Jamiyat | 20:15 / 01.02.2024
8473
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida korxonani elektr tarmog‘iga qayta ulab berishni aytib pul olgan ETK muhandisi ushlandi

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning xabar berishicha, departamentning Chirchiq shahar bo‘limi, prokuratura va DXX xodimlari hamkorligida tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda Chirchiq shahar elektr tarmoqlari korxonasi guruh muhandisi B.M. “C.B.” MChJga qarashli ishlab chiqarish korxonasini elektr tarmog‘iga qayta ulab berishi evaziga tadbirkor Sh.dan 800 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 214-moddasi (davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida elektrdan noqonuniy foydalangan fermerga “yordam” bermoqchi bo‘lgan ETK muhandisi ushlangandi.

Mavzuga oid