Akkumulyatordan boshlangan biznes – BYD qanday qilib dunyo darajasidagi kompaniyaga aylandi?
Bugun dunyo bo‘ylab elektromobillar ommalashib bormoqda. Bunday turdagi mashinalar bozorida raqobat keskinlashyapti. Ana shunday sharoitda Xitoyning BYD ko‘rsatkichlarini tobora oshirib, dunyodagi elektromobil ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniyalardan biriga aylandi.
Londondagi Rho Motion tadqiqot kompaniyasi hisobotiga ko‘ra, 2023 yilda dunyo bo‘ylab 13,6 mln dona elektromobil ishlab chiqarib sotilgan. Ulardan 9,5 mln donasi elektromobillar, 4,1 mln donasi gibrid avtomobillarni tashkil etgan.
2023 yil dekabrda dunyo bo‘ylab 1,5 mln dona elektromobil sotilgan va bu hozircha elektromobillar savdosida oylik ko‘rsatkich bo‘yicha rekord hisoblanadi.
2023 yilda elektromobillar savdosi eng ko‘p AQSh va Kanadada oshgan – 2022 yilga nisbatan 50 foiz ko‘p. Yevropa Ittifoqida 27 foiz, dunyoning yana bir yirik bozori bo‘lgan Xitoyda 15 foiz ko‘p sotilgan.
2023 yilda dunyoda sotilgan har beshta avtomobilning biri elektromobil bo‘lgan. 2022 yilda 7,8 million dona elektromobil sotilgan va har o‘nta avtomobilning biri elektromobil bo‘lgan. O‘sha yili elektromobillar savdosi 2021 yilga qaraganda 68 foizga oshgan.
Xalqaro energetika agentligi hisobotiga ko‘ra, umumiy hisobda so‘nggi 3 yilda elektromobillar savdosi 5 barobar oshgan. 2023 yilda dunyoda ishlab chiqarilgan elektromobillarning 50 foizi Xitoyda tayyorlangan.
2023 yil yakunlariga ko‘ra Tesla yil davomida 1,8 mln dona elektromobil sotib, birinchi o‘rinni saqlab qolgan. Xitoyning BYD kompaniyasi esa 2023 yilda 1,6 mln dona elektromobil sotgan.
Bozor kapitalizatsiyasi bo‘yicha BYD 79,3 mlrd dollar (boshqa manbalarda 91 mlrd dollardan oshiqroq ko‘rsatilgan) bilan Xitoyda birinchi o‘rinda, dunyoda esa uchinchi o‘rinda turadi. Birinchi o‘rinda Tesla joylashgan – uning bozor kapitalizatsiyasi 761,5 mlrd dollar. Ikkinchi o‘rinda Toyota – 248,2 mlrd dollar.
Biroq turli mutaxassislar yaqin bir necha yilda BYD bozor kapitalizatsiyasi bo‘yicha Toyotaʼga yetib olishi mumkinligini taxmin qilishyapti.
BYD tarixi
BYD kompaniyasi boshqa avtomobilsozlik kompaniyalariga qaraganda ancha “yosh” hisoblanadi. Kompaniya 1995 yil fevralda Xitoyning Shenjen shahrida Van Chuanfu tomonidan tashkil etilgan. Unga asosiy mablag‘ni yaqin qarindoshi Lyuy Sinyang bergan.
Van o‘z kompaniyasini tashkil etish uchun bekorga Shenjen shahrini tanlamagandi. Bu shaharda o‘sha paytlarda sanoat, ayniqsa elektronika sohasi keskin rivojlanayotgandi.
Kompaniya nomi Build Your Dreams (Orzularingizni quring) so‘zlarining qisqartmasidan olingan.
Kompaniya ilk tashkil etilganda faqat akkumulyator ishlab chiqarishga ixtisoslashgan edi. BYD avtomobil ishlab chiqarishga keyinroq, 2000-yillar boshlarida o‘tadi.
