Jahon | 14:09 / 10.02.2024
33385
13 daqiqa o‘qiladi

Bir surat tarixi – Koreya urushida qatnashgan turk askari 60 yildan so‘ng koreys qizini qanday topgandi?

Internetda “Ayla” deb qidirilsa turk askari va yosh koreys qizcha tasvirlangan bir nechta eski surat chiqadi. Bu suratlarning o‘z tarixi bor. 1950 yilda Janubiy Koreyani shimolliklardan himoya qilish uchun borgan turk askari yosh qizchaning jonini saqlab qoladi. So‘ng uni o‘ziga qiz qilib oladi. Xizmat tugagach askar qizchani Turkiyaga olib ketmoqchi bo‘lganida buning iloji topilmaydi. Shu bilan aloqa uziladi. Biroq taqdir ularni oradan 60 yil o‘tib yana uchrashtirdi.

Foto: yeniakit.com.tr

Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropa tez tinchidi. Qit’aning sharqiy qismi sovetlar nazoratiga o‘tdi. G‘arbiy qismi Amerika bilan bozor iqtisodiyotiga asoslangan kapitalistik tuzumni tanladi.

Biroq Osiyo qit’asi uzoq yillar davomida notinch qoldi. Ayniqsa uning janubiy-sharqiy qismi 1970-yillar o‘rtasigacha urush girdobida qolib ketdi (Vetnam urushini eslang, u 1975 yilda tugagan).

Kapitalistik G‘arb va sotsialistik tuzumga asoslangan sovetlar eng avval Xitoyda to‘qnash kelishdi. Xitoyni yaponlar bosib olguniga qadar mamlakat nomi Xitoy Respublikasi deb nomlangan.

Yaponiya taslim bo‘lgandan so‘ng Xitoyga bir tomondan kommunistlarni qo‘llash uchun sovet armiyasi, ikkinchi tomondan Chan Kayshi boshchiligidagi Xitoy Respublikasini qo‘llash uchun G‘arb davlatlari harbiylari kirib kelishadi.

Bir necha yil davom etgan fuqarolar urushidan so‘ng 1949 yilda SSSR qo‘llagan Mao Tszedun boshchiligidagi kommunistlar g‘alaba qozonishadi. Noiloj qolgan Chan Kayshi 1950 yilda o‘z tarafdorlari bilan Tayvan oroliga ko‘chib o‘tadi.

1950 yilda shimolliklarning janubsha hujumi

Xitoy masalasi hal bo‘lgandan so‘ng navbat Koreya yarimoroliga keladi. O‘sha paytda yarimorolning shimoliy qismini sovetlar yordamida kommunistik tuzum tarafdorlari, janubini esa g‘arbliklar qo‘llovi bilan kapitalistik tuzum tarafdorlari nazorat qilardi.

1950 yilda shimolliklar janubga hujum boshlaydi va har ikki tuzum tarafdorlari o‘rtasida urush boshlanadi. Shimolliklarga sovet armiyasi, janubliklarga BMT rezolyutsiyasi bilan tuzilgan xalqaro koalitsiya harbiylari yordam beradi.

Shimol va janub o‘rtasidagi urush uch yil davom etadi va 1953 yilda sulh bilan yakun topadi. Shu tariqa Koreya yarimorolida bir-biriga dushman bo‘lgan ikkita mustaqil davlat tashkil topadi.

BMT harbiy koalitsiyasi tarkibida Turkiyadan yuborilgan harbiylar ham bor edi. Ular uch yil davomida janubliklar uchun jang qiladi va yo‘qotishlarga uchraydi.

Turklar urush tugagandan so‘ng ham vatanga qaytmaydi va 1960 yilgacha Koreyada qoladi. Janubiy Koreya oyoqqa turib olgandan so‘ng ortga qaytishadi.

Koreya urushida turklarning ishtiroki

1950 yil boshlarida Koreya yarimoroli shimolini egallagan o‘zini Koreya xalq demokratik respublikasi deb atagan kommunistik tuzum tarafdorlari janubga hujum boshlaydi.

Qisqa muddatda ular janubning juda katta hududini bosib oladi. Shundan so‘ng vaziyatga BMT aralashadi. 1950 yil 27 iyun kuni xalqaro tashkilot Janubiy Koreyaga harbiy yordam ko‘rsatishni nazarda tutuvchi 83 raqamli rezolyutsiyani qabul qiladi.

Shundan so‘ng AQSh Koreya yarimoroliga o‘z harbiylarini jo‘natishni ma’lum qiladi. Ikkinchi bo‘lib Turkiya shunday e’lon bilan chiqadi. So‘ng boshqa davlatlar ham qo‘shilishadi.

Turkiya respublikasi hukumati Janubiy Koreyani himoya qilish uchun 5 ming harbiydan iborat armiyani yuborish haqida qaror qabul qiladi. Bu armiya safiga uchta piyodalar, bitta artilleriya batalyoni va bir nechta yordamchi qismlar kirgandi. Asosiy qo‘shin Anqara yaqinida joylashgan 241-piyodalar polkidan olinadi.

