqidagi mish-mishlar bolaladi
Jurnalistlarga ko‘ra, Zelenskiy bosh qo‘mondonga lavozimini o‘z ixtiyori bilan tark etishni taklif qilgan. Boshqa manbalar esa yaqin vaqt ichida uning iste’fosi ro‘y bermasligini aytishmoqda.
29 yanvar kuni kechqurun ukrain nashrlari mamlakat qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy iste’foga chiqayotgani haqida yoza boshladi. Bu ma’lumotni o‘z manbalariga asoslangan holda Oliy Radaning hozirgi va sobiq deputatlaridan bir qanchasi, shuningdek yangilik saytlari va telegram-kanallar tarqatgan.
Manbalarning ayrimlari iste’foga chiqarish to‘g‘risidagi farmon allaqachon Ukraina prezidenti tomonidan imzolangani, ammo hozircha e’lon qilinmayotganini aytishgan. Bosh qo‘mondonlikka nomzod sifatida Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanovning nomi keltirilgan. Boshqa manbalar esa Ukraina QK bosh qo‘mondoniga iste’fo haqida faqat og‘zaki xabar yetkazilgani, ammo bu farmon bilan rasmiylashtirilmaganini bildirishgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Zalujniy prezident ofisiga chaqirilgan va unga boshqa lavozim, xususan elchilik taklif etilgan, ammo u rad etgan.
Ko‘p o‘tmay rasmiy shaxslar Zalujniyning iste’fosi to‘g‘risidagi ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilishdi. Ukraina mudofaa vazirligi telegram-kanalida shunday xabar paydo bo‘ldi: «Hurmatli jurnalistlar, biz hammaga shunday javob beramiz: Yo‘q, bu haqiqat emas». Ukraina prezidenti matbuot kotibi Sergey Nikiforov esa «prezident Zalujniyni ishdan bo‘shatmagani»ni bildirdi.
«Meduza»ning Ukraina rahbariyatidagi vaziyatdan boxabar manbasi Ukraina QK bosh qo‘mondoni tez orada iste’foga chiqarilishi to‘g‘risidagi xabarni «feyk» deb atagan va u yaqin vaqtlar ichida iste’foga chiqmasligini qo‘shimcha qilgan. Volodimir Zelenskiy har kungi kechqurungi videomurojaatida Valeriy Zalujniy haqida to‘xtalmagan.
Ukrainaning «Zerkalo nedeli» nashri Zelenskiy ofisidagi suhbatdoshi hamda Zalujniyning atrofidagilarga tayanib, 29 yanvar kuni prezident chindan ham bosh qo‘mondon bilan uchrashgani va unga o‘z lavozimini tark etishni taklif qilgani haqida xabar berdi. Manbalarning tasdiqlashicha, Zalujniy bunga javoban «kim bilan ishlashni hal qilish Oliy qo‘mondonning huquqi ekani», ammo uning o‘zi iste’foga chiqish to‘g‘risida raport yozmagani va yozish niyati ham yo‘qligini bildirgan. Nashr Ukraina QK bosh qo‘mondonini prezident farmoni bilan ishdan bo‘shatish uchun mudofaa vazirining tegishli taqdimnomasi talab etilishini qayd etgan.
Zalujniyga «hech qanday munosib yoki jiddiy» lavozim taklif etilmadi, faqat yordamchi yoki maslahatchi maqomidan boshqa, degan suhbatdoshlar jurnalistlarga. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Zalujniyning ehtimoliy iste’fosi Ukraina QK qo‘mondonligi hamda mamlakat siyosiy rahbariyatidagi kadrlar o‘zgarishlari zanjirining ilk bo‘g‘ini bo‘lishi mumkin.
Valeriy Zalujniyning o‘zi ehtimoliy iste’fosi to‘g‘risidagi mish-mishlarni shaxsan izohlamagan. Lekin u feysbukdagi sahifasiga Ukraina QK bosh shtabi boshlig‘i Sergey Shaptala bilan birgalikda tushgan fotosuratni hech qanday izohsiz joylashtirgan.
Jahon nashrlari 2023 yil kuzidan buyon Volodimir Zelenskiy va Valeriy Zalujniy o‘rtasidagi ehtimoliy nizoni muhokama qilib kelmoqda. Ukrainaning qarshi hujumi muvaffaqiyatsizlikka uchragach, bosh qo‘mondon The Economist nashriga intervyu berib, urush boshi berk ko‘chaga kirib qolgani va yillarga cho‘zilishi mumkinligini aytgandi. Bunga javoban Ukraina prezidenti vaziyatni umidsiz deb hisoblamasligini aytib chiqdi, keyinroq esa siyosat bilan shug‘ullanayotgan harbiylar katta xatoga yo‘l qo‘yayotganini ta’kidladi.
OAV ma’lumotiga ko‘ra, Zelenskiy ayrim generallar bilan Zalujniyni aylanib o‘tgan holda gaplasha boshlagan va oliy qo‘mondon shtabi yig‘ilishlarida bosh qo‘mondon ustidan hazil qilishga odatlangan. «Bu bosh qo‘mondonning ruhiyatini juda tushiradi va asosiysi — butun armiyaga qo‘mondonlik qilishga xalaqit beradi», — deya yozgan «Ukrainskaya pravda» prezident jamoasidagi suhbatdoshga tayanib. Zelenskiyning ofisidagilar prezident va bosh qo‘mondon o‘rtasidagi kelishmovchilik haqidagi xabarlarni nonsens deb atagan va buni Rossiya tomonidan olib borilayotgan axboriy urushga bog‘lagan.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025