2002 yilda kompaniya o‘z aksiyalarini Hongkong fond birjasiga chiqaradi. O‘sha paytda BYD Xitoydagi eng yirik akkumulyator ishlab chiqaruvchi kompaniyaga aylanib ulgurgandi.
2003 yilda BYD Xitoydagi Norinco Group (to‘liq nomi China North Industries Group Corporation Limited) ko‘p tarmoqli davlat kompaniyasidan Shensi provinsiyasida joylashgan Sinchuan shahridagi avtomobil zavodini sotib oladi.
Shundan so‘ng kompaniya tarkibida BYD Automobile shu’ba korxonasi tashkil etiladi. Yangi korxona uchun Pekindan butlovchi qismlarni tayyorlovchi zavod sotib olinadi. Shanxayda konstruktorlik byurosi tashkil etiladi.
Kompaniyaning ilk mashinasi besh eshikli ixcham Fler bo‘lgan. Bu mashina Yaponiyaning Daihatsu kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Daihatsu Mira modelidan ko‘chirilgan bo‘lib, avvallari Xitoyning boshqa kompaniyasi tomonidan tayyorlangan. 2004 yildan boshlab esa model BYD Fler nomi ostida ishlab chiqarila boshlangan.
BYD Automobile kompaniyasining o‘ziga tegishli ilk model F3 deb atalgan. Bu modelni ishlab chiqarishda Toyotaʼning Toyota Corolla mashinasi namuna sifatida tanlab olinadi.
2000-yillarning ikkinchi yarmida Xitoydagi avtomobil bozori kengaygani sababli BYD Automobile kompaniyasi ham tez rivojlana boradi. Natijada 2010 yildayoq kompaniya bir yilda 500 ming dona mashina ishlab chiqarib sotishga muvaffaq bo‘ladi.
2006 yilda BYD avtomobilsozlikda yana bir shu’ba korxonasini tashkil etadi. BYD Automotive Industry deb nomlangan bu kompaniyada avtobuslar, og‘ir yuk mashinalari, yo‘l qurilishida ishlatiladigan elektrda harakatlanuvchi maxsus texnikalar va monorelslarda harakatlanuvchi poyezdlar ishlab chiqarish boshlanadi.
2008 yilda dunyoning eng boy odamlaridan biri Uorren Baffetning Berkshire Hathaway holdingi BYD kompaniyasining 10 foiz aksiyalarini sotib oladi. O‘sha paytda bu katta muvaffaqiyat edi.
Kompaniya avtomobil bozoriga kirib kelar ekan, boshdan o‘z oldiga elektromobillar ishlab chiqarishni maqsad qilib qo‘ygandi. Shu sababli 2008 yilda o‘zining birinchi gibrid avtomobili BYD F3DM modelini ishlab chiqaradi.
Aytgancha, aynan shu BYD F3DM modeli dunyodagi birinchi gibrid avtomobili edi. Ya’ni BYD kompaniyasigacha hech bir kompaniya gibrid avtomobil ishlab chiqarmagan.
2011 yilda BYD Germaniyaning Daimler kompaniyasi bilan qo‘shma korxona tashkil etadi va Denza markali mashinalarni ishlab chiqara boshlaydi. Bu markadagi mashinalar hanuzgacha tayyorlanmoqda.
2013 yilda BYD o‘z modellarini tayyorlay boshlaydi. Birinchi model Qin (Xitoydagi tarixiy sulola Tsin nomidan olingan) deb ataladi. Kompaniya keyingi modellarni ham Xitoyda hukmronlik qilgan Tang (Tan), Yuan (Yuan), Song (Sun) i Han (Xan) kabi sulolalar nomi bilan atashda davom etadi.
Kompaniyaning yanada yuksalishi
2016 yilda BYD kompaniyasi dunyoga mashhur avtomobillar dizayneri Volfang Eggerni ishga taklif etadi. O‘shangacha Egger Audi kompaniyasida ishlab kelayotgandi.
