O‘zbekiston | 11:09 / 15.02.2024
8208
4 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi ekinlarini sovuqdan asrash bo‘yicha tavsiyalar berildi

16 fevraldan O‘zbekiston hududiga sovuq havo massalari kirib keladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi yetishtirilayotgan ekin hamda o‘simliklarni qisqa muddatli qattiq sovuqdan qanday asrash kerakligi haqida maslahatlar berdi.

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi respublikaga sovuq havo oqimlari kirib kelishi munosabat bilan qishloq xo‘jaligi ekinlarini asrash yuzasidan o‘z tavsiyalarini e’lon qildi.

Vazirlikka ko‘ra, yetishtirilayotgan ekin hamda o‘simliklarni qisqa muddatli qattiq sovuqdan asrashda quyidagilarga amal qilish tavsiya etiladi:

  • O‘rab qo‘yish. Daraxtlar va o‘simliklarni sovuq urishi va qordan himoya qilish uchun maxsus materiallar (mato, plyonka, kraft-qog‘oz, spanbond) bilan yopish zarur. Bu gullaydigan kurtaklarni qisqa muddatli qattiq sovuqdan saqlab qolishga yordam beradi;
  • Ozuqa moddalari bilan sug‘orish. Sovuq havo massasi kirib kelishidan oldin daraxtlar yetarli darajada namlik va ozuqa olgan bo‘lishiga ishonch hosil qilish kerak. Odatda suvga va foydali moddalarga to‘yingan daraxtlar past haroratlarga ko‘proq chidamliroq bo‘ladi;
  • Mulchalash. Ekinlar ildiz zonasini maxsus ozuqa moddalar bilan qoplash tuproqdagi issiqlik va namlikni saqlab qolishga yordam beradi, bu esa ildizlarni sovuqdan himoya qiladi;
  • Shikastlangan shoxlarni kesib tashlash. Qor og‘irligi ostida ba’zi shoxlarni sinishi yoki sovuq urishi xavfini kamaytirish uchun qurib qolgan yoki shikastlangan novdalarni kesib tashlash mumkin. So‘ng, kesilgan joyni mis sulfatning suvli eritmasi (1 litr suv uchun 1 choy qoshiq modda) bilan ishlov berish kerak;
  • Shamoldan himoya qilish. Imkoniyat bo‘lsa, daraxtlar va o‘simliklar atrofida vaqtinchalik shamol to‘siqlarini yaratish zarur. Bu to‘siqlar ekinlarni yelvizaklardan asrashga yordam beradi.

 Shuningdek, sug‘orish imkoniyati bor xududlarga g‘allani sharbat bilan sug‘orish tavsiya etiladi. Gektariga 150 - 200 kg.dan ammiakli selitra yoki sulfat ammoniy o‘g‘itidan berilishi ham g‘alla maysalarning o‘sish va rivojlanishini tezlatib, ildiz tizimini yaxshi rivojlantiradi va sovuq xaroratdan ximoya qiladi. 

Bundan tashqari, qisqa muddatli sovuq kunlar bo‘lib o‘tgandan so‘ng sabzavot ekinlarini “stres” va “shok” xolatdan olib chiqish uchun quyidagi agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish foyda beradi: 

  • o‘simlikni qo‘shimcha oziqlantirishga katta e’tibor qaratish lozim, bunda turli mikroelement, aminokislotalarga boy preparatlar (Viusid, Biotrac singari tarkibida bor elementi mavjud bo‘lgan oziqalar) bilan bargidan oziqlantirish samarali; 
  • o‘simlikni o‘sish va rivojlanish jarayonini tezlashtirish maqsadida azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish zarur, bunda tez ta’sir etuvchi (sulfat ammoniya) mineral o‘g‘itlardan foydalanilish zarur;
  • Havo xarorti o‘simlik uchun past bo‘lsa, egat ustini simbag‘az usulida shaffof plenka bilan vaqtnicha yopib turish maqsadga muvofiq;
  • barcha agrotexnik tadbirlarini intensiv usulda, qisqa muddatlarda amalga oshirish zarur, tuproq namligini saqlab turish uchun sug‘orish kerak.

Oldinroq havoning keskin sovishi O‘zbekistonda ertapishar piyoz hosiliga salbiy ta’sir qilishi mumkinligi xabar qilingandi. Qishloq xo‘jaligi vazirligining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, respublika bo‘yicha 2024 yil hosili uchun barcha toifa xo‘jaliklarda avgust-sentabr oylarida 64 ming gektar, noyabr-dekabr oylarida to‘qsonbosti usulida 82,8 ming gektar maydonda piyoz ekilgan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 fevral kuni O‘zbekistonning shimoliy hududlariga, 17–19 fevral kunlari esa respublikaning barcha hududlariga sovuq va nam havo massalari kirib keladi hamda havo harorati kechalari –8 darajagacha pasayadi

Mavzuga oid