Jahon | 14:28 / 31.01.2024
12548
9 daqiqa o‘qiladi

BMT sudining qarori kimning foydasiga ishlaydi?

Xalqaro sud G‘azodagi urush bo‘yicha JAR so‘ragan deyarli barcha choralarni yoqladi, shu bilan birga, Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekanini qayd etdi. Xo‘sh, bu qaror haqida ekspertlar nima deyapti? “Geosiyosat” dasturida mavzuga oid savollarga siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Farhod Karimov javob berdi.

Janubiy Afrika Respublikasi suddan qanday favqulodda choralarni talab qilgan edi va qaysi talablari qondirildi?

Farhod Karimov: — JAR bir oy oldin Isroil ustidan shikoyat bilan BMT sudiga murojaat qilgan edi. G‘azodagi harbiy harakatlarni to‘xtatish va 1948 yilda qabul qilingan genotsid konvensiyasi asosida ko‘rib chiqish talabini qo‘yib, umumiy 9 bandli talab bilan chiqqan edi. Asosiysi, harbiy harakatlarni to‘xtatib, genotsid sifatida ko‘rib chiqish, humanitar yuklarni o‘tkazish, ijtimoiy infratuzilmalarni ishdan chiqarmaslik, xalqaro surishtiruvlarni cheklamaslik kabilar edi.

Xalqaro sud tinch aholiga nisbatan harbiy harakatlarni to‘xtatishni ma’qulladi. Butunlay urushni to‘xtatish esa nazarda tutilmadi. Bunga sabab, 1993 yildagi Oslo konvensiyasiga ko‘ra, Isroilga o‘zini himoya qilish huquqi berilgan, ammo Falastin uchun bu masala ochiq qolgan. Shuning uchun ham faqat tinch aholiga zarar yetkazmaslik talabi qo‘yilyapti. Sud tomonidan JARning qolgan talablari ham qondirildi. Endi esa ijro mexanizmi masalasi turibdi. Sud ko‘proq boshqa davlatlar shu pretsedentdan foydalanib, bu narsani vaj qilmasligi uchun shu qarorni chiqardi. Umuman olganda, birinchi marta xalqaro hamjamiyat Isroilga qarshi tura olishini ko‘rsatdi. Ammo aytganimdek, ijro mexanizmi borasida savollar ko‘p.

Xalqaro tartibotda yetakchi davlatlar Isroilga qarshi choralar ko‘rishni boshlashi mumkinmi?

Kamoliddin Rabbimov: — Isroil o‘z tarixida bugungi kundagi kabi ma’naviy inqirozni boshdan o‘tkazmagan. Isroil va arab davlatlari o‘rtasida ko‘p urush bo‘lgan, ammo bugungi kundagi kabi axborot davri bo‘lmagani uchun bu darajada genotsidda ayblanmagan edi. JARning asosiy maqsadi Isroilni xalqaro maydonda sazoyi qilish emasdi. Balki genotsid haqidagi konvensiyaga ko‘ra, xalqaro sud genotsid to‘g‘risida ayblov paydo bo‘lganda harbiy harakatlarni to‘xtatishi kerak, mana shu narsaga erishmoqchi edi. Ammo sud ko‘proq Isroilning foydasiga hukm chiqardi, ya’ni Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega, degan hukm bilan urush davom etishiga imkon berdi, faqat aholiga nisbatan genotsid bo‘lishiga qarshi hukm chiqardi. Bu hukm bilan Isrolning “qo‘li yechildi”, ya’ni agar sud urush to‘xtatilishi kerak, degan hukm chiqarganda ham Isroil to‘xtamas edi, ammo xalqaro bosim ortar edi, biroq sud Isroilning o‘zini himoya qilish huquqi bor ekanini e’tirof etib berdi.

Farhod Karimov: — AQSh va G‘arb davlatlari sud qarorisiz ham bosim qilishlari mumkin edi. Sud qaroridan keyin bosim qiladi deb umid qilish noo‘rin, shundoq ham ijro mexanizmi o‘sha kuchli davlatlarning qo‘lida. Lekin ayni Isroil ittifoqchilariga qarshi bo‘lgan davlatlar uchun huquqiy asos bilan bir qadar yo‘l ochildi. Endi Isroilga nisbatan JARning murojaatlariga o‘xshash murojaatlar ko‘payishi ham mumkin. Institutsional o‘zgarishlarni talab qilishga ham yo‘l ochilyapti, ijro mexanizmi ishlamasligi ortidan shunday talab qo‘yish mumkin, lekin bu ancha yillar davom etadigan jarayon. Umuman, hozirgi vaziyatda G‘arbning Isroilga yordami yoki bosimi o‘zgarmaydi, avvalgidek davom etadi deb o‘ylayman.

Aytganimdek, siyosiy, iqtisodiy sanksiyalarga asos bo‘ladi sud qarori, yo‘l ochildi. JARning parlamenti ham endi to‘xtamaymiz, hamkorlarimizni ham shunga chaqiramiz, dedi.