Egger kelgandan so‘ng BYD mashinalarining tashqi va ichki ko‘rinishlari o‘zgacha ko‘rinish oladi. Bu esa kompaniyada tayyorlanayotgan mashinalarning yanada ommalashishiga sabab bo‘ladi.
2017 yilda dunyodagi elektromobillar ishlab chiqaruvchi 10 ta yirik korxonadan oltitasi Xitoyda joylashgandi. Bular BYD, FAW Group, SAIC, Geely, BAIC, Dongfeng kompaniyalari edi. Qolgan 4 tasi ham xitoyliklar bilan hamkorlik qilardi.
O‘sha paytda Xitoydagi elektromobillar ishlab chiqaruvchi korxonalarning eng yirigi BYD edi. Kompaniya Xitoy va Janubiy-Sharqiy Osiyodan chiqib, Amerika bozoriga kira boshlagandi.
2020 yilda kompaniya Toyota bilan elektromobillar ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona ochadi. 2023 yil mart oyida BYD Taylandning Rayong provinsiyasida o‘zining xorijdagi birinchi avtozavodini ochdi.
O‘tgan yilning to‘rtinchi choragida kompaniya ilk marta elektromobillar savdosi bo‘yicha dunyoga mashhur Tesla kompaniyasini quvib o‘tdi. Shu davrda Tesla dunyo bo‘ylab 484,5 ming dona, BYD esa 526,4 ming dona elektromobil sotdi.
2023 yilda kompaniya jami 3,02 million dona mashina sotdi. Shundan 1,57 mln donasini elektromobillar tashkil etadi.
BYD tarkibiga kiruvchi shu’ba korxonalarFoto:
Bugun BYD tarkibida avtomobillardan boshqa turli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi o‘ndan oshiq shu’ba korxonalar bor. Ularda elektromobillar uchun akkumulyatorlardan tortib, quyosh panellarigacha ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bor.
Jumladan:
· BYD Lithium Batteries Co., Ltd. – elektromobillar uchun litiy-ionli akkumulyatorlar ishlab chiqaradi;
· Shanghai BYD Co., Ltd. – elektromobillar uchun litiy-ionli akkumulyatorlar va quyosh panellari ishlab chiqaradi;
· BYD Auto Co., Ltd. – avtomobillar (jumladan elektromobillar) ishlab chiqaradi;
· Huizhou BYD Battery Co., Ltd. – elektromobillar uchun litiy-ionli akkumulyatorlar ishlab chiqaradi;
· BYD Auto Industry Co., Ltd. – turli avtomobillar va riyelsli transportlarni tayyorlaydi;
· BYD Electronic (International) Co., Ltd. – investitsiya holdingi (Hongkongda joylashgan);
· BYD Precision Manufacture Co., Ltd. – mobil qurilmalar va boshqa elektr uskunalar uchun turli jihozlar ishlab chiqaradi;
· Huizhou BYD Electronic Co., Ltd. – yuqori aniqlikda elektr uskunalarni yig‘adigan asosiy korxona hisoblanadi;
· Xi’an BYD Electronic Co., Ltd. – mobil qurilmalar uchun turli jihozlar ishlab chiqaradi;
· BYD Auto Sales Co., Ltd. – BYD Auto Co., Ltd. va BYD Auto Industry Co., Ltd. tomonidan tayyorlangan turli avtomobillar va boshqa transport turlarini sotish va ularga kafolatli texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi;
· Changsha BYD Auto Co., Ltd. – avtomobillar va ularning ehtiyot qismlarini ishlab chiqaradi;
· BYD (Shangluo) Industrial Co., Ltd. – quyosh panellarini ishlab chiqaradi.
Bu kompaniyalarning barchasi Xitoyda joylashgan.