Foto: turkishny.com

Qariyb to‘rt yil davom etgan urushda turklarning bir nechta brigadasi qatnashadi. Ya’ni ilk borganlar ortga qaytarilib, ularning o‘rniga yangilari yuboriladi.

Turkiyadan yuborilgan harbiylarning birinchi guruhi 1950 yil 12 oktyabr kuni Pusanga yetib boradi. Turklar Tegu shahri yaqinida, AQSh harbiylariga tegishli baza bilan yonma-yon joylashishadi.

Urush tugaguncha Koreyada jami 14 936 nafar turk askari xizmat qilgan. Turk harbiylari bir nechta yirik janglarda qatnashadi va jiddiy yo‘qotishlarga uchraydi.

Janubiy Koreyadagi turk askarlari dafn etilgan qabriston
Foto: liveinternet.ru

Jumladan, uch yil davom etgan urushda turklardan 721 nafar harbiy halok bo‘ladi. 2 111 nafar askar yaralanadi. 168 askar bedarak yo‘qoladi.

1953 yilda Janubiy Koreya va Turkiya o‘rtasida harbiy hamkorlik haqida bitim tuziladi. Unga ko‘ra turk harbiylari 1960 yilgacha yana 7 yil bu davlatda qolib xizmat qilishadi.

Turk harbiylari koreys ayoliga yordam ko‘rsatishmoqda.
Foto: liveinternet.ru

Turk askari Sulaymon

O‘sha paytda turk harbiylari orasida Sulaymon Dilbirliyi ism-sharifli serjant ham bor edi. Janglardan birida Sulaymon xizmat qilgan turk bo‘linmasi qishloqlardan biriga kirib borib dahshatli manzaraning ustidan chiqadi.

Shimollik kommunistlar armiyasi tomonidan qishloqdagi barcha uylar yoqib yuborilgan, aholi o‘ldirilgan, atrofda jasadlar yotardi. Shunda Sulaymon vayron bo‘lgan bir uydan yig‘lab turgan yosh koreys qizchani topib oladi.

Qizchaning ism-sharifi Kim Inja bo‘lib, uning ota-onasi va yaqinlari o‘ldirilgan, yolg‘iz qizcha tirik qolgandi.

Sulaymon qizchani o‘ziga qiz qilib oladi va unga Ayla (Oy nuri) deb ism qo‘yadi. Sulaymon Koreyada yana bir yarim yil xizmat qiladi va qizcha har doim uning yonida bo‘ladi.

Yigit jangga ketayotganida qizchani turk harbiylari joylashgan lagerda qoldiradi. Qaytgach yana birga bo‘ladi. Bu orada qizcha ham uni o‘z otasiday ko‘rib juda o‘rganib qoladi. Ayla lagerda ochilgan turk maktabida o‘qiy boshlaydi.

Bir yarim yildan so‘ng Sulaymon zaxiraga bo‘shatiladi. U Turkiyaga qaytishda Aylani ham o‘zi bilan birga olib ketishga qaror qiladi. Biroq bu oson emasdi.

Foto: Anadolu Agency

Sulaymon harchand harakat qilmasin Aylani o‘zi bilan Turkiyaga olib keta olmaydi. U hatto qizchani sumkasida yashirib olib ketishga urinadi, biroq qo‘lga tushadi.

Sulaymon qizni bolalar uyiga topshirishga majbur bo‘ladi. Ota va qiz ko‘zda yosh bilan xayrlashadi. Yigit Janubiy Koreyaga qaytishga va qizchani qonuniy yo‘l bilan olib ketishga va’da beradi.

Biroq Sulaymon Turkiyaga qaytgach hayot tashvishlari bilan ovora bo‘lib Janubiy Koreyaga qaytib bora olmaydi. Ayla dom-daraksiz ketadi. Sulaymonda Ayla bilan birga tushgan bir nechta fotosurati saqlanib qoladi xolos.

Bir surat tarixi

1960-yillar boshida Turkiyada turk harbiylarining Koreyadagi urushda ishtirokiga bag‘ishlangan pochta markasi chiqariladi. Markada turk harbiy yigiti yosh koreys qizchani ko‘tarib olgan holda gazeta o‘qib turardi.

Rasmdagi harbiy Sulaymon, qizcha esa Ayla edi. Biroq suratda bu yozilmagan, shunchaki “Koreya urushi xotirasi” degan yozuv bor edi xolos.

1962 yilda Janubiy koreyalik marka kolleksiya qiluvchi Kvan-Jye ismli shaxs mahalliy gazetalardan birida Turkiya markasi rasmini chop ettiradi.

Bu o‘sha Turkiyada turk harbiylarining Koreyadagi urushda ishtirokiga bag‘ishlangan pochta markasi edi. Kvan-Jye markadagi suratda tasvirlangan turk askari va qizchani qidirib topishga qaror qiladi. Biroq o‘sha paytda buning iloji bo‘lmaydi.

