O‘zbekiston | 12:58 / 31.01.2024
23572
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyati IIBga yangi boshliq tayinlandi

Qashqadaryo viloyati IIB rahbarligiga o‘tgan Abduvohid Ismoilov o‘rnini Timur Ismoilov egalladi. U tayinlovga qadar vazirlikda boshqarma boshlig‘i lavozimida edi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Polkovnik Timur Kamalatdinovich Ismoilov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligida ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov hamda viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Timur Ismoilov 1983 yil Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida tug‘ilgan. 2019 yil mayidan IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ish boshlagan, so‘nggi vaqtlarda IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

2020 yil yanvarida prezident tomonidan II darajali «Shon-sharaf» ordeni bilan mukofotlangan.

2019 yil oktyabridan buyon Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan polkovnik Abduvohid Ismoilov 30 yanvar kuni Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlangandi. Yig‘ilishda so‘zga chiqqan viloyat faollari va nuroniylar Abduvohid Ismoilovning Surxondaryodagi samarali faoliyati uchun minnatdorchilik bildirishgan.

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov viloyat IIBning sobiq boshlig‘i Abduvohid Ismoilovga to‘n kiydirmoqda

«Yig‘ilishda, shuningdek, viloyatda tizimda erishilayotgan ijobiy o‘zgarishlar e’tirof etilib, hududlarda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar sanab o‘tildi. Aholining kunlik ijtimoiy-maishiy muammolarini «fuqarobay» hal etish, jinoyatchilikni «mahallabay» jilovlash borasida amalga oshirilgan ishlar, jamoat xavfsizligini mustahkamlash borasida kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.

Kriminogen og‘ir vaziyatdagi mahallalarda qattiq nazorat o‘rnatish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish bo‘yicha Ichki ishlar boshqarmasining yangi rahbari va tizim mas’ullariga vazifalar yuklandi», deyiladi viloyat hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid