Davomat yaxshi bo‘lishi uchun ta’lim sifatini oshirish kerak - Botir Qobilov 1-o‘rindagi masala haqida
Iqtisodchi Botir Qobilov o‘zbekistonliklar hozirgi holatdan bir emas, o‘n kalla yuqoriroq sakrashi zarurligi, buning uchun mehnat kuchi sifatini, inson kapitaliga sarmoyani oshirish talab etilishi haqidagi fikrlarini bildirdi.
O‘zbekistonlik iqtisodchi Botir Qobilov o‘z telegram-kanalida so‘nggi voqealar fonida o‘zbek jamiyatidagi muammolar ildizi baribir ta’limga borib taqalishiga e’tibor qaratdi.
To‘g‘risi – «ular» nima deb o‘ylashi, nimalarni deb janjal qilishi meni umuman qiziqtirmaydi. Menimcha, bizni yanada ko‘proq o‘ylantirishi va harakatlarga chog‘lantirishi kerak bo‘lgan va kun tartibida birinchi o‘rinda turishi kerak bo‘lgan masala bu ta’lim va yana bir bor ta’lim.
Oxirgi kunlarda bunga bir necha bor amin bo‘ldik. Hozirgi ahvolimizdan bir kalla emas, o‘n kalla yuqoriroq sakrashimiz kerak deb o‘ylayman. O‘zbekistonliklar farovon yashashi uchun ham, iqtisodiyotda ko‘p aytiladigan strukturaviy o‘zgarishlarni qilishimiz uchun ham mehnat kuchi sifatini, inson kapitaliga sarmoyani biz oshirishimiz kerak.
Tan berib oddiy narsani olaylik – aksariyati o‘zbek tilida o‘z ismini ham xatosiz yoza olmaydigan avlodni katta qildik. Men bunday deya olaman bemalol, chunki men shu avlodning bir qismiman. Tengdoshlar, do‘stlar orasida bor shundaylar.
Ta’lim deganda men 100 foiz davomatni emas, balki sifatni nazarda tutyapman. Barcha darajada.
Masalan, maktabni olaylik. Agar maktab o‘quvchisi maktabga kelmayaptimi, demak, uning sababi nima bo‘lishi mumkin? Nega maktabga borgisi kelmayapti? Balki maktab u uchun qiziq emasdir? Nega qiziq emas? Kelsa bekorga o‘tirib ketib hech narsa o‘rganmayaptimi, jarayon umuman qiziq emasmi? Fizika o‘qituvchisi yo‘qdir balki? Balki tarix o‘qituvchisi tarixiy voqealarni qiziqtirib o‘tmasdan, qaysi yili qaysi jangda qancha jangchi daryoning narigi tarafida turganini yodlatayotgandir? Balki adabiyot o‘qituvchisi o‘zbek tilidagi shedevrlarni qiziqarli o‘qitib, mulohazaga chorlamasdan balki shartli «Boburnoma»ning yigirma beshinchi betining uchinchi gapida nima yozilganini yodlatayotgandir?
Nega bunday? Dars berish metodologiyasini biz haligacha hal qilib olmadikmi? Maktabda biz o‘zbekistonliklarga nima o‘rgatyapmiz? O‘zi o‘zbekistonlik inson qanday bilim bilan hayotga qadam qo‘yishi kerakligini kelishib oldikmi? Nega o‘sha shartli fizika, adabiyot yoki matematika o‘qituvchisi maktab o‘quvchisi sinfxonada qolishiga qiziqish uyg‘otadigan tarzda dars o‘tmayapti? Nega o‘z ustida ishlamaydi? Yoki sabab uning o‘z ustida ishlashga vaqti yo‘qligidadir? Yoki uni boshqa yumushlar bilan hokimiyatlar, vazirliklar va boshqalar band qilib qo‘yishyaptimi? Yoki vaqti ko‘p bo‘lsa ham, iqtidorli insonlarni o‘qituvchilikka chorlaydigan rag‘bat – maosh kammikan?
Ma’rifat sohasida ishlaydiganlarga maosh kam, chunki budjetda pul kammikan? Agar budjetda pul kam bo‘lsa unda keraksiz bo‘lgan XYZ yoki ABC’ga shuncha mablag‘ isrof qilish to‘g‘rimikan? Demak, ota-onalar farzandlarini soliqlari orqali moliyalashtiriladigan maktabga yuborishdan manfaat ko‘rmayaptimi? Uning o‘rniga farzandlarini maktabga emas, pullik repetitorga yuboryaptimi? Chunki ular maktabda berilayotgan bilim yetarli emasligini anglab yetganmi?
Xullas, mana shu va shunga o‘xshash savollar ko‘p. Ular kun tartibida turishi va ularga javob izlanishi kerakdir?
Mavzuga oid
20:17 / 05.11.2024
Ma’rifiy faoliyat bilan ruxsatsiz shug‘ullanganlik uchun javobgarlik belgilandi
17:18 / 05.11.2024
Raqobat kuchli: Xitoydagi ta’lim tizimi yoshlar orasida ruhiy tushkunlikka sabab bo‘lmoqda
16:29 / 21.10.2024
Kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladi
18:35 / 03.10.2024