2023 yilda muvaffaqiyat bilan sotilgan modellar
Bugungi kunda BYD kompaniyasi 30 dan oshiq modelda, turli ko‘rinishdagi elektromobillar va avtomobillarni ishlab chiqaradi. Avtomobillar orasida mini-xetchbekdan tortib sedanlar, krossoverlar, minivenlar, yo‘ltanlamaslar va sport avtomobillargacha bor.
2023 yilda kompaniyaning bir qator modellari juda muvaffaqiyat bilan sotiladi.
BYD Dolphin. Kompaniya 2023 yilda bu modeldan jami 367 419 dona sotgan. 2023 yilda oylar taqsimida eng ko‘p BYD Dolphin dekabr oyida sotilgan – 36 514 dona.
2022 yilda BYD Dolphin modelidan 205 417 dona sotilgan va 2023 yilda o‘sish 79 foizni tashkil etgan. Ma’lumot uchun, BYD Dolphin xetchbek turidagi elektromobil bo‘lib, u 2021 yildan ishlab chiqarila boshlangan.
BYD Song. 2023 yilda BYD mashinalari orasida eng ko‘p sotilgan model aynan BYD Song hisoblanadi. Yil davomida undan 640 749 dona sotilgan. 2022 yilda ushbu mashinadan 481 607 dona sotilgan va 2023 yilda o‘sish 33 foizni tashkil etgan.
BYD Dolphin’dan farqli ravishda BYD Song gibrid va elektromobil ko‘rinishida bir nechta modeldan iborat. Shu sababli, 2023 yilda alohida modellar bo‘yicha BYD Dolphin eng ko‘p sotilgan model hisoblanadi.
BYD Seagull. 2023 yilda sotuv hajmiga ko‘ra BYD Seagull modeli 3-o‘rinni egallagan. Undan yil davomida 280 217 dona, noyabrda 44 603 dona, dekabrda 50 525 dona sotilgan.
BYD Seal. Ushbu modeldan 2023 yilda 127 323 dona sotilgan. Dekabrda BYD Seal modelidan 20 093 dona sotilgan va 2022 yil dekabr oyiga nisbatan 31 foizga ko‘p.
BYD O‘zbekistonda
BYD mashinalarining O‘zbekistonda sotila boshlanganiga bir necha yillar bo‘ldi. So‘nggi yillarda “O‘zavtosanoat” AJ bu kompaniya bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildira boshladi.
Jumladan, 2022 yil dekabr oyining oxirida BYD va “O‘zavtosanoat” AJ yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil qilish kelishuvini imzolaganini e’lon qildi.
Oradan bir oy o‘tgach 2023 yil 23 yanvar kuni UzAuto va BYD kompaniyalari rasman O‘zbekistonda yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi avtomobillarni ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanuvchi “BYD Uzbekistan Factory” MChJ qo‘shma korxonasini ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Oradan bir necha kun o‘tib, BYD O‘zbekistonda uchta modelni ishlab chiqarishi haqida xabar berildi. Bular, Chaser 05 (Xitoyda Destroyer 05) gibrid sedani, Han elektromobili va Song krossoveri ekani aytildi.
2023 yil mart oyida BYD kompaniyasining DM-i super gibrid modellari va elektromobillarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda “O‘zavtosanoat” AJ rahbari bilan birga BYD Auto Co.,Ltd boshqaruvi raisi o‘rinbosari Ivan Tsao ham qatnashdi.
Shundan so‘ng 2023 yil 17 mart kunidan boshlab “O‘zavtosanoat” AJ BYD kompaniyasining DM-I super gibrid modellari va elektromobillariga shartnoma berishni boshladi.
2024 yil 24 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga tashrif buyurdi. Tashriy davomida Shavkat Mirziyoyev Xitoyning Shenjen shahridagi Xitoyning BYD kompaniyasi bosh qarorgohi va texnologiyalar markaziga tashrif buyurdi.
