Jahon | 21:29 / 08.02.2024
23888
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Zalujniy bilan xayrlashdi

Garchi to‘g‘ridan to‘g‘ri iste’fo tilga olinmagan bo‘lsa-da, Ukraina prezidentining so‘nggi xabaridan shunday xulosaga kelish mumkin. Ukraina prezidenti generalga «bundan keyin ham jamoada bo‘lish»ni taklif qilgan.

Foto: Volodimir Zelenskiyning telegram kanali

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy bilan uchrashdi va unga «bundan buyon ham jamoada qolish»ni taklif etdi.

«Ukrainaning ikki yillik mudofaasi uchun minnatdorchilik bildirdim. Ukraina qurolli kuchlari qanday yangilanishlarga muhtoj ekanini muhokama etdik. Shuningdek, Ukraina qurolli kuchlarining yangilangan rahbariyatida kimlar bo‘lishi mumkinligini ham gaplashdik. Hozir shunday yangilanishning ayni vaqti», — deya yozgan Zelenskiy. Ukraina prezidenti bu bilan Zalujniyning iste’fosini nazarda tutganiga aniqlik kiritmagan.

Zalujniyning o‘zi ham Zelenskiy bilan uchrashgani haqida yozib, ular o‘rtasida «muhim va jiddiy muloqot» bo‘lib o‘tganini xabar qilgan. «Yondashuv va strategiyalarni o‘zgartirish zarur deb qaror qilindi», — deya yozgan Zalujniy gap iste’fo haqida ketayotganini ochiqlamagan holda.

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Bosh shtabga, mudofaa vazirligiga va Ukraina prezidentiga minnatdorchilik bildirgan. «Men Ukraina qurolli kuchlari safida farzandlarimiz kelajagini himoya qilayotgan har bir kishi bilan faxrlanaman. Barcha askarlar, serjantlar va zobitlar. Ukraina va ozodlik uchun jon fido qilgan har bir kishi qarshisida bosh egaman», — deya qo‘shimcha qilgan Zalujniy.

Ko‘p o‘tmay Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov Ukraina qurolli kuchlari rahbariyatini o‘zgartirishga qaror qilingani haqida ma’lum qildi.

U Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyga minnatdorchilik bildirgan, ammo «urush o‘zgarayotgani va o‘zgarishlarni talab etishi»ni qo‘shimcha qilgan.

«2022, 2023 va 2024 yillardagi harbiy harakatlar — uch xil reallik. 2024 yil tayyor turish kerak bo‘lgan yangi o‘zgarishlar bilan keldi. Yangicha yondashuvlar, yangicha strategiyalar darkor», — deya qayd etgan Umerov.

  • Zalujniy iste’foga chiqishi mumkinligi haqida mahalliy nashrlar va telegram-kanallar o‘z manbalariga tayangan holda 29 yanvar kunidan xabar bera boshlagandi. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina prezidenti bosh qo‘mondonni uchrashuvga chaqirgan va unga iste’foga chiqishi haqida xabar bergan, ammo tegishli farmonni hali imzolamagandi. 
  • 4 fevral kuni Zelenskiy italyanlarning Rai News 24 nashriga bergan intervyusida Zalujniy va umuman «faqat alohida harbiy sektorda emas, balki qator davlat idoralarida rahbarlarni almashtirish to‘g‘risida o‘ylayotgani»ni ma’lum qilgandi.
  • 6 fevral kuni «Ukrainskaya pravda» o‘z manbasiga tayanib, Zelenskiy Zalujniyga o‘zi iste’fo berishi kerakligini aytgani, ammo general bunga rozi bo‘lmagani haqida xabar bergandi.

Mavzuga oid