Jahon | 23:01 / 13.02.2024
22826
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya-Ukraina urushi yangi bosqichga kirmoqda - Sirskiy

Ukraina o‘z qurollarini ishlab chiqarishga o‘tmoqda, ammo bu hali yetarli emas, dedi Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy. 

Oleksandr Sirskiy

Ukraina qurol ishlab chiqarishda faqat sheriklariga emas, avvalo o‘ziga tayanishi kerak. Bu haqda Germaniyaning ZDFN nashriga bergan intervyusida Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy ma’lum qildi. 

«Bunday ko‘lam va muddatdagi janglar Ikkinchi jahon urushidan beri bo‘lmagan. Har bir operatsiya bir necha oy davom etmoqda. Albatta, bu qurollar yetarli emas, ular tanqis. Hatto ishlatilayotgan qurollarning ham yaroqlilik muddati bor. Har qanday zambarak ma’lum miqdordagi snaryadlarni otadi, shundan so‘ng uni o‘zgartirish kerak. Bu nafaqat odamlar, balki iqtisodiyot urushidir», dedi bosh qo‘mondon. 

U, shuningdek, Ukraina o‘zining G‘arb hamkorlari iqtisodiyotiga umid bog‘layotganini qo‘shimcha qildi: «Kollektiv G‘arb iqtisodiyoti ham bizga yordam berishi kerak. Chunki biz kurashyapmiz va o‘zimizdagi eng qimmatli narsamizdan foydalanmoqdamiz – bu bizning xalqimiz, millatimiz guli. Chetdan yordam yo‘q – biz o‘z ishlab chiqarishimizni yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Bu allaqachon jarayonda, ishlab chiqarish hajmini oshirishimiz kerak. Chunki, birinchi navbatda, biz faqat hamkorlarimizga emas, o‘zimizga tayanishimiz kerak», dedi u. 

Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, frontda quruqlikdagi dronlardan foydalanish boshlandi. Bu Ukraina harbiy xizmatchilarining hayotini saqlab qolish imkonini beradi. 

«Endi biz har kuni dronlarning roli qanday ortib borayotganini ko‘rib turibmiz. Bu ularning har kuni har ikki tomonda ham ko‘proq qo‘llanilishi bilan bog‘liq. Endi barcha darajadagi harbiy qo‘mondonlar urush ko‘lamini to‘liq ko‘ra oladi. Ilgari ular faqat xandaqda o‘tirgan holda, jang maydonini qisman ko‘rar edi. Endi ular jangovar harakatlar manzarasini to‘liq ko‘rmoqda. Dronlar butun front bo‘ylab qo‘llanadi. Ushbu qurol urushda texnologik taraqqiyotning ahamiyatini oshirdi», dedi bosh qo‘mondon. 

 

Mavzuga oid