Jahon | 17:58 / 14.02.2024
17169
6 daqiqa o‘qiladi

Ukrainlar Qora dengizda ruslarning yana bir kemasini cho‘ktirganini aytmoqda. Bu haqda nimalar ma’lum?

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi 14 fevral tongida Qora dengizda Rossiyaning «Tsezar Kunikov» katta desant kemasiga hujum qilingani tasdiqlangan bayonotni e’lon qildi. Rossiya mudofaa vazirligi hozircha bu ma’lumotga izoh bermagan, Kremldagilar izoh berishdan bosh tortgan.

Foto: Videodan kadr

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi tasdiqlashicha, ukrain armiyasi va razvedka xizmati RF Qora dengiz flotining «Tsezar Kunikov» katta desant kemasi cho‘ktirib yuborilgan. «Zarba berilgan vaqtda u Alupki yaqinida, Ukraina hududiy suvlarida edi», — deyiladi Bosh shtab bayonotida. Kema yo‘q qilingani haqida dastlab «Ukrainskaya pravda» Ukraina mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasidagi manbasiga tayanib xabar bergandi. Nashr suhbatdoshi bu razvedkachilar o‘tkazgan amaliyot bo‘lgani va hujum natijasida kema cho‘kib ketganini aytgan. Ukrainadagi «Krimskiy veter» telegram-kanali guvohlar tomonidan olingan videolarni joylashtirgan: ulardan birida dengizda nimadir yonayotgani, boshqalarida suv ustida vertolyotlar uchayotgani aks etgan.

Ukraina razvedkasi «Tsezar Kunikov» kemasiga hujum qilinishi ko‘rsatilgan videoni namoyish etdi. Videoyozuvda bir vaqtning o‘zida bir nechta dengiz dronlari kemaga hujum qilayotgani, tashqi belgilariga ko‘ra u «Tsezar Kunikov» ham mansub bo‘lgan 775-proyektdagi yirik desant kemasi ekanini ko‘rish mumkin. Video o‘rtalarida portlash aks etadi, oxirida esa kema bir tomonga og‘ayotgani ko‘rinadi.

Bosh razvedka boshqarmasidagilar kemaga Magura V5 rusumli dengiz dronlari hujum qilganini ma’lum qilgan. «Yakunda „Tsezar Kunikov“ning chap tomonida kritik teshiklar paydo bo‘ldi va u cho‘ka boshladi», — deya xabar bergan ukrain razvedkasi. Boshqarma vakillari qidiruv-qutqaruv amaliyoti «muvaffaqiyat keltirmagani»ni ta’kidlagan.

Hujum vaqtida kemada qancha odam bo‘lgani noma’lum. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, «Tsezar Kunikov» ekipaji 87 kishini tashkil etadi. «Krimskiy veter» telegram-kanali guvohlarga asoslanib xabar qilishicha, kemaga hujumdan keyin halok bo‘lgan va yarador dengizchilar tibbiyot avtobuslarida Sevastopolga yetkazilgan, ularga yo‘l-patrul xizmatining ko‘plab mashinalari hamrohlik qilgan. Anneksiya qilingan Qrim va Sevastopol rasmiylari bu ma’lumot yuzasidan izoh bermagan.

Rossiyaliklarning «Dva mayora» telegram-kanali esa «ekipajning barcha a’zolari tirik» ekani haqida yozgan. Z-blogerlar ro‘y bergan holat mas’uliyatni Qora dengiz floti rahbariyati zimmasiga yuklamoqda, «Voyenniy osvedomitel» kanali muallifi shu rahbariyat tufayli flot kemalari «hamon tahdidlarga mos ravishda himoyalanmagani va kaklik kabi o‘qqa tutilayotgani»dan norozilik bildirgan.

Ukrain razvedkasi hujum boshqarmaning «Gruppa 13» nomli dengiz dronlari operatorlari guruhi tomonidan amalga oshirilganini ma’lum qilgan. Ukraina tomoniga ko‘ra, bu guruh «Ivanovets» raketa kemasi, «Sergey Kotov» patrul kemasi, «Admiral Makarov» fregati — jami beshdan ortiq kemalarga qilingan hujumlarga aloqador bo‘lgan.

RF mudofaa vazirligi hozircha «Tsezar Kunikov» kemasiga dengiz dronlari hujum qilgani haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirmadi. 14 fevral tongida Rossiya harbiy idorasi navbatchilikdagi havo hujumidan mudofaa kuchlari Qora dengiz akvatoriyasi ustida samolyot tipidagi oltita dronni urib tushirgani haqida xabar bergan.

RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov matbuot uchun brifing vaqtida Rossiyaning Qora dengizdagi kemalari bo‘yicha barcha savollarni RF mudofaa vazirligiga berish darkorligini ma’lum qilgan. «Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri maxsus harbiy amaliyotning borishi bilan bog‘liq. Tabiiyki, bu faqatgina mudofaa vazirligi vakolatida. Men sizlarga harbiy hamkasblarimizning bayonotlariga tayanishni taklif qilaman. Men bu borada sizga hech narsa ayta olmayman», — degan Kreml vakili.

 «Tsezar Kunikov» yirik desant kemasi, 2015 yil
Arif Hudaverdi Yaman / Anadolu Agency / Getty Images

«Tsezar Kunikov» kemasi RF Qora dengiz floti tarkibiga 1986 yil sentabrida «BDK-64» nomi ostida qo‘shilgan. Uch yil o‘tib uning nomini o‘zgartirishgan — kema sovet ittifoqi qahramoni, 81 yil muqaddam, 1943 yil 14 fevralida halok bo‘lgan Tsezar Kunikov sharafi nomlangan. Kema Kosovoda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha amaliyotda (1999 yil) va Rossiya-Gurjiston urushida (2008) qatnashgan, shuningdek fuqarolik urushi vaqtida (2015) Suriya armiyasiga yordam bergan. 2022 yil martida «Tsezar Kunikov» va «Novocherkassk» yirik desant kemalari ukrainlarning Berdyansk portiga yo‘llagan aviazarbasi vaqtida shikastlangan, o‘sha hujum vaqtida Rossiyaning «Saratov» yirik desant kemasi cho‘kib ketgandi. Keyinroq, 2023 yil dekabrida amalga oshirilgan hujum vaqtida «Novocherkassk» ham Feodosiya portida turganida Storm Shadow raketalari orqali cho‘ktirib yuborildi.

Mavzuga oid