Isroilda bosh vazir Binyamin Netanyahuni lavozimidan chetlatish talab qilinmoqda. Bu amalga oshadimi?

Kamoliddin Rabbimov: — Urush davom etar ekan, Netanyahuni hokimiyatdan chetlatish imkonsiz bo‘ladi. Asosiy masala Netanyahuda ham emas, unga o‘xshagan yana siyosatchi chiqishi, xalq unga ovoz berishi mumkin. Isroil har tarafdan musulmon davlatlarining o‘rtasida qolib ketgani uchun unga globalizm yoqmaydi. Uning asosiy homiysi AQSh, ammo dunyoda kuchlar nisbati o‘zgaradigan bo‘lsa, Isroil boshqa homiy topa olmaydi, buni isroilliklarning o‘zi ko‘p aytadi.

Urush tugagach, Netanyahuning hokimiyatda qolishi juda qiyin. U Saudiya va boshqa arab davlatlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatib, tarixda qolmoqchi edi. Ammo bu loyiha izdan chiqdi. Asosiy muammo – Isroildagi propaganda sababli jamiyatning atrof-muhit bilan kelishmasligi. Shunday mafkura shakllantirilgan. Fikrimcha, Isroil borgan sari murakkab vaziyatga tushib boraveradi va buning tinch, tizimli yechimi mavjud emas.

Urushdan keyin G‘azoning taqdiri qanday bo‘ladi?

Farhod Karimov: — Urushdan keyin G‘azoni Isroilning qo‘liga topshirishmasa kerak, menimcha. Isroilning da’volarida ham G‘azoni egallash yo‘q, ammo amalda boshqacha vaziyat bo‘lyapti, nazoratga olish niyati borligini ko‘rsatyapti.

Oxirgi yondashuvlarda o‘zgarishni ko‘rish mumkin. Oldin 1967 yilgi chegaralanish bo‘yicha Falastin davlati tashkil etilishi to‘g‘risidagi rezolyutsiyada betaraf bo‘lganlar ham endi Falastin davlati tuzilishini qo‘llayapti. Bu juda katta bosim. Dunyoda boshqa kuchlar borligi, ta’sir ko‘rsata olishi ko‘rinyapti. Agar Isroil G‘azoni o‘z nazoratiga olsa, xalqaro bosim oldida javob berish masalasi bo‘ladi. G‘azoda HAMAS omili yo‘qolsa, uning o‘rniga mustaqil Falastin davlati tashkil etish masalasi chiqadi. G‘arbning o‘zi Isroil bu hududni nazoratga olishini istamaydi. Bir paytlar Isroil Suvaysh kanaligacha borganda G‘arb uni ortga qaytargan edi. Sionizmning g‘oyalari butun Sinay yarimorolini Isroilniki qilishni istaydi, ammo G‘arb buni istamaydi. Chunki bu mojaro to‘lqinlari Yevropaga yetib boradi. Agar Isroil G‘azoni o‘z nazoratiga olsa, yanada katta urushlarning boshlanishi bo‘ladi bu.

Bosimlar ortadi, harbiy harakatlar boshlanishi mumkin. Hozir Isroil HAMAS bilan zo‘rg‘a urushyapti, agar boshqa davlatlar urush ochadigan bo‘lsa, kuchi yetmaydi uning. AQSh ham, boshqa G‘arb davlatlari ham Isroilga ma’lum bir chegaradan o‘tmaslikni aytgan bo‘lishi kerak.

Urushdan keyin ham Falastin davlati tashkil etilishi kun tartibidan olinmaydi. Chunki bu masala kun tartibidan tushishi global Janub va butun dunyo hamjamiyatining mag‘lubiyatini ko‘rsatadi. Bunga esa yo‘l qo‘yishmasa kerak.

Kamoliddin Rabbimov: — Isroil tashqi ishlar vaziri biz G‘azoni to‘liq nazoratimizga olib, O‘rtayer dengizida sun’iy orol yaratib, g‘azoliklarni o‘sha yerga ko‘chiramiz, dedi. Bu bayonotni AQSh ham, YeI ham eshitmaslikka oldi, ya’ni qabul qilib bo‘lmaydigan ish sifatida.

Isroil doim Falastinni umuman yo‘q qilib, uning yerlarini o‘zlashtirishni orzu qiladi. Isroillik ekspertlar tarixda biz juda katta davlat bo‘lganmiz, hozirgi yerlarimiz juda kam, degan gapni aytadi. Ammo globallashgan dunyoda arab davlatlari va musulmon dunyosi qarab turmaydi, AQSh ham Isroilning hamma istaklariga rozi bo‘lmaydi. YeIda urush boshlanishida Isroil tomonida bo‘lganlar ko‘p edi, ammo bugun Falastin tarafdorlari ko‘p. Hatto YeIdagi siyosatchilar orasida ham bu borada ikki xil fikr bo‘lyapti, Falastin tarafdorlari ko‘paymoqda. YeIning umumiy pozitsiyasi: Isroil haddidan oshib ketdi va tinchlik bo‘lishi uchun mustaqil Falastin davlati tashkil topishi kerak.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid