Jahon | 17:59 / 05.02.2024
10379
2 daqiqa o‘qiladi

«Men bunday almashtirish haqida o‘ylayapman». Zelenskiy - Zalujniyning iste’fosi ehtimoli haqida

Foto: Kaniuka Ruslan / Ukrainform / ABACAPRESS / Scanpix / LETA

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyni iste’foga chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini tasdiqladi. U bu haqda Italiyaning Rai News 24 telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

«Bu Ukraina boshqaruvi masalasi. Shubhasiz, qayta ishga tushirish, yangidan boshlash kerak», — degan Ukraina prezidenti OAVda u Zalujniyni ishdan bo‘shatmoqchi ekani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan izoh berib.

«Bu haqda gapirganda, men faqat ma’lum bir sektor, masalan harbiy sohadagi emas, balki bir qator davlat amaldorlarini almashtirishni nazarda tutyapman. Men bunday almashtirish (Zalujniy) haqida o‘ylayapman, ammo gap faqat bir kishini almashtirish haqida emas», — deya qayd etgan Zelenskiy.

U agar Ukraina urushda g‘alaba qozonishni istasa, ukrainlar «to‘g‘ri ijobiy energiyaga ega bo‘lishi kerakligi»ni ta’kidlagan. «Shuning uchun men qayta ishga tushirish, almashtirish haqida gapiryapman, men birgina shaxsga emas, mamlakat rahbariyati yo‘nalishiga taalluqli bo‘lgan jiddiy narsani nazarda tutyapman», — degan Zelenskiy.

  • Ukraina va Amerikadagi nashrlar ma’lumotiga ko‘ra, Volodimir Zelenskiy 29 yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Valeriy Zalujniyga tez orada Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondonligidan iste’foga chiqishi haqida ma’lum qilgan. Avvaliga Ukraina prezidenti ofisidagilar va Ukraina mudofaa vazirligi Zalujniyni iste’foga chiqarish rejalashtirilgani haqidagi xabarlarni rad etayotgandi. Ukraina QK bosh qo‘mondonini lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmon hozircha imzolanmagan.

Mavzuga oid