Bu yerda davlat rahbari kompaniya prezidenti Van Chuanfu bilan birga Jizzax viloyatida yiliga 50 ming dona gibrid va elektr avtomobillarni yig‘ish bo‘yicha loyihani ishga tushirishga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi.
Tashrif chog‘ida kompaniya O‘zbekistonga 10 minginchi avtomobilini yetkazib berganining ramzi sifatida Shavkat Mirziyoyevga YANGWANG U8 avtomobili hadya qilindi.
BYD nega tez ommalashdi?
2023 yilda BYD kompaniyasi elektromobillar va gibrid avtomobillar sotish bo‘yicha Tesla kompaniyasiga juda yaqin keldi. 2023 yil yakunlariga ko‘ra Tesla yil davomida 1,8 mln dona, BYD kompaniyasi esa 1,6 mln dona elektromobil sotgan.
Mutaxassislar Xitoy kompaniyasi 2024 yildayoq elektromobillar sotish bo‘yicha Teslaʼni ortda qoldirishini va dunyoda birinchi o‘ringa chiqishini taxmin qilishmoqda.
Xo‘sh, BYD kompaniyasida tayyorlangan elektromobillar nega tez ommalashmoqda? Buning bir nechta sabablari bor.
Elektromobillarning narxi. Xitoyda ishchi kuchi AQSh va Yevropadagidan ancha arzon. Shuning hisobidan BYD kompaniyasida tayyorlanayotgan elektromobillar tannarxi Teslaʼga qaraganda ancha arzon chiqyapti. Aynan shu omil ham BYD elektromobillarning ko‘proq sotilishiga sabab bo‘lyapti.
Sifatning yaxshilanib borayotgani. BYD kompaniyasi o‘zi ishlab chiqarayotgan avtomobillarning sifatini yildan yil takomillashtirib, mukammal ko‘rinishga keltirmoqda. Shuningdek, ularning ichki va tashqi ko‘rinishi ham chiroyli chiqmoqda. Bu esa elektromobillar ixlosmandlarini o‘ziga ohanraboday tortmoqda.
Masalan, BYD Atto krossoveri bilan Tesla Model Y krossoverlari solishtirib ko‘ramiz. BYD Atto’ning narxi 50 ming dollar atrofida. Tesla Model Y esa 65 ming dollar atrofida sotilmoqda.
Tesla Model Y’ga 80 ming km masofani bosib o‘tguncha kafolat beriladi, BYD Atto’ga esa 150 ming km. Har ikkala mashinaning akkumulyatoriga 8 yil yoki 160 ming km masofani bosib o‘tguncha kafolat beriladi.
ANCAP (Avstraliyaning transport xavfsizligi bo‘yicha nufuzli reyting tashkiloti) reytingida har ikkala mashina eng yuqori besh yulduzli ballar olishgan.
Umuman olganda, BYD Atto va Tesla Model Y krossoverlarining texnik va boshqa ko‘rsatkichlari, qulayliklari teng. Biroq narxdagi katta tafovut tufayli BYD Atto tez ommalashmoqda.
Arzon va sifatli akkumulyatorlar. Bugun dunyodagi elektromobillar uchun ishlab chiqarilayotgan akkumulyatorlarning asosiy qismini BYD kompaniyasi tayyorlaydi.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda dunyoda elektromobillar uchun ishlab chiqarilayotgan akkumulyatorlarning qariyb 10 foizi BYD hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Elektromobillariga kompaniyaning o‘zida tayyorlagan akkumulyatorlarning o‘rnatilishi ham BVD’ga ancha ustunlik beradi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
08:08 / 09.11.2024
Xitoy O‘zbekistonda mehnat migrantlari malakasini oshirish markazlarini ochadi
20:57 / 08.11.2024
Xitoy iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun trillion dollar ajratdi
17:44 / 08.11.2024
Xitoy 2030 yilgacha odamlarni Oyga uchirishini ma’lum qildi
12:22 / 08.11.2024