Jahon | 22:24 / 30.01.2024
8657
3 daqiqa o‘qiladi

Putin 6 yil ichida 68 million rubl ishlab olgani haqida hisobot berdi

Rossiya prezidenti Markaziy saylov komissiyasiga daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya topshirdi. 

Foto: RIA Novosti

Rossiya Markaziy saylov komissiyasi Rossiya prezidentligiga saylovda ro‘yxatga olingan nomzod Vladimir Putinning daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani e’lon qildi. Bu haqda «Kommersant» yozdi. 

Unga ko‘ra, Putin so‘nggi 6 yil ichida 67,6 million rubl (≈9,1 trln so‘m) daromad olgan. Bu Rossiya prezidentining ish haqi, bank jamg‘armalari, qimmatli qog‘ozlar, shuningdek, pensiyalar, shu jumladan harbiy pensiyalar va mulkni sotishdan olgan daromadi. 

Putinning deklaratsiyasida, xuddi 2018 yildagidek, Sankt-Peterburgda 77 metrli kvartirasi va 18 kvadrat metrlik bitta garaji borligi ko‘rsatilgan. Shuningdek, unga tegishli avtomobillar ro‘yxati o‘zgarmagan: 1960 va 1965 yillarda ishlab chiqarilgan ikkita GAZ-M21, 2009 yilda ishlab chiqarilgan VAZ-2121 va 1987 yilgi Skif tirkamasi. Putin, avvalgidek, Sankt-Peterburg bankining 230 ta aksiyasiga egalik qiladi (Moskva birjasida bitta aksiyaning narxi 280,49 rubl). 

So‘nggi yillarda Putin nomiga ochilgan bank hisob raqamlari soni 13 tadan 10 taga kamaygan. Shu bilan birga, ulardagi jamg‘armalar miqdori qariyb to‘rt barobarga – 13,8 million rubldan 54,4 milliongacha oshgan. Oxirgi 12 yil ichida jamg‘armalar miqdori qariyb o‘n baravar ko‘paygan – 2012 yilda Putin hisoblarida 5,7 million rubl borligini ma’lum qilgan edi. 

Vladimir Putin saylovoldi shtabining matbuot kotibi Aleksandra Suvorova so‘zlariga ko‘ra, uning olti yillik daromadi asosan prezident lavozimidagi maoshidan iborat. Bundan tashqari, 2017 yilda u Moskva viloyatidagi yer uchastkasini sotgan. «Nomzodning jamg‘armasi miqdori uning daromadiga mos keladi. Shuni hisobga olish kerakki, Rossiya prezidenti lavozimi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini nazarda tutadi, bu pulni tejash imkonini beradi», dedi Suvorova. 

Rossiya prezidenti saylovi 2024 yil 15-17 mart kunlariga belgilangan. Vladimir Putin beshinchi muddatga prezidentlikka saylanishga qaror qilgan. Markaziy saylov komissiyasi 29 yanvar kuni uni nomzod sifatida ro‘yxatga oldi. MSK shuningdek, Leonid Slutskiy (RLDP), Nikolay Xaritonov (Kommunistik partiya) va Vladislav Davankovni («Yangi odamlar») ham nomzod sifatida ro‘yxatga olgan.

Mavzuga oid