Jahon | 21:10 / 03.02.2024
17316
2 daqiqa o‘qiladi

Moskva oblastida xavfsizlik kuchlari migrantlar yashash joylarida yirik reydlar o‘tkazdi

Ular yaqinda Rossiya pasportini olgan, ammo harbiy ro‘yxatdan o‘tmagan shaxslarni qidirgan.

Foto: Telegram / bazabazon

Xavfsizlik kuchlari Moskva viloyatidagi migrantlarning yashash joylarida yirik reydlar o‘tkazdi. Tadbirlar Shchelkovo va Balashixa shaharlarida bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Baza.

Qayd qilinishicha, 30 yanvar kuni Balashixada Ichki ishlar vazirligi, harbiy komissariyat va Tergov qo‘mitasi xodimlari yaqinda Rossiya pasportini olgan, ammo harbiy ro‘yxatdan o‘tmagan shaxslarni qidirgan. Reydlar mahalliy yotoqxonalar, bozorlar va kafelarda ham o‘tkazilgan.

Manbaga ko‘ra, 11 nafar fuqaro harbiy qo‘mitaga olib ketilgan, 4 nafariga harbiy ro‘yxatdan o‘tish majburiyatini bajarmagani uchun bayonnoma tuzilgan.

Xuddi shunday reydlar Shchelkovoda ham bo‘lib o‘tgan.

Baza xabariga ko‘ra, harbiy majburiyatdan qochib yurgan migrantlarni qo‘lga olish bo‘yicha operatsiya Tergov qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi topshirig‘i bilan o‘tgan yilning 1 oktyabrida boshlangan. Oktyabr oyi boshidan buyon 400 dan ortiq kishi xizmatga chaqirilgani ta’kidlanmoqda.

Shu bilan birga, Losino-Petrovskiy shahrida o‘tkazilgan reyd doirasida 200 dan ortiq odam qo‘lga olingan. FXX, politsiya va Rossiya gvardiyasi xodimlari migrantlar noqonuniy yashab, ishlayotgan joylarni aniqlagan: plastik derazalar zavodi, novvoyxonalar va maxfiy fabrikalar.

Reyd natijasida 107 nafar shaxs ichki ishlar bo‘limiga olib borilgan, 12 nafariga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilgan. 22 nafari Rossiyada bo‘lish qoidalarini buzganlikda ayblangan.

Mavzuga oid