O‘zbekiston | 22:07 / 13.02.2024
14945
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda reyd: noqonuniy qurilishlar va qoidabuzarliklar bo‘yicha choralar ko‘rildi

13 fevral kuni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan OAV vakillari bilan hamkorlikda poytaxtda mavjud noqonuniy qurilishlar hamda qurilishlar sifati yuzasidan reyd tadbirlari tashkil etildi.

Foto: Kun.uz

O‘rganish ishlari dastlab Yunusobod tumani Posira mahallasi hududida qurilayotgan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obektidan boshlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, M.Xo‘jahmedov tomonidan barpo etilayotgan savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish binosining qurilish-montaj ishlari Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligining hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan ro‘yxatdan o‘tmasdan turib boshlangan.

Inspeksiya mutaxassislari tomonidan obekt tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tgunga qadar qurilish-montaj ishlarini to‘xtatish bo‘yicha yozma ko‘rsatma berilgan. Shuningdek, MJtKning 99-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish ishlari olib borilyapti.

Keyingi manzil – Yunusobod tumani 9-mavzeda “Zo'rsan Residence Developer” MChJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli turar-joy obekti bo‘ldi.

Monitoring tadbirlari davomida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Toir Alimatov aniqlangan bir qancha kamchiliklarga to‘xtalib o‘tdi:

“1500 xonadondan iborat 16 qavatli turar-joy obektida olib borilayotgan handaq-kotlovan ishlarida texnika xavfsizligi choralari ko‘rilmagan. Ya’ni, handaq atrofi 1.10 metr balanlikdagi himoya to‘siqlari bilan o‘ralmagan. Hudud atrofida tozalash tadbirlari olib borilmagan. Xavfli hududlar oldida tegishli belgilar o‘rnatilmagan”, – deydi u.

Qurilish-pudrat tashkiloti mas’ullariga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Reyd tadbirlari Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi 14-uy manzilida “Leader House Building” MChJ tomonidan qurilayotgan obektni o‘rganish ishlari bilan davom etdi.

Ma’lum bo‘lishicha, mavjud savdo do‘koni binosini yerto‘la qismida avtoturargoh tashkil qilish sharti bilan 1-2-qavatlari savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi bo‘lgan o‘rta qavatli turar-joy binosiga qayta ixtisoslashtirib, rekonstruksiya qilish obektining qurilish-montaj ishlari hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tmasdan turib amalga oshirilgan.

Inspeksiya tomonidan qurilish ishlariga ma’sul rahbar o‘rinbosariga nisbatan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 avgustdagi 496-sonli qarori bilan belgilangan talab asosida yozma ko‘rsatma rasmiylashtirilgan hamda ko‘rsatma talablarini o‘z vaqtida bajarmagani uchun MJtKning 99-moddasi 7-qismi bo‘yicha 2022 yil 3 noyabrda ma’muriy jazo qo‘llanilgan.

Shunga qaramay “Leader House Building” MChJ tomonidan yana qurilish ishlari olib borilayotgani aniqlangan hamda inspeksiya tomonidan 2023 yilning 2 fevralida 309-sonli yozma ko‘rsatma rasmiylashtirilgan. Ko‘rsatma talablarini o‘z vaqtida bajarmagani uchun 2023 yil 30 martda MChJ rahbar o‘rinbosariga nisbatan MJtKning 99-moddasi 7-qismi bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llanilgan.

“Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligining hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan qo‘yilgan talablarni bajarmasdan ShNQ (shaharsozlari normalari va qoidalari) va QMQ (Qurilish me’yorlari va qoidalari) talablarini qo‘pol ravishda buzgan holda qurilish-montaj ishlarini davom ettirayotgan ushbu MChJ ma’sul rahbarlariga nisbatan Toshkent tumanlararo Iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritilgan”, – deydi inspeksiya mutaxassisi Shahzod Saparboyev.

Mavzuga oid