Turk harbiylari jang qilgan hududlar haqida gazetada chiqqan maqola
Turk askari va koreys qizcha tasvirlangan Turkiya pochta markasi
Foto: shutterstock.com

Keyinchalik, Kim Inja (Ayla) ulg‘ayib Koreya universitetida o‘qiydi. So‘ng turk tilidan tarjimon bo‘lib ishlaydi. Qiz ham gazetada chop etilgan o‘z suratini ko‘radi. U Sulaymonni izlaydi, biroq turk askarini topishning iloji bo‘lmaydi.

Buyoqda Sulaymon ham qizni qidiradi. Biroq u ham Aylaning haqiqiy ism-sharifini bilmagani uchun qizni topa olmaydi. Har ikki tomon ham taqdirga tan beradi.

Oradan 60 yilga yaqin vaqt o‘tadi. 2000-yillar oxirida koreyalik jurnalistlar 84 yoshga kirgan Sulaymon haqida ma’lumot topishga muvaffaq bo‘lishadi. So‘ng Aylani qidirishni boshlashadi.

Ular arxivga kirib qizcha va turk askari haqida ma’lumot izlaydi. Kunlarning birida qiz haqida ma’lumot topiladi. Uning haqiqiy ismi Kim Inja ekani ma’lum bo‘ladi.

Jurnalistlar Kim Injaning manzilini topib borishadi va ayol bilan uchrashib Turkiyada urush faxriylaridan biri uni qidirayotganini aytishadi. Shu yerda ayolga Sulaymon bilan bolaligida tushgan suratini ko‘rsatishadi.

Ayol suratda o‘zini ko‘rib yig‘lab yuboradi va jurnalistlardan Sulaymonning manzilini olib, unga maktub yozib yuboradi.

2010 yilda Sulaymon turmush o‘rtog‘i bilan Koreyaga boradi va u yerda Ayla bilan uchrashadi. Ko‘p o‘tmay ayol farzandi va nabiralari bilan birinchi marta Turkiyaga keladi.

Ota va uning qizi ilk uchrashgan holat
Foto: polskisport.info

Ota va qizning topishgani har ikki davlatdagi telekanallarda ko‘rsatiladi, gazetalarda va internet nashrlari orqali xabar beriladi.

Shuningdek, Koreyadagi ommabop telekanallardan birida Sulaymon va Ayla taqdiri haqida hujjatli film namoyish etiladi. 60 yildan keyin bir-birini topgan Sulaymon va Ayla tarixi ko‘pchilikni hayajonga soladi.

Foto: Anadolu Agency

2017 yilda Sulaymon Dilbirliyi 91 yoshida vafot etadi. U bemor holida shifoxonada yotganida Ayla uning yonida bo‘ladi. Sulaymonni izzat-ikrom bilan dafn etishadi. Dafn marosimida Ayla ham qatnashadi.

Sulaymon qizini qidirar ekan, uning ayoli har doim uni qo‘llaydi. Taqdirni qarangki, Sulaymon dunyodan o‘tgan kun uning turmush o‘rtog‘i ham vafot etadi. Er-xotinni bir kunda dafn etib, yonma-yon qabrga qo‘yishadi.

2018 yilda Ayla otasining qabrini ziyorat qilish uchun yana Turkiyaga keladi Shunda uni mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham qabul qiladi.

Foto: yeniakit.com.tr

“Ayla: Urush qizi”

2016 yilda turkiyalik rejissyor Jon Ulkay koreyalik kinoijodkorlar bilan hamkorlikda Sulaymon va Ayla tarixi haqida film suratga ola boshlaydi. Filmga “Turkiya havo yo‘llari” aviakompaniyasi hamda mamlakat madaniyat va turizm vazirligi homiylik qiladi.

Suratga olish ishlarining bir qismi Koreyada, qolgani Turkiyada o‘tkaziladi. Suratga olish va montaj ishlarida turkiyaliklar dunyoga mashhur Warner Brothers kinokompaniyasi bilan hamkorlik qilishadi. 2017 yil iyunda film tayyor bo‘ladi.

Filmda bosh rolni turkiyalik taniqli aktyor Ismoil Hojio‘g‘li o‘ynagan. Ayla rolida esa koreyalik qizaloq Kim Sol suratga tushgan. Shuningdek, amerikalik askarlar bilan bog‘liq sahnalarda Hollivudning taniqli aktyorlari Erik Robers va Klaudia Kuidj rol ijro etishgan.

“Ayla: Urush qizi” filmi Sulaymon Dilbirliyining vafotidan bir necha oy avval ommaga taqdim etiladi.

Film kinotanqidchilar tomonidan ijobiy baho oladi. “Ayla: Urush qizi” filmi 2017 yilda uchta xalqaro sovrin yutadi.

Jumladan:

  • Keyptaunda o‘tkazilgan xalqaro kinofestivalda “Eng yaxshi montaj”;
  • Osiyo jahon kinofestivalida “Eng yaxshi film”;
  • “Oltin sayyohlik” kinomukofotlarini qo‘lga kiritadi.

Film nufuzli “Oskar” kinomukofotiga “Eng yaxshi xorijiy film” yo‘nalishida nomzod bo‘ladi. Biroq mukofot ololmaydi.

Ma’lumot uchun, “Ayla: Urush qizi” filmi o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan va telekanallardan birida namoyish etilgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid